Линклар

Klinton Wikileaks harakatini "hujum"ga qiyosladi


AQSh diplomatlari Vashingtonga yuborgan yashirin telegrammalarda jahon yetakchilarini kamsituvchi fikrlar bor.

AQSh diplomatlari Vashingtonga yuborgan yashirin telegrammalarda jahon yetakchilarini kamsituvchi fikrlar bor.

AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton WikiLeaks saytida diplomatik yozishmalarning e‘lon qilinishini “xalqaro hamjamiyatga qarshi hujum”, deya atadi.

Klinton xonimga ko‘ra, AQSh hujjatlarning e‘lon qilinishidan “chuqur taassufda” hamda bu xalqaro xavfsizlik va xorijdagi hamkorlar bilan ittifoq tuzishga oid vazifalarni bajarishni qiyinlashtiradi.

- Qo‘shma Shtatlar maxfiy hujjatlarning noqonuniy tarzda e‘lon qilinishini qattiq qoralaydi. Bu odamlarning hayotlarini xavf ostiga qo‘yadi, milliy xavfsizligimizga tahdid soladi va boshqa mamlakatlar bilan umumiy muammolarni hal qilish urinishlarimizga putur yetkazadi, dedi Hillari Klinton.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbs prezident ma‘muriyati WikiLeaks saytining maxfiy hujjatlarni e‘lon qilishiga qarshi chora ko‘rish yo‘llarini ishlab chiqayotgani va bu hujjatlar qanday qilib oshkor bo‘lgani yuzasidan tergov boshlanganini bayon qildi.

Maxfiy hujjatlarni e‘lon qilish bilan shug‘ullanadigan WikiLeaks Internet sayti dushanba kuni AQSh diplomatiyasiga doir 250 mingga yaqin yozishmani e‘lon qila boshladi. Ular orasida Arab yetakchilarining Tehron yadroviy dasturini yo‘q qilish uchun AQShdan Eronga hujum qilishni so‘ragani, Pokistonning yadroviy materiallari xavfsizligi shubha ostiga olingani haqidagi yozishmalar bor.

AQSh diplomatlari Vashingtonga yuborgan yashirin telegrammalarda jahon yetakchilari, jumladan, Afg‘oniston Prezidenti Hamid Karzay, Germaniya Kansleri Angela Merkel, Italiya Bosh vaziri Silvio Berluskoni va boshqalar haqidagi kamsituvchi fikrlar bor.

AQSh ittifoqchilari ham maxfiy hujjatlarning e‘lon qilinishini qoralab, mazkur holat Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlarga putur yetkazmasligini bayon qildilar.

Wikileaks bosqichma-bosqich e‘lon qilishini ma‘lum qilgan hujjatlarning barchasi New York Times va Yevropaning to‘rtta nashriga havola qilindi.
XS
SM
MD
LG