Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:48

O‘shda yo‘qolgan Iroda topildi


O‘shda o‘g‘irlab ketilgan 16 yoshli Iroda Zulunovaning turmushga chiqqaniga endigina 4 oy bo‘lgandi.
O‘shda o‘g‘irlab ketilgan 16 yoshli Iroda Zulunovaning turmushga chiqqaniga endigina 4 oy bo‘lgandi.
12 dekabr kuni O‘shda o‘z uyi yonida yo‘qolgan 16 yoshli Iroda Zulunova topildi. Ma‘lum bo‘lishicha, uni bir ayol va ikki erkak o‘g‘irlab ketgan. Shifokorlar Irodaning ahvolini "og‘ir", deya baholamoqda.

12 dekabr kuni tushlikdan so‘ng Iroda Zulunova Aravondan topilganligi haqida Ozodlikka uning qaynonasi Xilola Toshmamatova xabar berdi:

- Iroda “uyga ketaman” degan ekan, dori ichirishib, oq “Matiz”ga solib, jo‘natib yuborishibdi. U aytayapti: “Kecha yo‘qolgan edim, bugun qo‘yishib yuborishdi”, deb aytayapti. Ikki kun xushsiz yotgan. Kelayotganida, dori ichirib qo‘yishibdi. “Dori ichasan” deb, bo‘yniga pichoq taqagan ekan. Pichoqning izlari ham turibdi, kesilib qolgan. Dorini majbur ichirgan, - dedi Irodaning qaynonasi Xilola Toshmamatova.

Eslatib o‘tamiz, Iroda 9 dekabr kuni ertalab soat taxminan 8.30 larda O‘shdagi kelin bo‘lib tushgan uydan ko‘chaga chiqqan paytda yo‘qolgan edi. Uning o‘zi qaynonasiga aytishicha, uyi yonida Irodani notanish ayol gapga solgan.

-“Bitta jingalak sochli xotin shartta og‘iz-burnimga bir nima tomizdi, shundan keyin hushimdan ketib qoldim, olib ketib qoldi”, deyapti. "Ikki erkak, bir xotin. Xotin kishi yomon ekan. Jingalak sochli xotin kishi meni rosa urdi”, deyapti. "Oyog‘imga dubinkalar bilan urdi”, deyapti. Iroda hozir hushsiz yotibdi, uyquda yotibdi. Boshqa ro‘mol o‘rab qo‘yishibdi.”O‘zimning ro‘molimni tashlab yuborishdi” deyapti, qon bo‘lib ketgan. Tashlab, boshqa ro‘mol o‘rab qo‘yibdi boshiga. Ziraklari, narsalarini olishibdi.

Ozodlik: Xilola opa, Irodaxonni zo‘rlashganmi?

- Hozir endi ko‘rishadi. Uning o‘zi “bilmadim” deyapti, - dedi Irodaning qaynonasi Xilola opa.

Iroda uni azoblagan ayol bir necha tillarda gaplashganini ham aytishga ulgurgan.

Ayni paytda Iroda Zulunova O‘sh viloyati Aravon tuman kasalxonasining travmotologiya bo‘limida.

Mazkur tuman kasalxonasining travmotologiya bo‘limi doktori Ozodbek Toshtemirov qabulxonaga olib kelingan Irodani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazganligini aytadi:

- Bosh miya chayqalib, lat yegan va dori bilan zaharlangan. Bo‘ynida jarohati bor, peshonasida ham tilingan joyi bor. O‘ng oyog‘ining tizzasidan pastida ko‘kargan yerlari bor. Boshida yorilgan yeri bor,

Ozodlik: Ahvolini qoniqarli, desa bo‘ladimi?

- Yo‘q, yo‘q. Ahvoli og‘ir, - dedi Aravon tuman kasalxonasining shifokori Ozodbek Toshtemirov.

Kelin bo‘lib tushganiga endigina 4 oy bo‘lgan 16 yoshli Iroda Zulunovaning qidiruviga O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi, Qirg‘iziston prezidentining janubdagi vakolatxonasi qo‘l urgan edi.

Ayni paytda topilgan Irodani tergovchilar so‘roq qilganini ham uning qaynonasi aytib o‘tdi.

Aytish joizki, O‘shda so‘nggi bir oy ichida to‘rt nafar o‘zbek qiz-juvoni o‘g‘irlab ketilgan. Jabrlangan ayollarga ko‘ra, ularni o‘g‘irlashda ham, xuddi Iroda kabi, bir ayol va ikki erkak qatnashgan.
XS
SM
MD
LG