Линклар

26 noyabr kuni O‘shda yana odam kaltaklandi


Qirg‘inda uyi kuygan o‘shliklar titul millat vakillari tomonidan kaltaklanmoqda.

Qirg‘inda uyi kuygan o‘shliklar titul millat vakillari tomonidan kaltaklanmoqda.

O‘shlik Tolibjon aka betob bo‘lib qolgani bois, turmush o‘rtog‘i bilan poliklinikaga borgan edi. Shifokor ko‘rigidan chiqqanidan so‘ngTolibjon aka O‘sh shahridagi 2-poliklinika oldida kaltaklandi. Uning kaltaklanishiga asosiy sabab o‘zbekligi va avtomashinasini mashinalar turar joyiga qo‘ygani bo‘ldi.

O‘shda dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan va o‘zini Tolibjon deya tanishtirgan suhbatdoshimiz turmush o‘rtog‘i bilan 26 noyabr, juma kuni betobligi bois poliklinikaga borgan.

- 2-poliklinikaga xotinim bilan borgan edim.Do‘xtirga ko‘rinib chiqib kelayotsam, “moshinani nega qo‘yding? Nima xaqqing bor?” deb (o‘zi stoyanka atrofi), chiqib kelayotganimda “Nimaga menga halaqit berayapsan? ” deb, o‘zidan o‘zi mashinadan tushib, qirg‘iz bola urdi. Atrofida yana bir-ikkitasi bor ekan.Ular ham kelib qo‘shilishib urishdi. Shu kaltakni yeb, indamasdan kelavyerdim,- deydi o‘shlik Tolibjon aka.

Tolibjon akaga hujum qilganlar uning yuziga urishmagan, ammo tepkilashgan.

Shikastlangan o‘shlik Tolibjon aka na militsiyaga xabar bergan, na tibbiy ekspertizadan o‘tgan.

- Xech narsa qilmadim. Bo‘pti, xayot shu ekan-da, deb qolavyerdim, - deydi adolat borligiga ishonmaydigan Tolibjon aka.

Poliklinikaga eri bilan birga borgan ayoli Farida opa Tolibjon akani himoya qilishga harakat qilgan. Biroq hujum qilganlar ayolni chetga itarib qo‘yib, uning ko‘z oldida erini tepkilagan.

O‘shlik huquq faoli Izzatillo Rahmatilloyevga ko‘ra, yuqoridagi voqea bugun O‘shda sodir bo‘lib turgan o‘nlab kaltaklashlardan biri, xolos..

-Avvalgi iyun-avgust oyiga qaraganda, ancha pasaydi kaltaklashlar. Shunga qaramasdan jamiyat millatchilik bilan shu darajada zararlangan. Ilgari “bыtovoy konflikt” derdik, hozir shu millatlararoga aylanib ketib qolayapti. Tolerant tarbiya yetmayapti.Hozirgi kunda davlat organlari bunga e‘tibor qaratmayapti.Birorta qirg‘iz bilan o‘zbek mojaroga boradigan bo‘lsa, albatta ular bir tomonlama qaror qabul qilayapti. Militsiyaga borsa, “otangga bor, onangga bor”.Birinchidan, arizalarni qabul qilishi juda qiyin. Ikkinchidan, arizani qabul qiladigan bo‘lsa, e‘tibor berilmaydi, o‘sha bo‘yicha tashlab qo‘yiladi,-deydi o‘shlik huquq faoli Izzatillo Rahmatilloyev.

Uning fikricha, O‘shda o‘zbeklarning kaltaklanishini to‘xtatish uchun vaqt va davlat tomonidan tuzilgan maxsus dastur kerak.

- Birinchi navbatda vaqt kerak.Ikkinchidan, millatlararo hamjihatlikni mustahkamlaydigan davlat programmasi kerak. Bizda esa buning o‘rniga ommaviy axborot vositalari voqealarni bir tomonlama yoritib, o‘qini o‘ldirayapti, ikkinchi tomonni kamsitayapti, - deya fikr bildirdi Izzatillo Rahmatilloyev.

O‘shda o‘zbeklarning aksariyati, kasalxona yoki poliklinikaga chiqqan paytida kaltaklanmoqda. Ayollar erlari bilan birga borishga harakat qilishsa-da, bunday himoya kor qilmayapti. O‘sh qirg‘inidan buyon, O‘shda o‘zbeklar tomonidan kaltaklanayotgan qirg‘izlar haqida ma‘lumot yo‘q.
XS
SM
MD
LG