Линклар

logo-print

Qirg‘iz rasmiylari millatchilik xavfidan bahs etmoqda


Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayeva ham, Bosh vazir Almazbek Atambayev ham millatchilikka barham berilmagunicha mamlakatda barqarorlik o‘rnatib bo‘lmasligini e‘tirof etmoqdalar.

Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayeva ham, Bosh vazir Almazbek Atambayev ham millatchilikka barham berilmagunicha mamlakatda barqarorlik o‘rnatib bo‘lmasligini e‘tirof etmoqdalar.

Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayeva mamlakatda millatchilik avj olgani va bu holat respublika milliy xavfsizligiga tahdid solayotgan eng asosiy omil ekanini tan oldi. Bu haqda u Mudofaa kengashi yig‘ilishida ma‘lum qildi. Mamlakat Bosh vaziri Almazbek Atambayev ham bu fikrga qo‘shiladi.

Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayeva 22 yanvar kuni o‘tgan Mudofaa kengashi yig‘ilishida mamlakat milliy xavfsizligiga besh omil jiddiy tahdid tug‘dirayotgani va ularning oldi olinmasa, respublika jar yoqasiga borib qolishini bildirdi.

Prezidentga ko‘ra, bu omillardan birinchisi terrorchi va radikal guruhlar faoliyatining kuchaygani, ikkinchisi millatchilikning avj olgani, uchinchisi jinoyatchilikning chuqur ildiz otayotgani va to‘rtinchisi korrupsiyadir.

- Millatchilik va shovinistik ruhdagi demagogik nuqtai nazar jamiyatni ikkiga bo‘ladi, xalqda norozilikni kuchaytiradi. Dushmanchilik kayfiyati avj oladi. Bunday holatni biz boshimizdan o‘tkazdik. Milliy masalada o‘zaro tushunish bo‘lmagunicha, biz barqaror davlatni tuza olmaymiz. Odamlar haligacha o‘tgan yilgi iyun voqealaridan so‘ng o‘zlariga kela olmadilar. Jamiyatdagi tenglikning buzilishi ruhiy, huquqiy, millatlararo munosabatlar va diniy madaniyatning sustlashuviga sabab bo‘lmoqda, - dedi prezident O‘tunbayeva.

24 yanvar kuni Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayev ham prezidentning bu so‘zlarini tasdiqladi. U bir qator axborot agentliklari vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvi chog‘ida “Biz ko‘p millatli mamlakatmiz va men millatlarning birinchi yo ikkinchi sortlarga ajratilishiga qarshiman. Millatchilik bizda jiddiy muammoga aylandi. Biz bu holatni e‘tirof etibgina qolmay, bu muammoni hal etishimiz lozim”, dedi Bosh vazir.

Ammo Qirg‘iziston prezidenti ham, Bosh vaziri ham o‘z chiqishlarida millatchilikka qarshi qanday usullar bilan kurashish zarur ekanini, bu borada hukumat qanday chora-tadbirlar qo‘llashi kerakligi haqida hech narsa aytishmadi. Bu masala yuzasidan prezident va Bosh vazir ma‘muriyatidan ham sado yo‘q.

Ayni paytda bir qator tahlilchilar Qirg‘iziston hukumatiga millatchilikka qarshi kurash oson bo‘lmasligini e‘tirof etadilar. Tahlilchilarga ko‘ra, millatchilik 2010 yildagi davlat to‘ntarishidan so‘ng yuzaga kelgan hokimiyat uchun kurashning hosilasi bo‘ldi va millatchilikning avj olishiga aynan yangi qirg‘iz hukumati sababchidir.

- Siyosiy kurash millatlararo to‘qnashuv o‘zaniga burib yuborildi. Ya‘ni o‘zbeklarni qirg‘izlarning uylarini yondirganlikda aybdor qilishdi. Bu voqea 2010 yilning may oyida, Bakiyev yashagan qishloqda yuz bergan edi. O‘shdagi iyun voqeasiga esa ob‘ektiv guvohlarga ko‘ra, qaysidir bir millat emas, jinoyat olamidagi ta‘sir doirasi uchun kurash sabab bo‘ldi. Har ikkala holat ham 7 apreldagi inqilob mahsulidir. Inqilobdan keyingi siyosiy kurash millatchilikka tayangan holda olib borildi, - deydi moskvalik tahlilchi Sanobar Shermatova.

Xavfsizlik masalalari bo‘yicha bishkeklik ekspert To‘qto‘g‘ul Qaqchikeyev esa qirg‘iz hukumati millatchilikka qarshi kurash olib borishga bir oz kech qoldi, deb hisoblaydi. Uning fikricha, Qirg‘izistonda allaqachon millatchilik targ‘ibot mashinasi ishga tushib bo‘lgan.

- Qirg‘iz tili borasida chiqarilgan noto‘g‘ri qarorlar, noto‘g‘ri ishlar, telekanallarda noto‘g‘ri targ‘ibotning olib borilishi millatchilikning avj olishiga sabab bo‘ldi. Holbuki, millatchilik Qirg‘iziston degan davlatning qotili bo‘ladi. Buni tushunmagan ayrim siyosatchilar millatchilik g‘oyalaridan voz kechmayotirlar, - dedi To‘qto‘g‘ul Qaqchikeyev.

Aytib o‘tish lozimki, 2010 yilning oktabr oyida o‘tgan parlament saylovlari natijasida parlamentdagi 120 o‘rinning 30 ga yaqinini millatchilik ruhidagi ekani aytilayotgan “Ota yurt” partiyasi vakillari egallagan. Ayni paytda bu partiya hukmron koalitsiya tarkibiga kirgan va parlament raisi ham mana shu partiya vakilidir.
XS
SM
MD
LG