Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:30

Qani, bir qarsaklar bo‘lsin!


Prezident I. Karimovning 2011-yilni O‘zbekistonda "Kichik biznes va tadbirkorlik" yili, deb e‘lon qilish taklifi olqishlar bilan kutib olindi.
Prezident I. Karimovning 2011-yilni O‘zbekistonda "Kichik biznes va tadbirkorlik" yili, deb e‘lon qilish taklifi olqishlar bilan kutib olindi.
Sarvar Usmon

Uraaa! 2011-yil O‘zbekistonda "Kichik biznes va tadbirkorlik" yili, deb e‘lon qilindi. Bu xabar ketidan savol paydo bo‘ldi: kichik biznes tadbirkorlik emasmi?! Hamkasblardan so‘radim. Osongina yelka qisib qo‘ya qolishdi.


Quloqlarida quloqchin, barmoqlari bilan klaviaturaga zarba ketidan zarba berib o‘tirishibdi, hammasi maqolasi bilan band.

Lug‘at titdim. "Ikkalasiyam bir narsa", degan mantiq chiqarib berdi "Izohli lug‘at".

Unda nima uchun bunday atashdi?

Lug‘atning tili yo‘q: javob bermadi.

Mantiqni boshqa yillar nomlaridan izladim.

Mustaqillikning dastlabki yillari Alisher Navoiy yili (1991), Mirzo Ulug‘bek yili (1994), Amir Temur yili (1996) deb e‘lon qilingan ediki, bu yillar nomidan mantiq izlashga hojat ham yo‘q: ulug‘larimiz yubileylari edi, shuning uchun yillarning "qulog‘iga" ularning ismlarini aytib "azon chaqirish" tabiiy ko‘ringandi.

Faqat ulug‘larimiz o‘sha Uch Ulug‘ bilan tugab qoldimi, yubileyi to‘g‘ri kelib qolgan boshqa Ulug‘imiz yo‘qmi, degan savollar paydo bo‘ldiki, ularga javob uchun alohida kitob titarman.

Amir Temur yilidan keyingi yil "Inson huquqlari yili", deb e‘lon qilindi. To‘g‘ri, ba‘zi manbalar 1997-yilni "Inson huquqlari manfaati yili", deb atalgan deb xabar qilayapti, lekin biz bu nomdagi mantiqsizlikka e‘tibor bermadik.

Muhimi, o‘sha yili inson huquqlari masalasi hal bo‘ldi. Uzzzil-kesil!

1998-yildan boshlab keyingi yil nomi avvalgisining nomini mantiqan to‘ldirib bordi.

1998 – Oila yili;

1999 – Xotin-qizlar yili (Oilada bo‘ladimi xotin-qiz?)

2000 – Sog‘lom avlod yili (Avlod oiladagi xotinning bolasimi?)

2001 – Onalar va bolalar yili (Onalar va bolalar oilada bo‘ladimi?)

2002 – Mahalla yili (Mahallada bo‘ladimi oila, xotin-qiz, avlod, onalar va bolalar?)

2003 – Keksalarni qadrlash yili (Keksalar ham oilada, kelinlari (xotin-qizlar) navaralari (avlod) bilan mahallada bo‘ladimi?)

Demak, 6 yil davomida o‘zbekka uning o‘zi ham biladigan qadriyatlar uqtirildi.

To‘g‘ri, ba‘zi og‘ziga kuchi yetmaganlar "odamlarni o‘z oilasi qobig‘idan, nari borsa mahallasidan burnini tashqariga chiqarmasin, siyosatga aralashmasin deyapti", deb hukumatni tanqid qildi.

Lekin o‘sha og‘ziga kuchi yetmaganlar bekorlarning beshtasini aytibdi. O‘zbek busiz ham hech qachon siyosatga aralashmagan, aralashmaydiyam!

"Chumchuq so‘ysayam qassob so‘ysin", deydi o‘zbek.

"Xayriya va mehr-muruvvat" tushunchalari ham bir-ikki yil davomida mamlakat aholisi ongiga singdirildi. (2004- va 2006-yillar)

Faqat 2006-yili nima uchun xomiylarni tibbiyot xodimlariga qo‘shib qo‘yishganini tushunmagan edim. Hanuz tushunmayman.

Balki, bu joyda mantiqni 2005-yildan izlash to‘g‘ri bo‘lar? Chunki o‘sha yil Salomatlik yili bo‘lgan edi.

Balki o‘sha yili xalqni sog‘lomlashtirish yakuniga yetmagan, shuning uchun tibbiyot xodimlari keyingi yilni xomiylar bilan baham ko‘rgandir?

Yillar nomiga qaralsa, hukumat yoshlarga katta e‘tibor berayotganini sezish qiyin emas: 2000 – Sog‘lom avlod, 2001- Onalar va bolalar, 2008 – Yoshlar, 2010 – Barkamol avlod yili bo‘ldi.

Faqat o‘zbekistonlik yoshlar bundan bexabarmi, 2000dayam, 2001, 2008, 2010dayam Rossiyalarda uloqib yurdi ish izlab.

O‘zbekistonda ijtimoiy himoya masalasiyam hal bo‘lgan. 2007- yildayoq.

Qishloqni esa, 2009-yili obodonlashtirib bo‘lishdi.

Mana endi, navbat Kichik biznes va tadbirkorlikka keldi.

Yillar nomlari onalarni hanuz mardikor bozordan, yoshlarni Rossiyadan qaytarolmagani, nogironlarni ba‘zi imtiyozlardan mahrum bo‘lishdan saqlab qololmaganini va hokazo, va hokazolarni nazarda tutsak, 2011-yili O‘zbekistonda kichik biznes va tadbirkorlik gurkirab rivojlanib ketarmikan, degan ishtiboh paydo bo‘ladi. Lekin gurkirab rivojlanayotgani to‘g‘risida ko‘p va xo‘b gap bo‘lishi aniq.

Gapim tugadiyu lekin baribir tushunmadim: Kichik biznes tadbirkorlik emasmi?!

Mantiq topmadim.

Umuman yillarni nomlashdan ham.

(Yil nomlarini eslashda biron joyda adashgan bo‘lsam, tahriringizni jon deb qabul qilaman)
XS
SM
MD
LG