Линклар

Masjidga yo‘l - haqini kim to‘laydi?


Moskvadagi Jome‘ masjidida o‘qiladigan hayit namozlariga 100 mingga yaqin musulmon keladi.

Moskvadagi Jome‘ masjidida o‘qiladigan hayit namozlariga 100 mingga yaqin musulmon keladi.

Moskvaning “Prospekt mira” metro stansiyasida ishlayotgan nazorat xodimlari uchun eng og‘ir kunlar musulmonlarning Ramazon va Qurbon hayitlari ekan. Stansiya xodimlarining Ozodlikka aytishicha, keyingi yillarda muhojir musulmonlar guras-guras jamoat namoziga keladigan juma kunlari ham ayni shunday og‘ir kunlar qatoriga qo‘shilgan.

Sankt-Peterburg shahrida "Gorkovskaya" metro bekatida olingan bu videorolikni allaqachon yuz minglab odam tomosha qildi.


(Aftidan¸ budkasida o‘tirgan nazoratchi suratga olgan bu videotasvir 16 noyabr kuni Youtube.com saytiga qo‘yildi. Ozodlik uning aniq joyi va vaqtini tasdiqlay olmaydi)

Nafaqat Rossiyaning “madaniy poytaxti” Piter, balki Moskvada ham odat tusiga kirib¸ so‘nggi yillarda doimiy takrorlanadigan bu hodisa aks etgan mazkur videotasvir joriy yilning Qurbon Hayiti kuni - 2010 yilning 16 noyabrida suratga olingan.

Masjiddan chiqqan olomondan qo‘rqib¸ o‘z budkalariga kirib olgan peterburglik militsiya xodimlaridan farqli, Moskva militsiyasi rahbariyati hayit kunlari “Prospekt mira” metro bekatidagi jamoat tartibini nazorat qilish ishiga yuzlab OMONchilarni tashladi.

”Hayit namozidan qaytayotganlarning aksariyati metroga bilet olishdan ko‘ra yopirilib kelib turniketlardan sakrab o‘tishni afzal biladi. Bizda ularni to‘xtatmaslikka¸ hatto buyruq ham bor”, deydi Moskva Jome‘ masjidi yonida joylashgan metro bekati nazoratchilaridan biri Svyetlana Sheyenkova.

- Bugun juma¸ masjid kuni. Ular soat 2 lardan 3:30 largacha keladi. Bilasizmi, biz ularni qo‘rqib kutib o‘tiramiz. Bu oqimdan qo‘rqmasdan iloj ham yo‘q: sizni hatto tepkilab, urib-surib ketishlari mumkin! O‘tgan yili men osiyolik biletsiz o‘tayotgan bir yigitni to‘xtatmoqchi bo‘lgan edim. U meni shunday turtib ketdiki, hozirgacha yiqilib urib olgan joyim og‘riyapti. Ularni hatto militsiya xodimlari to‘xtata olmaydi! Oxirgi paytlarda faqat OMONchilarni jalb qilib biroz tartib o‘rnatishga urindik, deydi metro nazoratchisi Svyetlana Sheyenkova.

Metro nazoratchisi bilan suhbatlashib turgan chog‘imizda turniketdan sakrab o‘tib ketayotgan yigitga ko‘zim tushdi. Podmoskov‘ening Aprelevka shaharchasidan do‘stini ko‘rgani kelgan qirg‘izistonlik bu yigit avvaliga kassani ko‘rsatib¸ navbatda turgim kelmadi¸ deya bahona qilmoqchi bo‘ldi. Ammo ”Kassada hech kim yo‘q-ku!” degan ajablanishimizdan so‘ng:

- Aqcha bo‘lsa o‘tavyerardim. Aqchaning yo‘qligidan. Agar to‘xtatib qolsa kassaga turib olaman, majbur. Kuniga shunday qilib 7-8 marotaba metrodan o‘taman, deya “quyon” bo‘ldi.

Bu yigitning iqroriga ko‘ra, o‘zi va hamrohlari Rossiyadagi elektr poyezdlari va avtobuslarda ham pul to‘lamay¸ chipta olmay yurishning hadisini obdon olishgan.

Metro nazoratchisi aytgan kabi¸ soat ikkilar atrofida masjiddan chiqayotgan “quyonlar” yoki metro nazoratchilari ta‘biri bilan aytganda, “kengurular” soni ko‘payishni boshladi. O‘z ismini oshkora qilishni istamagan o‘zbekistonlik yigitlar juma namozidan qaytayotganlarini e‘tirof qildilar.

”Yigitlar, toat-ibodat nima bo‘ldiyu tartibni buzib biletsiz o‘tishlaring nima bo‘ldi?” deya tashlagan luqmamizga javoban:

- Inshalloh, mana shu yerga bermasdan biror bir muhtojlarga berilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb hisoblayman. Shu 27-28 so‘mni bularga bermasdan, muhtojlar hozir rosa ko‘pda, shularga bergan ma‘qul. Inshalloh, muhtojlarga beramiz. Mahalliy o‘rislar ham sakraydi-da¸ dedi ulardan biri.

Suhbatga tortilgan yigitlardan yana biri O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelganlarning aksariyati oilasi bilan haminqadar yashashi va har bir so‘mni tejashga harakat qilishidan gapirdi. “Lekin sakrayotgan “quyonlarning asosiy qismi yoshlar-ku…”, deya bildirgan e‘tirozimiz eshitgan bu yigitlar uzr so‘rab xayrlashib qoldi.

Sakrab o‘tayotgan qoramag‘iz yigitlar orasida kassaga turib bilet olib o‘tayotgan do‘ppili yigitning ismi Ravshanbek ekan. ”Quën ëxud kenguru”lar podasidan ajrab qolgan bu yigitni suhbatga tortdik

- Stroykalardan keladi bu yerga o‘qigani, ular pul olmagan paytlari bo‘ladi. Kimningdir cho‘ntagida bor, kimnigdir cho‘ntagida yo‘q hozir...To‘g‘ri, puli borlar ham o‘tadi. U o‘ziga qiladi. Pulim yo‘qligida man ham o‘tganman, o‘tmaganman demayman. Pulim borligi paytimda ham o‘tgan bo‘lishim mumkin.

Ozodlik: Agar shu yigitlarga ko‘p pul to‘lasa biletsiz o‘tmaydi, deb o‘ylaysizmi?

- O‘tadi hammasi. Pulni yaxshi ko‘rmaydigan odamni ko‘rganmisiz?! Lekin birovning haqini yeyishdan qo‘rqish kerak! dedi Ravshanbek.

So‘nggi paytlarda mehnat muhojirlarining Rossiya poytaxtidagi yurish turishi aksar ruslarning e‘tiroz va noroziligini kuchaytirmoqda. ”Ikki millionlik muhojirlar armiyasi Moskvadagi jamoatchilik transporti vaziyatini yanada og‘irlashtirishga sabab bo‘lmoqda”, deydi “AvtoIzvyestiya” gazetasi bosh muharriri Dmitriy Semenov. Unga ko‘ra, ayrim muhojirlar moskvaliklar orasida “jihod-taksi” deb nomlangan eski “jiguli” avtomobillarida shahar ko‘chalarida poyga uyushtirsa, qolganlari metroda biletsiz yuradi.

- Migrantlarning uchdan ikki qismi jamoatchilik transportida pul to‘lamasdan yuradi, jumladan metroda ham.Ular turniketlardan sakrab o‘tishni afzal, deb biladi. Bu holat nafaqat shahar transport infratuzilmasiga jiddiy og‘irlik yuklaydi, balki moliyaviy jihatdan katta ziyon keltiradi, deydi “AvtoIzvyestiya” gazetasi bosh muharriri Dmitriy Semënov.

Muhojirlar¸ xususan musulmon migrantlarning jamoatchilik transportidagi noqonuniy hatti-harakatlari mahalliylarning muhojirlarni “madaniyatsizlik”, “beodoblik”, “tartibsizlik” va “hurmatsizlik” ayblashiga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

“Musulmonlarning bunday hatti-harakatiga Islom hukmii qanday?”, deya murojaat qildik musulmonlar bayramlari¸ qolavyersa har juma kuni qaytalanaëtgan manzara asosida Rossiyaning Osiyo qismi musulmonlari idorasi raisi va Rossiya Muftiylar kengashi raisdoshi Nafig‘ulla Ashirovga.

- Nafaqat Islom, oddiy odam madaniyati nuqtai nazaridan, hatto yovvoyi qabilalarda ham o‘g‘rilik qoralangan va qoralanadi. Har qanday jamiyatda shunday! Buni aniqlash uchun Islom qoidalaridan iqtibos keltirishning hojati ham yo‘q. Lekin metrolarda yoshlarning turniketlardan sakrab o‘tishini¸ aynan Islom bayramlari bilan bog‘layotgan ommaviy axborot vositalari nohaqdir, chunki negadir 1 may yoki futbol fanatlarining ko‘chalarga chiqib dod-voy solishiga birov indamaydi, bayram kunlari namozga yig‘ilganlar bilan bog‘liq har qanday vaziyatni esa Islomga taqash odatiy tus oldi. Metrodagi vaziyat esa hozirgi yoshlarga xos “madaniyat” va Islomga uning mutlaqo aloqasi yo‘q¸ deydi Rossiya Muftiylar kengashi raisdoshi Nafig‘ulla Ashirov.

Umumrossiya Ijtimoiy fikr markazi (VSIOM) tomonidan joriy yilning iyun oyida o‘tkazgan so‘rov xulosasiga ko‘ra, moskvaliklarning 68 foizi¸ sankt-peterburgliklarning esa 75 foizi muhojirlarga nisbatan salbiy munosabatdadir. So‘nggi ikki yil davomida mehnat muhojirlariga nisbatan fikri ijobiy bo‘lgan rossiyaliklar soni 21 foizdan 15 foizga qisqargan.
XS
SM
MD
LG