Линклар

logo-print

O‘shda 16 yoshli kelinchak yo‘qoldi


O‘sh voqealaridan keyin o‘zbek ayollarini o‘g‘irlab ketib, zo‘rlaganlarning birortasi javobgarlikka tortilganicha yo‘q.

O‘sh voqealaridan keyin o‘zbek ayollarini o‘g‘irlab ketib, zo‘rlaganlarning birortasi javobgarlikka tortilganicha yo‘q.

O‘shda yana bir kelinchak bedarak yo‘qoldi. 9 dekabr kuni ertalab soat sakkiz yarimlar atrofida 16 yoshli kelinchak Iroda Zulunova o‘z uyi oldida bedarak yo‘qoldi. O‘sh qirg‘inidan keyin o‘zbek qiz-juvonlarining o‘g‘irlab ketilishi hollari tez-tez ro‘y bermoqda.

O‘shning Cheryomushki mavzesidagi xonadonlardan biriga to‘rt oy avval kelin bo‘lib tushgan 16 yoshli Iroda Zulunova 9 dekabr kuni ertalab o‘z uyi oldida bedarak yo‘qoldi.

Uning qaynonasi Xilola Toshmamatova Ozodlikka bo‘lgan voqeani gapirib berdi:

- Bolamning ishtoni kranning oldida turgan edi. Kelinim chelakka suvni qo‘ygan edi, ishton ko‘chaga oqib chiqib ketib qoldi. "Yuguring, olib keling, ko‘chaga chiqib ketib qoldi" desam, "bo‘pti", deb chiqib ketib, qaytib kelmagan edi, 10 minutlarda chiqsam, yo‘q. Erining oldiga kirib ketgandir desam, erini oldida yo‘q ekan. Qaytib chiqib, qo‘shnilardan so‘rasam “xozir devorni oldida turgan edi”, dedi. Ikkita taksist bola ko‘rgan ekan. Ulardan biri “men uyga kirib ketgan edim, ko‘rmay qoldim”, dedi. Yana biri esa “ko‘rib, qarab, o‘tib ketgan edim”, dedi. Uyga kirib, militsiya uchastkovoyga bordim. Uchastkovoy bilan ariza yozib, hammani oyoqqa turgizgan edik. Haligacha xabar yo‘q.

Ozodlik: Balki urushib qolgandir uydagilar bilan?

- Yo‘q, urushgani yo‘q. Kulib, supurgini ko‘tarib uyni supurgani kirgan edi. "Xop, bo‘pti oyijon", deb yugurib ko‘chaga chiqqan edi. Ikki minutda kirishi kerak edi-da, kirmadi.

Ozodlik: Ko‘changizda odam yo‘qolishi xavotiri bor edimi?

- Past mahallada yo‘qolayotgan edi. Kelinlarimizni eshik supurtirmayotgan edik. Sakkiz yarimda maktab bolalari maktabga o‘tayotgan edi. Shunga “chiqavyering” debman. Kelinim 16ga kirgan.

Ozodlik: Ism familiyasini aytsak bo‘ladimi?

- Ha, Zulunova Iroda. Birinchi kelinim, o‘g‘lim 17ga kirdi. Bir-birini yaxshi ko‘rib qolishgan edi. To‘yi urushdan keyin, avgustda bo‘lgan edi.

Ozodlik: Endi xozir nima bo‘layapti?

- Kecha kechki payt kelib turib, “agar uch kundan keyin topilmasa, o‘g‘lingni qamab qo‘yamiz”, deb ketdi tergovchi, deydi kelini yo‘qolgan Xilola opa.

Biz Xilola opadan ularning uyiga kelgan jinoyat qidiruv bo‘limi xodimining telefonini olib, qo‘ng‘iroq qildik. O‘z ismini aytmagan O‘sh shahar ichki ishlar bo‘limi xodimi shunday dedi:

- Biz hali topganimiz yo‘q. Biz hozir mazkur fakt bo‘yicha ish olib borayapmiz. U qizning o‘zi uydan ertalab chiqib ketganmi yo‘qmi, xozircha aniq ma‘lum emas. Bunday voqea haqida birinchi marta eshitayapman, dedi O‘sh shahar ichki ishlar bo‘limining jinoiy qidiruv bo‘limi xodimi.

"Siz haqiqattan ham yo‘qolgan kelinchak uch kunda topilmasa, uning erini olib chiqib ketamiz, deb aytganmisiz", degan savolimizga ichki ishlar xodimi “yo‘q” deb javob berdi va telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

O‘sh viloyat ichki ishlar boshqarmasining matbuot kotibi Zamir Sidiqov bilan bog‘lanish urinishlarimiz natija bermadi.

Qirg‘iziston prezidenti ma‘muriyatining matbuot kotibidan ham O‘shda o‘zbek qiz-juvonlarining o‘g‘irlanishi haqida prezident Roza O‘tunbayevaning xabari bor yoki yo‘qligini bila olmadik.

16 yoshli o‘shlik kelinchak Irodaxonning onasi shu paytga qadar qizidan darak yo‘qligi bois o‘zini qo‘yarga joy top olmayapti:

- Qizim biznikiga kelgani yo‘q.Telefon ham qilgani yo‘q. Hech bir dom-daraksiz yo‘q. Hamma yo‘qni istadik, kezib keldik. Lo‘li mahalla deydimi, tog‘ni, bog‘ni qidirib keldik. Hech qayerda daragi yo‘q. Tergovchi ham shu bo‘lgan voqeani yozib chiqib ketdi. Iltimos, yordam beringlar, o‘lib qolaman. Bugun yashagim kelmay qoldi, deya yig‘lab gapirdi bedarak ketgan Irodaxonning onasi.

O‘sh qirg‘inidan so‘ng o‘shlik o‘zbek qiz-juvonlarining o‘g‘irlab ketilib, kaltaklanishi hollari tez-tez ro‘y bermoqda.

30 oktabr kuni 18 yoshli 3 oylik kelinchak o‘g‘irlab ketilib, kaltaklangan holda topilgan edi.

14 noyabr kuni to‘rt bolaning onasi Dilnoza O‘ktamova o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlangan xolda to‘rt kundan so‘ng topilgan edi.

10 dekabr kechga qadar Iroda Zulunovaning daragi bo‘lmadi.

Bu voqeani Ozodlik kuzatib boradi.
XS
SM
MD
LG