Линклар

"Xususiy "O‘shTV" telekompaniyasi shu kunda O‘sh shahri meri Melis Mirzaqmatovning mulkidir. Iyun voqealaridan keyin telekompaniya reyderlik usuli bilan egasidan tortib olingan. "O‘shTV" aksiyalarining 51 foizi merning jiyaniga o‘tgan, lekin aksiyalar Asanbek Abdiqaparov degan shaxsning mulki sifatida qayd etilgan".

Qirg‘izistonda chiqadigan "Lozung" gazetasining 15 dekabr sonidan olingan bu ma‘lumotni AkiPress agentligining qirg‘iz tilidagi "Barakelde" sahifasi e‘lon qildi.

"Lozung" gazetasi o‘z materialida Mirzaqmatovning respublikadagi va chet eldagi mulklari to‘g‘risida hikoya qilgan.

O‘shlik o‘zbek Xalil Xudoyberdiyevning xususiy mulki bo‘lgan “O‘sh TV” nafaqat O‘shdagi, balki mintaqadagi birinchi xususiy telekanallardandir – unga 1991 yili asos solingan.

O‘sh qirg‘ini boshlangan kuni shahar meri "O‘shTV" faoliyatini to‘xtatib qo‘ygan edi. Oradan bir oy o‘tib, 9 iyul kuni Xalil Xudoyberdiyev Qirg‘iziston milliy xavfsizlik xizmati O‘sh viloyat boshqarmasiga olib ketilgan va o‘sha idoradagi suhbatdan ikki kun o‘tib oilasi bilan respublikadan chiqib ketgan.

Shu kunda xudoyberdiyevlar oilasining qayerda ekanligi ma‘lum emas.
XS
SM
MD
LG