Линклар

"Yosh to'lqin" taxririyati: Bizning yana bir bloggerimiz bilan tanishing. Ismi Maysara, O'zbekiston poytaxti Toshkenti azimdan.

Bolaligingizda yangi yil va qish faslining eng keng tarqalgan topishmog'ini eshitgan va hoynahoy o'zingiz boshqa bolalarga aytgan bo'lsangiz kerak: qishin yozin bir xilda, bu nima?

Albatta, bu topishmoqning javobi hech qaysimizga sir emas - bu archa! Ammo bugungi kunga kelib ko‘p narsalar kabi bu javobni ham o‘zgartirish vaqti kelganga o'xshaydi.

Toshkentda yangi ekilgan kichik kichik archalar bilan birgalikda chiroyli sarviqomat binolar ham qad ko‘tarmoqda. Tabiatan sekin o'sadigan archalardan farqli o‘laroq, binolarning sarvat to‘kib o‘sishi osonroq ham bo‘lib qoldi, desak adashmaymiz.

Binolarning qad ko‘tarishi bilan ko‘nglimda bir umid uchquni o‘sa boshlaydi. Yangi ishxona, ish o‘rinlari, o‘z vatanini tashlab, chet elga ish izlab ketishga majbur qolgan yurtdoshimga bir umid bo‘lar, degan hayol kechadi.

Biroq... bu marmar zinapoyalarga quruvchidan boshqaning oyog‘i tegmaydi. Eshiklar kechayu-kunduz yopiq, darvozalarning qulfi ochilmagandan zanglab ketadi. Juda omad chopsa, chiroyli salobat to‘kib turgan eshik yonida jilla qursa yashil (boshida bergan topishmoqni eslang) kiyimli posbonni uchratish mumkin.

Endi boshqa savol paydo bo‘ladi: bu bino qaysi korxonaga tegishli-yu, qaysi peshonasi yarqiragan bu yerda vataniga xizmat ko‘rsatadi? Qishin yozin bir xil tusda – bu o‘sha odam yoqtirmaydigan sarviqomat, serquyosh Toshkent ko‘chalarida ko'lankasini tashlab turuvchi, ko‘p va xo‘b uchratish mumkin bo‘lgan binolarni aytish mumkin.

Ular menga borsa kelmas orolni eslatadi. Xuddi bolalagimdagi kabi bu binolarning yaqiniga borishga qo‘rqaman (birgina menmikin shunday qo‘rqoq?). Xuddi u meni yutib yuboradi-yu, yana o‘sha eski sovuq salobati bilan qad ko‘tarib turaveradi.

Yoki u yerga kirish uchun ertakdagi kabi sirli so‘z aytish kerakmikin? Shunda balki u boshqa tusga kirar, eshiklarini ochib, temir panjaralar o‘rnini iforli gullar egallab, aslida inson zoti uchun qurilgan ekanligini bo'y barobar namoyish qilar?

Yana bir savol topishmoq tug‘ildi: sirli so‘zni bilganlar bormi?

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG