Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:37

O‘zbek fohishasi iqrori: Oilamni boqayotganimdan baxtiyorman!


Erkin mikrofon: O‘zbek qizlarining xorijliklarga erga tegib ketayotgani haqidagi "Qurultoy" dasturini eshitib¸ unga munosabat bildirish uchun sim qoqqan Ra‘no ismli juvon¸ O‘zbekistondagi turmush zarbidan Xitoyga kelib fohishalik qilayotgan o‘zbek qizlari ko‘pligini aytadi.



Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilgan asli toshkentlik va ayni paytda Xitoyda yashayotgan 28 yoshli Ra‘noxon "Qurultoy" eshittirishida ko‘tarilgan chet elga kelin bo‘layotgan o‘zbek qizlari haqidagi mavzuga o‘z munosabatini bildiradi.

- Men o‘zi asli Toshkentdanman. Hozir Xitoydaman. "Qurultoy"da o‘zbek qizlarining chet elga turmushga chiqqanlarini eshitib, unga o‘zbek yigitlarining qarshiligini eshitib juda xafa bo‘ldim. Men o‘zim O‘zbekistonda o‘zbek yigitiga turmushga chiqqanman. Turmushimdan ajrab, ikki-uch yildan beri chet elda ishlayman. To‘g‘risi¸ men qilayotgan ishimni aytishga uyalaman.

Ozodlik: Nima ish qilasiz¸ sir bo‘lmasa?

- Endi ..... to‘g‘risi bizlarning o‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmaydi men qilayotgan ishim.

Ozodlik: Nima ish qilishingizni ayta olmaysizmi?

- To‘g‘risi fohishalik qilaman. Bu yerda o‘zbek qizlari juda ko‘p. Men o‘zim shu ishni qilayapman. Hech kim shu narsaga xohishi bilan yoki havas qilib kelmagan. Men o‘zim turmushga chiqdim. Turmushim bo‘lmasdan bitta farzandimni hech kimdan kam qilmasdan boqish uchun mana shu yurtlarga keldim¸ to‘g‘risi. Bu yerda qizlar ko‘p. Eshitib xafa bo‘ldim. Undan ko‘ra chet ellikka erga tegib bittasi bilan yashagani yaxshi.

Ozodlik: Ra‘noxon, necha yildan beri shu ish bilan shug‘ullanasiz?

- Ikki yildan beri. Majburlikdan. Chunki men turmushimdan ajraldim. Otam yo‘q edi. Onam bilan ajrashib ketgan. Onam o‘zi obshejitiyeda yashardi. Meni uzatishgan. Mendan keyin singlim, ikkita ukam bor edi. Majburlikdan uy kerak, joy kerak. Mana o‘zim ko‘rdimda hayotda.

Ozodlik: Bundan boshqa biror ish topa olmadingizmi?

- Men o‘zim buxgalteriyani bitirganman. Buxgalteriya bo‘yicha uch yil ishlaganman. Lekin men hozir O‘zbekistonga borib ishlayman desam, uyim yo‘q. Men bu yerga olti oylik bolamni tashlab kelganman. Fohisha bo‘lib yurgan o‘zbek qizlari juda ko‘p.

Ozodlik: Xitoyning siz yashayotgan hududida¸ taxminan¸ necha o‘zbek qizi fohishalik bilan shug‘ullanadi?

- Taxminan 100taga yetadiyu, man o‘zim tanib gaplashadiganlar 50tacha qizni taniyman. Balki 100tadan ham ko‘pdir. O‘zimning o‘rtoqlarim, dugonalarim juda ko‘p. Shu ishni qilib yuribdi. Men hech qaysinisini qoralamayman. Hammasi bilan o‘tirib gaplashamiz. Kimnidir o‘zining o‘gay otasi buzib qo‘ygan. Mana shundan keyin majbur bo‘lib uydan chiqib ketgan. “To‘q sharoitdan chiqqan qiz bormi” deb o‘zim bir qiziqdim. Men ham bunaqa narsalarni havas qilmaganman. Men qiz bola bo‘lgan paytimda yigit bilan qizning o‘pishayotganini ko‘rsam, shuning o‘zi men uchun uyat edi. Shu sharoitga kirdim. O‘shandan keyin bildimki, hech kim bu narsaga xohishi bilan yoki havas bilan kirmas ekan. Hamma majburlikdan kirganini ko‘rdim.

Ozodlik: Siz qilayotgan ishingiz bilan o‘zingizni oqlaysizmi?

- To‘g‘ri uyimdagilar mening shu ishni qilayotganimni bilmaydi, lekin men shu ishni qilib uyimdagilarga uy olib berdim. Singlimni uzatdim shu ish orqali. O‘zimni oqlamasam ham, bilaman bu qilayotgan ishim katta gunohdir, men u dunyoda javobini berarman. To‘g‘risi bu ish oson emas. Har kuni har xil erkak bilan bo‘lgandan bitta o‘zingizning jufti-halolingiz bilan yashash hamma uchun orzu-havas. Lekin men o‘zimning ukalarimni, bolamni, singlimni ko‘rib, men o‘shalarning orqasidan baxtliman deb nima qilaman. Dunyoga yana qaytib kelsam, yana shu yo‘l bilan ketardim¸ deb o‘zimga aytayotuvdim.

Ozodlik: Siz “qayta hayotga kelsam, yana shu ish bilan shug‘ullanarman” dedingiz. Pul topishning boshqacha yo‘llari ham borku.

- Men ishlamaganman demayapman. Men ham ishladimku. Shu hayotga kirgunimcha hamma sharoitni ko‘rdim. Majbur bo‘lib shu yerga keldim.

Ozodlik: Hozir necha yoshdasiz?

- 28.

Ozodlik: Yana necha yil shu ish bilan shug‘ullanmoqchisiz?

- Xudo xohlasa yanagi yil ukamni uylantirsam, shu ishni yig‘ishtirib O‘zbekistonga qaytib ketish niyatim bor¸ deydi shu kunda Xitoyda fohishalik qilayotganini aytayotgan Ra‘noxon.

*********

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 602 612 713 va +420 773 267 230 raqamiga yo‘llang.

“Erkin mikrofon” sizga muntazir!

“Erkin mikrofon” rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas‘ul emas!
XS
SM
MD
LG