Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:04

"Borat" va yana 743 film Toshkentda taqiqlandi


Sasha Baron Koen suratga olgan "Borat" filmi Qozog'iston va Rossiyada ham ta'qiqlangan edi.
Sasha Baron Koen suratga olgan "Borat" filmi Qozog'iston va Rossiyada ham ta'qiqlangan edi.
O‘zbekkino milliy agentligi, mamlakat hududida namoyish etish taqiqlangan filmlarning ro‘yxatini chiqardi. Bu ro‘yxatda britaniyalik taniqli komik artist Sasha Baron Koen suratga olgan "Borat: Shuhratli Qozog‘iston davlati foydasi uchun Amerika madaniyatini o‘rganish" filmi ham bor.

Britaniyalik komik Sasha Baron Koen suratga olgan va Qozog‘iston hukumati va ko‘plab qozog‘istonliklarning g‘ashiga tekkan "Borat" filmining bosh qahramon AQShdagi O‘zbekiston elchixonasi oldidan mashinada o‘tayotib, o‘rta barmog‘ini ko‘rsatadi va "e onangni falon qilay ..." deydi.

Bunday ishoratdan 4 yil o‘tib "Borat" filmiga O‘zbekistonda taqiq qo‘yildi.

Hozir Qozog‘istonda ijod qilayotgan o‘zbekistonlik rejissyor Sergey Azimov bu haqda gapirar ekan, o‘zbek mulozimlari "soch olaman deb, bosh olgan" noshud sartarosh holiga tushdi, deydi.

Toshkentdagi Eron elchixonasining iltimosnomasiga ko'ra Gollivudning "300 spartalik" filmiga ham ta'qiq qo'yilgan edi.
- "Borat" o‘zi ma‘naviy tuban asar. Bu asarni taqiqlamasa ham O‘zbekistonning mahallasida yashagan biror tomoshabin borib ko‘rmaydi. O‘zbek mulozimlari bu asarni taqiqlab piligini ko‘tarishmoqda. Aslida film ana shu ajiotajga moslangan. Men qaytarib aytaman bu filmni o‘zbeklar tomosha qilmasa hech narsani yo‘qotmaydi. Ammo qolgan filmlarni taqiqlashda ma‘no ko‘rmayman. Masalan, "300 spartanlik" filmi yoki "Troya" filmi. Bu yaxshi filmlar. Kino zamiridagi aksilislomiy ruh balki taqiqlaganlarga asos bo‘lgandir. Lekin O‘zbekiston Eron emas, Toshkent Tehron emas. O‘zbekiston yanglishmasam dunyoviy davlat. Dunyoviy davlat esa tomoshabinlarga tanlov huquqini berishi kerak, deydi o‘zbekistonlik rejissyor Sergey Azimov.

"O‘zbekkino" idorasi O‘zbekiston hududida o‘zbek tomoshabinlariga tanlov huquqini ham beradi. Masalan, ko‘rish ruxsat berilgan 500dan ortiq film ichidan xohlagan filmni ko‘rish mumkin.
"O'zbekkino" ta'qiqlagan filmlarning to'liq ro'yxatini bilan bu erda tanishing

Deylik tomoshabin L. Karimova suratga olgan "Sog‘lom turmush jamiyat ko‘rki", Sh. Bo‘tayevnig "Orzulari amalga oshgan bolalar", E. Mamedovning "Qishloq obod, yurt obod", X. Valiyevning "Krizisga qarshi dasturning samaradorligi" filmlari ichidan xohlaganini tomosha qilishi mumkin.

Faqat "Saunadagi qizlar" qabilidagi filmlarga chek qo‘yilgan holos. Bunday filmlarga qarshi qattiq kurashmoqdamiz, deydi O‘zbekkino mutasaddisi Ozodlik bilan suhbatda.

Gap aylanib "Borat" filmi nega taqiqlanuvdi?" degan savol javobiga kelganda, suhbatdosh "bu savolingizga o‘sha filmni taqiqlagan litsenziya bo‘limi boshlig‘i Mannop aka javob beradi", deb qoldi.

Mannop aka bilan bog‘landik. Mannop aka o‘zbek tomoshabinlari shuurini xorijdan oqib kelayotgan filmlar daryosidan ihota qilish mexanizmlaridan gapirdi.

- 135-qaror bor. O‘sha yerda hammasi yozilgan.

Ozodlik: Vazirlar Mahkamasining qarorimi bu?

- Ha. O‘sha yerda hamma tartiblari yozilgan.

Ozodlik: Bu mexanizmlarga qaramasdan har burchakda siz taqiqlagan kinolar namoyish qilinyaptiku.

