Линклар

"O‘zbekkino" milliy agentligiga ko‘ra, O‘zbekistonda namoyish etilishi, ko‘paytirilishi va sotishga tavsiya etib bo‘lmaydigan deb topilgan filmlar ro‘yxati bu yil 744 taga yetgan. Vaholanki, besh yil avval bunday filmlar soni ikkitagina edi.

Mazkur ro‘yxat shu kunlarda “O‘zbekkino” milliy agentligining rasmiy saytida paydo bo‘ldi. Ro‘yxatda 744 ta film nomi aks etilgan. Ular orasida o‘zbekistonlik fotosuratchi va rejissyor Umida Ahmedova “Bokiralik yuki” hujjatli filmi ham bor. Film muallifi bunday tavsiya etilmaydigan filmlar ro‘yxatiga uning asari ham kiritilganidan ajablanmaganligini aytadi:

- Kinoni ko‘rmasdan turib, bitta so‘zini ko‘rib qolib, “ruxsat etilmasin” degan buyruqlar bo‘lgan-da. Mana, masalan, “Seks, loj i video”. U yerda seks degan narsani o‘zi yo‘q, masalan. U film jahon bo‘yicha mashhur Kann festivalida san‘at asari sifatida 1989 yilda gran-pri olgan. Man etgan odamlar ko‘rmagan ham, deb o‘ylayman. Qarab chiqsa, ro‘yxatdagi filmlarni hech kim ko‘rmagan bo‘lishi ham mumkin-da, dedi o‘zbekistonlik Umida Ahmedova.

Biz “O‘zbekkino” milliy agentligidan rasmiy ma‘lumot olishga bir necha kun urindik. Dastlab agentlik xodimlari maxsus bo‘limga, keyinchalik maxsus komissiyaga telefon qilish lozimligini aytishdi. Maxsus komissiya a‘zolari esa telefon go‘shagini ko‘tarmadi.

“O‘zbekkino” milliy agentligi e‘lon qilgan tavsiya etilmaydigan filmlar ro‘yxatida xorijiy filmlar bilan bir qatorda o‘zbek kinofilmlari ham bor.

Ro‘yxatdagi filmlar 2005 yildan boshlab har yili soni oshib boradi. Masalan, 2005 yilda 2 ta film, 2006 yilda 58 ta, 2007 yilda 110 ta, 2008 yilda 71 ta film "ko‘rishga tavsiya etilmagan". 2009 yilda esa ta‘qiqlangan filmlar ro‘yxati keskin (315 ta film) "semirgan". 2010 yilda esa "qora ro‘yxat"ni 188 ta film to‘ldirgan.

Ro‘yxatga pornografik filmlar, trillerlar, "Shrek" va "Madagaskar" multfilmlarining goblin tarjimasi kiritilgan.

“O‘zbekkino” agentligida bir necha yil oldin faoliyat yuritgan xodimga ko‘ra, 90-yillarda videoprokat uchun tavsiya etilgan filmlar broshyurasi chop etib kelingan. Bu broshyuralarda ta‘qiqlangan filmlar nomi keltirilmagan. Broshyuralar majburan videoprokatlarga sotilib kelingan bo‘lib, 2000 yillarda ularni chop etish to‘xtatilgan.

“O‘zbekkino” sobiq xodimi ovozini yozib olmaslik sharti bilan tavsiya etilmaydigan

filmlar ro‘yxati va uning kelib chiqilishi haqida gapirib berdi. Unga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari bozorlarda pornografik filmlarni topish reydidan tushgan disklar nomini “O‘zbekkino”ga taqdim etadi. O‘z navbatida, turli soha mutaxassislaridan iborat komissiya a‘zolari pornografik nomga ega filmlarni ko‘rmasdanoq ta‘qiq ro‘yxatiga kiritadi. Ba‘zan bu ro‘yxatga pornografik xarakterga ega bo‘lmagan filmlar ham tushib qoladi.

“O‘zbekkino” milliy agentligi e‘lon qilgan tavsiya etilmaydigan filmlar ro‘yxatida Checheniston urushiga oid hujjatli filmlar ham bor. Bundan tashqari, mazkur ro‘yxatga 1932 yilda suratga olingan birinchi triller janriga oid “Oq zombi” hujjatli filmi ham kiritilgan.

Shu bilan birga, ba‘zi filmlar bir necha bor ro‘yxatga kiritilganligi ham ma‘lum bo‘ldi.

Tavsiya etilmaydigan filmlar O‘zbekiston fuqarosining yonidan topilsa, huquq-tartibot idoralari tomonidan u olib qo‘yiladi va mazkur organlarning rasmiy ma‘lumotiga ko‘ra, yo‘q qilinadi. Bu harakat uchun fuqaro ma‘muriy javobgarlikka va xatto jinoiy javobgarlikka ham tortilishi mumkin.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG