Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:03

Tojikistonda yahudiylar ilk bor rasman Hanokani nishonladilar


Jahon yahudiylari shu kunlarda Hanoka bayramini nishonlamoqda.
Jahon yahudiylari shu kunlarda Hanoka bayramini nishonlamoqda.
Tojikistonda yashayotgan yuzlab yahudiylar sham yoqib, qadimiy bayramlari sanalmish Hanoka bayramini nishonlashdi. Yahudiylarning aytishicha, ularga ota-bobolaridan meros qolgan bu bayram eramizdan oldingi ikkinchi asrda paydo bo‘lgan ekan. Yahudiylarning Hanoka bayrami Tojikistonda ilk bor rasman

Tojikistonda yashayotgan yuzlab yahudiylar sham yoqib, qadimiy bayramlari sanalmish Hanoka bayramini nishonlashdi. Yahudiylarning aytishicha, ularga ota-bobolaridan meros qolgan bu bayram eramizdan oldingi ikkinchi asrda paydo bo‘lgan ekan. Yahudiylarning Hanoka bayrami Tojikistonda ilk bor rasman nishonlanmoqda.
Tojikistonda yashab turgan yahudiylar Hanoka bayramini har qanday sharoit va vaziyatdan qat‘iy nazar albatta nishonlashlarini aytishdi.

Ortda qolgan haftaning juma kuni Dushanbe shahrida nishonlangan bu bayram nur va yorug‘lik bayrami, deb atalishi ham ma‘lum bo‘ldi.

Tojikistondagi yahudiylar kanisasi rahbari Mixail Abdurahmonovning ma‘lum qilishicha, eramizdan oldingi ikkinchi asrda Aleksandr Makedonskiy Isroilni bosib olinganidan so‘ng yahudiylarga ibodatni ta‘qiqlagan. “Hatto, - deydi Mixail Abdurahmonov, - yunonlar Tavrotni o‘qishni ham cheklagan va yahudiylarning qurbonlik qiladigan quduqlariyu ibodat qilinadigan muqaddas joylarini cho‘chqa so‘yib harom qilgan”.

- Shundan so‘ng yahudiylar peshvosi Matatyaho besh o‘g‘li bilan yunonlarga qarshi bosh ko‘tarib, Isroilni ozod qilishga kirishadi. Shu tariqa o‘z mustaqilligi uchun kurashgan ajdodlarimiz yunonlar ustidan g‘olib keldilar. Hanoka bayramining muhim tarixiy jihati shu, - dedi tojikistonlik yahudiylarning rahbari Mixail Abdurahmonov.

Unga ko‘ra, bayramning boshqa jihati yorug‘lik va nur ekan.

- Yunonlar ustidan g‘oliblikni qo‘lga kiritganlaridan so‘ng yahudiylar zaytun yog‘ini olovga tashlamoqchi bo‘ladilar. Ammo yog‘ni yunonlar harom qilgan edilar. Shunda yahudiylar hajmi jihatidan faqat bir kechalikka yetadigan bir quti yog‘ topib olishadi va Xudo bilan aloqalari uzilmasligi uchun uni yondirishadi. Qarangki, bu yog‘ sakkiz kunga yetadi. Shuning uchun bu bayramni nur bayrami ham deb ataymiz. Bu bayramda asosan sham yoqilib, sakkiz kun davomida shamlar o‘chirilmaydi,- deya bildirdi Mixail Abdurahmonov.

Suhbatdoshimizning aytishicha, Hanoka bayramida yahudiylar bir- birlarining uylarida mehmon bo‘ladilar va dasturxon atrofida to‘planishib xursandchilik qiladilar.

Dushanbe shahrida yashab turgan 60 yoshli Sayyora aya Hanoka bayramini nishonlashni onasidan o‘rganganini aytadi:

- Kichkina edim, onam rahmatlik uyda sham yoqib, bu bayramni nishonlar edi.Turli xil taomlar pishirib, bolalarga shirinlik ulashardi. Hafta davomida xursandchilik qilardik, - deydi Sayyora aya.

Asli buxorolik yahudiylardan bo‘lgan Sayyora aya ham Hanoka bayrami arafasida turli shirinliklar, mazzali va asosan yog‘li taomlar tayyorlab, yaqinlariga ulashishini aytdi.

Ayol bu yil o‘tgan yillardagidan farqli o‘laroq yahudiylarning qadimiy bayrami Tojikistonda rasman nishonlanganidan suyundi.

Ota-onasi samarqandlik yahudiylardan bo‘lgan Pisar Baqoyev Hanoka bayrami ko‘proq yahudiylar milliy qadriyatlariga ehtirom tariqasida nishonlanishini aytdi.

Pisar Baqoyev tojikistonlik aksariyat yahudiylar o‘z o‘tmishi va qadriyatlarini unutilmaslik niyatida farzandlariga bolalikdan Hanoka bayramini nishonlash tartibini o‘rgatib borishlarini aytdi:

- O‘tganlarimizni shamlar yoqish bilan yodga olamiz. O‘g‘il - qizlarimiz ham bunga yoshlikdan odatlanishlari va bu bayramni nishonlash tartibini hozirdan bilishlari lozim. Aks holda biz vafotimizdan so‘ng unut bo‘lib ketamiz, - deydi Pisar Baqoyev.

Shu o‘rinda aytib o‘tsak, ayni paytda Tojikistonda taxminan besh yuzga yaqin yahudiy yashaydi.

Tojikistondagi fuqarolik urushigacha ( 1992 va 1997 yillar - tahr,.) Dushanbe shahrida yahudiylar mahallasi bor edi.

O‘sha paytlar respublika hududlarida taxminan 12 mingga yaqin yahudiy yashab, turli sohalarda faoliyat qilar edilar.

Biroq mamlakatdagi besaranjomliklar ortidan aksariyat yahudiylar AQSh, Kanada kabi davlatlarga ko‘chib ketishdi.
XS
SM
MD
LG