Линклар

logo-print

Mayevkaliklar qirg‘iz sudi hukmidan norozi


Bishkek yaqinidagi Mayevka qishlog‘ida shu yilning aprel oyida 5 kishi halok bo‘lgan, ko‘plab uylar yondirilgandi.

Bishkek yaqinidagi Mayevka qishlog‘ida shu yilning aprel oyida 5 kishi halok bo‘lgan, ko‘plab uylar yondirilgandi.

Qirg‘iz sudi 2010 yilning aprel oyida Bishkek yaqinidagi Mayevka qishlog‘ida 5 odamning o‘limiga sabab bo‘lgan va etnik turklarning uylari yoqib yuborilgan tartibsizlik yuzasidan hukm chiqardi.

Bishkek yaqinidagi Mayevka qishlog‘ida sodir etilgan tartibsizlik paytida etnik turk Jalol Agaliyevning uyi ham yondirilgan, mol-mulki talangan edi. U Mayevka qishlog‘idagi tartibsizliklarda ishtirok etganlar ustidan bo‘lgan mahkama jarayonini adolatsiz deb baholaydi:

- Bizni sudga bor-yo‘g‘i bir marta chaqirtirishdi. Sud zalida bizga 4 kishini ko‘rsatib, “shularni taniysanmi?” deyishdi. Ularni tanimas edik, chunki ular bostirib kirganda, jonimizni saqlab qolish uchun qochib ketgan edik. Ular odamlarni o‘ldirishdi, uylarimizni yondirishdi. Sudga bir marta chaqirtirganidan keyin boshqa chaqirishmadi. Shundoq ekan, sudning hukmi qanday qilib holis bo‘lsin? - deydi Jalol Agaliyev.

Mayevka qishlog‘idagi tartibsizlik aprel oyida sodir etilgan edi. O‘shanda asosan etnik turklar, kurdlar va ruslar yashaydigan 7 800 xo‘jalikdan iborat Mayevka qishlog‘iga qirg‘iz millatiga mansub mingdan ortiq odam bostirib kirgan va qishloqdagi ekin maydonlarini tortib olishga harakat qilishgan edi.

Yuzaga kelgan tartibsizlikda 5 odam o‘lgan, etnik turklar va kurdlarga tegishli 7 uy yondirilgan, ko‘plab uylar talangan.

Mayevkadagi voqeani o‘rgangan Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati muxbirining bildirishicha, vaziyat shu darajada keskinlashib ketishiga etnik turklarning bosqinchilarga qarata o‘q otgani sabab bo‘lgan.

- Shu qishloqning chetida yashagan qirg‘izlar turk millatiga mansub odamlar o‘q otib, vaziyatni keskinlashtirib yuborganini aytishgan, - dedi Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati muxbiri.

Mazkur sud jarayonida sudlangan 5 kishidan 1 nafari 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Biroq Ulug‘ Vatan urushida qozonilgan g‘alabaning 65 yilligi munosabati bilan e‘lon qilingan amnistiya tufayli uning jazo muddati uchdan biriga qisqartirildi. Qolgan 4 sudlanuvchi esa 3 yillik sinov muddati bilan 3 yildan 5 yilgacha shartli ravishda ozodlikdan mahrum etildi.

Sudlanuvchilarning advokatlari bu hukmni adolatli, deb baholaydilar. Ularga ko‘ra, tartibsizliklarda ishtirok etganlikda ayblanganlarning o‘zlari jabrlanuvchilarga aylanib qolishgan.

“Negaki ular bosqinchilardan himoyalanganlar otgan sochma o‘qlardan azob chekishgan”, -deyishadi advokatlar.

Mayevkadagi voqeada turmush o‘rtog‘i o‘ldirilgan va voyaga yetmagan ikki farzandi bilan beva qolgan Qizlarxon Karibova mazkur sud hukmidan so‘ng Qirg‘izistonda adolatli sudlov borligiga ishonmay qo‘yganini aytadi.

- Albatta bu adolatsiz hukm. O‘sha kuni bu yerda juda ko‘p odam bo‘lgan. Ularning orasidan faqat 5 tasigina sudlanayapti. Meni jabrlanuvchi sifatida hatto sudga ham chaqirishgani yo‘q. Aslida qishlog‘imizda tartibsizlik uyushtirgan bosqinchilardan 120 tasi qo‘lga olingan edi, biroq ularning hammasini qo‘yib yuborishgan. Men bunday sudga ishonmayman, - deydi Qizlarxon Karibova.

Qirg‘iziston Omubdsmeni Tursunbek Akun esa aprel oyidagi murakkab vaziyatni hisobga olganda sudning hukmi adolatli bo‘ldi, deb hisoblaydi:

- Aprel voqeasidan keyin siyosiy eyforiya ta‘sirida mana shunday holatlar sodir bo‘ldi. Bu vaziyatda har qanday og‘ir jinoyatni ham siyosat bilan uyg‘unlashtirish kerak bo‘ladi. O‘sha eyforiya natijasida odamlar yer bosib olishga harakat qilishdi. Shuning uchun sudning hukmi adolatli bo‘ldi, - dedi Qirg‘iziston Ombudsmeni Tursunbek Akun.

Shu o‘rinda qiyoslash uchun ma‘lumot: sentabr oyida o‘shlik 4 dindor iyun voqelarida aholini xavfdan ogohlantirish maqsadida bomdod azonini muddatidan avval ayttirgani uchun 4 yilga qamoqqa huqm qilindi. Ularga shartli jazo belgilanmadi, bu odamlar amnistiyaga ham tushirilmadi.
XS
SM
MD
LG