Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:46

Arbuz.com Internet forumi ishtirokchilari hibsga olingani aytilmoqda


O'zbekistonda Internet forumlarda qatnashish ham xavfli tadbirga aylanib qoladigan ko‘rinadi.
O'zbekistonda Internet forumlarda qatnashish ham xavfli tadbirga aylanib qoladigan ko‘rinadi.
Toshkentdagi bir nechta mustaqil manbalardan olingan xabarlarga ko‘ra, Arbuz.com forumida faol ishtirok etib kelgan bir necha kishi hibsga olingan.

O‘z ismini oshkor qilmasligimiz va ovozini yozib olmasligimiz sharti bilan Ozodlikka Toshkentdan turib gapirgan forumchilardan biri bergan ma‘lumotga ko‘ra, hibsga olinganlarga moliyaviy va diniy asoslardagi ayblovlar ilgari surilishi mumkin.

Boisi, bu forum ishtirokchilarining aksariyati yosh dindor yigitlar ekani aytilmoqda va ularning forumda tanlagan mavzulari hamda qoldirgan sharhlari mazmunidan ham buni sezish mumkin.

Yana bir sabab qilib esa o‘tgan yili iyun oyida Qirg‘iziston janubida sodir bo‘lgan qonli voqealardan so‘ng bu forum ishtirokchilari onlayn faoliyatdan chetga chiqib, o‘shlik qochqinlarning O‘zbekistondagi lagerlarga joylashtirilgan yaqinlariga moliyaviy yordam uyushtirishda ishtirok etgani keltirilmoqda.

Arbuz.com saytida ayni kezda ushbu xayriya aksiyasiga oid ma‘lumotlarning batafsil hisobotini ham topish mumkin.

Bu ma‘lumotlarga ko‘ra, forum ma‘muriyati dunyoning turli nuqtalaridagi o‘zbeklarga murojaat yo‘llagan hamda pul va turli buyumlar shaklida yig‘ilgan xayriyani to‘plab, qochqinlarga yo‘llash faoliyati bilan shug‘ullangan.

Ozodlikka ismini oshkor qilmaslik va ovozini yozib olmaslik sharti bilan gapirgan toshkentlik forumchilardan birining aytishicha, xayriya kampaniyasi davomida 10 ming AQSh dollaridan ortiqroq mablag‘ yig‘ilgan va o‘shlik qochqinlar oilalariga yetkazilgan.

Bu ma‘lumotlar hozircha rasman tasdiqlanmaganini aytish joiz va shu kunlarda o‘zi ortidan ham ta‘qiblar boshlanib ketishidan xavfsirab turgan forumchilardan olingan.

Eslatish mumkin, Arbuz.com Internet forumi o‘zbek, rus va ingliz tillarida so‘zlashuvchi ziyoli o‘zbek yoshlari orasida juda ommalashib ketgan forumlardan biridir.

Unda O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq ijtimoiy-madaniy, ilmiy va sportga oid mavzular bilan bir qatorda o‘zbek rasmiy matbuoti tilga olmaydigan hamda mustaqil axborot manbalarida e‘lon qilingan siyosiy mavzularda ham ko‘plab forumlar berib boriladi.

Forum ishtirokchilarining ko‘pchiligini esa O‘zbekiston ichkarisidan turib sharh yozayotgan internet foydalanuvchilari ham tashkil qiladi.

Bu forum ziyoli yoshlarning onlayn klubiga aylangan bir maskan deb atasa ham bo‘ladi.

Ozodlik tahririyati Toshkentdagi hibsga olishlarga oid ma‘lumotlarni oydinlashtirish ustida ishlamoqda va voqealar rivojidan sizni xabardor qilishga harakat qiladi.
XS
SM
MD
LG