Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:06

O‘zbekistonda yangi yonilg‘i kashf etildi?!


Bu xabarni o‘zingiz tanigan yana 100 odamga yubormasangiz, boshingizga kulfat tushib, eng dahshatlisi - mashinangiz buzilib qolishi mumkin.

“O‘zbekistonda ekologik xavfsiz dizel yonilg‘isi - solyarka - kashf etildi."

12.uz axborot portaliga bu haqda xabar bergan O‘zbekiston Davlat patent idorasiga ko‘ra, bu yonilg‘ini ham sovuqda, ham issiqda ishlatish mumkin. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mutaxassislari yangi solyarkani neft va gaz kondensati qorishmasidan tayyorlashdi.

Yangi ixtirolar to‘g‘risidagi so‘nggi xabarlarga qaraganda, O‘zbekiston Davlat patent idorasi ketmon sopining yangi turiga ham patent berishi mumkin.

Demak, “Omadli jentlmenlar” kinosidagi Vasiliy Alibabayevich o‘zi ixtiro qilgan bioyonilg‘iga shu kunda patent so‘raganda edi, unga ham bervorgan bo‘lishardi patentni (Vasiliy Alibabayevich tuya siydigini benzinga qorishtirib sotgani uchun qamoqda jazo muddatini o‘tagandi)

O‘zbek “kimyogarlari” ham umuman olganda to‘g‘ri yo‘nalishda fikrlay boshladilar

O‘zbekistonda nihoyat anglab yetdilar-ki, mamlakatdagi yonilg‘i taqchilligining asosiy sababi yonilg‘ining o‘zidir.

Neftni qayta ishlashni to‘xtatib, uni ishsiz o‘tirgan muhandis-ixtirochilarga berib yangi ekologik toza yonilg‘i kashf etilishini zudlik bilan rag‘batlantirish kerak.

Bundan tashqari zamonaviy transport vositalarining eng asosiy kamchiligi ularning 200 yil avval kashf etilgan ichki yonuv dvigateli ekani ham sir emas.

Uzoqni ko‘radigan O‘zbekiston rahbariyati butun dunyo muqarrar yuzlashadigan ekologiya hamda yonilg‘i taqchilligi muammosini hozirdanoq sun‘iy ravishda yaratib bo‘lgan. Zapravkalarda benzin yo‘q. Bu O‘zbekiston hududida boshlab yuborilgan ijtimoiy-iqtisodiy tajribadir.

Bu tajriba natijasini esa hozirdanoq bashorat qilish mumkin. Bir kun kelib O‘zbekiston ko‘chalari atrof-muhitni mutlaqo zaharlamaydigan mashinalarga to‘lib ketadi. Kelajakda yonilg‘i quyish shahobchalariga ham ehtiyoj qolmaydi. Chunki olimlar ekologik xavsiz yonilg‘ini yanada xavfsizroq qilish ustidagi ishlarini to‘xtatmaydilar.

O‘shanda birgina muammo qoladi. U ham bo‘lsa, avtoulovlarga qo‘shilgan eshak, ot va ho‘kizlarning juda tez charchab qolishidir.
XS
SM
MD
LG