Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:12

O‘shlik yarador millatdosh Krasnoyarskka uchdi


O‘sh qirg‘ini chog‘ida o‘qotar quroldan yarador bo‘lgan kishilarning aniq hisobini hech kim bilmaydi.
O‘sh qirg‘ini chog‘ida o‘qotar quroldan yarador bo‘lgan kishilarning aniq hisobini hech kim bilmaydi.

25 noyabr kuni shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan o‘shlik o‘zbek yigitlaridan biri Rossiyaning Krasnoyarsk shahridagi shifoxonaga tibbiy amaliyot o‘tkazilishi uchun jo‘natildi. Bu yigitga uchoq chiptasi Ozodlik radiosi tinglovchilari tomonidan jo‘natilgan ehson hisobiga sotib olindi.


Ozodlik radiosi tinglovchilari tomonidan O‘shga yuborilgan ehsonlarni tarqatish bilan shug‘ullanayotgan tashabbus guruhi a‘zosi Hafiza Mahmudovaning aytishicha, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan o‘shliklardan biri Rossiyaning Krasnoyarsk shahriga jo‘natildi. O‘sh qirg‘ini kunlari oyog‘idan o‘q yegan bu yigitni O‘sh aeroportiga BMT va Qizil xoch tashkiloti vakillari kuzatib bordilar.

- O‘zga yurtlardagi millatdoshlarimizdan kelgan ehson hisobiga iyun voqealarida jabr ko‘rgan yana bir yigitimizga uchoq chiptasi sotib oldik va uni hozirgina Krasnoyarskka kuzattik. Uni aeroportgacha BMT va Qizil xoch tashkiloti vakillari yordamida kuzatib bordik. Uning oyog‘i gangrena bo‘lib ketgan, shoshilinch ravishda operatsiya qilish kerak. Shuning uchun uni Rossiyaga jo‘natishga to‘g‘ri keldi. Krasnoyarskda uni millatdoshlarimiz kutib olishadi, kasalxonaga joylashtirishadi. Biz ular bilan telefon orqali bog‘langanimizda, millatdoshlarimiz qo‘llaridan kelgan yordamni ko‘rsatishlarini bildirdilar, - dedi Hafiza Mahmudova.

Suhbatdoshimizning aytishicha, Ozodlik tinglovchilaridan kelgan yordam puli hisobidan bemor yigitga 400 dollarga uchoq chiptasi sotib olingan. Bu yigitni davolanishi uchun esa mablag‘ni Krasnoyarskdagi millatdoshlarimiz va bemorning yaqinlari yig‘ib beradigan bo‘lishgan.

Hafiza Mahmudova Ozodlik tinglovchilari jo‘natgan ehson hisobidan O‘shdagi 50 oilaga yordam berilganini aytdi. Unga ko‘ra, ayni paytda O‘shda shoshilinch va malakali tibbiy yordamga muhtoj o‘nlab odamlar bor.

- Hozirgi kunda 50 oilaga yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, bugungi kunda yana 15 ta odam shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj. Ularni ham Rossiyaga davolanish uchun jo‘natish kerak, - deydi Hafiza Mahmudova.

Bundan avval tashabbus guruhi vakili Salima opa 19 noyabr kuni Ozodlik radiosiga hisob berar ekan, tinglovchilarimizdan o‘shliklar hisobiga 3600 dollar mablag‘ kelgani va bu mablag‘ 42 oilaga bo‘lib berilgani haqida gapirgan edi.

O‘shlik huquq himoyachisi Izzatullo Rahmatullayev ham O‘shga Ozodlik tinglovchilari yuborayotgan ehsonni tarqatishga ko‘maklashayotgan tashabbus guruhi a‘zolaridan biri. Uning aytishicha, shu kunlarda o‘zga yurtlardagi millatdoshlarimiz tomonidan o‘shliklarga deyarli yordam puli kelmay qo‘ydi. Holbuki, shoshilinch yordamga muhtoj millatdoshlarimiz soni hali ham ko‘p.

Izzatullo Rahmatullayevning aytishicha, o‘shliklarga ehson sifatida jo‘natilayotgan har bir tiyin jamoatchilikning qattiq nazorati ostida. Shuning uchun ham o‘zga yurtdagi millatdoshlarimiz o‘zlari jo‘natayotgan ehson aynan mana shu yordamga muhtoj odamlar uchun sarflanayotganidan shubhalanmasa ham bo‘ladilar.

- Qancha pul qayerdan keldi va kimga berildi - bu haqda moliyaviy hujjatlarimiz bor. Har bitta yordam ko‘rsatilgan odamning uchoq bileti kserokopiya qilinayapti, yordam berilgan shaxslar tilxat yozib berishayapti. Shu kungacha o‘zga yurtlardagi ellikka yaqin millatdoshimiz O‘shga ehson jo‘natdi. Bu ehson og‘ir kasallargagina berildi. “Och qoldim, yalong‘och qoldim” deganlarga ehson miqdori oz bo‘lgani uchun yordam bera olmayapmiz, -deydi Izzattulo Rahmatullayev.

Huquq himoyachisining aytishicha, ayni paytda O‘shdagi kasalxonalar o‘z maromida ishlayapti. Biroq iyun voqealarida o‘qotar qurollardan yaralangan o‘shlik o‘zbeklarning aksariyati kasalxonalarga murojaat qilishdan cho‘chimoqda.

- Buning sababi shundaki, to‘polon kunlari kasalxonalarga olib kelinganlarga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lingan. Ikkinchidan, o‘qotar quroldan yaralangan odam kasalxonaga kelsa, bu haqda militsiyaga xabar qilinadi. Undan keyin militsionerlar uni sarson qilishadi. Ko‘pchilik shundan qo‘rqib, kasalxonaga bormayapti.

Shu o‘rinda aytish kerak, hukumat iyun voqelarida jabrlanganlar uchun kasalxona va poliklinikalarda dori-darmonlarni bepul berilishini yo‘lga qo‘ygan. Shunga qaramay, odamlar shifokorlarga murojaat qilishdan ko‘rqishayapti, - deydi Izzatullo Rahmatullayev.

O‘sh qirg‘inida jabrlangan millatdoshlarimizga yordam ko‘rsatmoqchi bo‘lgan insonlar o‘z hayriyalarini quyidagi hisob raqamiga jo‘natishlari mumkin:

DEMIR Kyrgyz international Bank

IZZATILLA RAKHMATILLAEV 62561
KGS Acc : 1180000027957832
USD Acc : 1180000027957630
BIC:118002. SWIFT:DEMIKG22


Izzatulla Rahmatullayev bilan bog‘lanmoqchi bo‘lgan millatdoshlar uchun huquq faolining telefon raqami: +996 772 666 263¸ elektron pochta manzili esa: zakon_poryadok@inbox.ru

Jabrdiydalarga og‘ir kunda yordam qo‘lini cho‘zganlardan Olloh rozi bo‘lsin!
XS
SM
MD
LG