- Ha, qo‘yayapti. Endi qilgan ishiga o‘zi javob beradi qonun doirasida. Biz qo‘l-oyog‘ini bog‘lab qo‘ya olmaymiz. Unaqa bilan ichki ishlar, soliq shug‘ullanadi. Chora-tadbir asosida hammasini qilishadi. Chora ko‘rishga bizning huquqimiz yo‘q tushunayapsizmi. To‘g‘ridan to‘g‘ri borib tekshirishga ham huquqimiz yo‘q.

Ozodlik: Sizlar faqat kinolarni tomosha qilib, ekspertiza analizi berasizlar-a?

- Ha, ekspertlar xulosasi beriladi, deydi Mannop aka.

Yana gap aylanib “Borat” filmiga keldi. Xo‘sh, nega O‘zbek tomoshabini Boratni ko‘rmasligi kerak, deb so‘raymiz.

- Taqiqlashibdimi uni?

Ozodlik: Sizlarning ro‘yxatda borku.

- Yo‘q. Unaqa film zapretga tushganmi?

Ozodlik: Ha, tushgan.

- Radiodanmisiz?

Ozodlik: Ha.

- Rasmiy ravishda bizlarga zapros bering. Bizlar rasmiy ravishda sizga javob beramiz. Qachon, qaysi komissiyadan, qaysi protokol bilan zapret qilinganligi haqida rasmiy murojaaat jo‘nating, deydi Mannop aka.

U yoki bu kino taqiqlanar ekan, O‘zbekistondagi komissiyaga diniy ulamolarni ham taklif qilishadi. Har holda musulmon jamiyatda yashaymiz degan andishada bo‘lsa kerak. O‘tgan asrda Italiya kinoteatrlarida ham bitta ruhoniy ota o‘tirgan. Kinoda o‘pishish sahnasi ko‘rinishi bilanoq ruhoniy ota kinoproyektordan yog‘ilgan nur to‘pini shapkasi bilan berkitib turgan. Qavm shuurini yolg‘on dunyo vasvasalari bosmasin, degan niyat bo‘lgan.

Hozir ham ba‘zi ulamolar umuman kino ko‘rmaslik kerak degan gapni aytishadi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo bo‘limi boshlig‘i shayx Abdulaziz Mansur fahsh kinolarining taqiqlanishini to‘g‘ri, deb hisoblaydi.

- Mana shunaqa uyat filmlarni chiqarish yoki tomosha qilish shar‘an ham ijozat berilmagan. Uni tomosha qilish ham nojoiz hisoblanadi. Bular hammasi axloqsizlik, fisqu-fujurga kirib qolar ekanda. Shuning uchun bizning islomiy manbalarda bunaqa narsalar taqiqlangan. Chunki bu kishilarning, aynqisa yoshlarning axloqiy buzilishiga sabab bo‘lib qolishi mumkin, deydi Abdulaziz Mansur.

O‘zbekistonning yaqin tarixida istalmagan kinolarni taqiqlash 1990 yilda boshlandi. “Kichkina Vyera” filmi Markaziy Televideniyedan namoyish qilinganida, O‘zbekiston bu translyatsiyani O‘zbekiston hududida to‘xtatib qo‘ygan edi.

Paxta ishi tanqid qilingan "Shok" filmi esa O‘zbekiston kinoteatrlarida taqiqlangan ilk badiiy film bo‘ldi.

Filmlar qanday bo‘lishidan qat‘iy nazar ularni taqiqlashga mutlaqo qarshiman deydi rossiyalik kinomunaqqid Anton Dolin.

- Ayniqsa "Borat" filmi. Bu film achchiq satira va o‘ziga xos uslub omuxta bo‘lgan yuqori saviyada san‘atkorona olingan filmdir. Dunyoning turli nuqtalarida va xususan Amerikada bu filmni millionlar tomosha qildi. Ular orasida o‘zbek tomoshabinlari bo‘lgani ma‘qul deb o‘ylayman, deydi Anton Dolin.

Mutaxassislarga ko‘ra, O‘zbekistonda filmlar beshta o‘lchov asosida taqiqlanmoqda. "Seks", "Dahshat", "Mistika", "Qora yumor" va siyosiy ob-havoga to‘g‘ri kelmaydigan kinolar.

So‘ngso‘z o‘rnida jazo qonunidan ko‘chirma.

O‘zbekistonda taqiqlangan kinolarni ko‘rish 139-modda bo‘yicha malakalanishi mumkin. Taqiqlangan fahsh kinolarni ko‘rganlar jarimaga tortilishi yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlariga jo‘natilishi mumkin. Bu holatdagi eng katta jazo 6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, deb belgilangan. Bu yog‘i o‘zbek hakamlariga havola. Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin, degan maqol mazmunini sud hukmidan keyin tushunarmiz.
XS
SM
MD
LG