Линклар

Rossiyaning ayrim axborot agentliklari Qirg‘izistondagi “Doston” zavodida ishlab chiqarilgan va shu kungacha dunyoda tengi bo‘lmagan “Shkval” rusumidagi torpedolar 2010 yilda Eronga yashirin ravishda sotilgani borasida ma‘lumot tarqatdi. Biroq zavod rasmiylari buni inkor qilmoqdalar.

Rasmiylarga ko‘ra, yadroviy quvvatga ega bo‘lgan mazkur torpedalarning ishlab chiqarilishi AQSh va Sovyet Ittifoqi o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq 1989 yilda to‘xtatilgan.

Ammo bir qator ekspertlar Eron 20 yildan beri Qirg‘iziston bilan “Doston” zavodida ishlab chiqarilgan torpedolarni sotib olish borasida muzokaralar olib borayotgani va bu borada erishilgan kelishuv prezident Aqayev davrida AQSh aralashuvi bilangina bekor qilingani haqida gapirmoqdalar.

Xavfsizlik masalalari bo‘yicha bishkeklik ekspert To‘qto‘g‘ul Qaqchikeyevga ko‘ra, “Shkval” rusumidagi torpedalar dunyoda shu kungacha tengi yo‘q harbiy dengiz quroli hisoblanadi va ikki turga bo‘linadi:

- “Shkval” torpedalari ikki xil variantda ishlab chiqarilgan. Birinchisi oddiy yarim tonnalik kallakka ega bo‘lsa, ikkinchisi yadroviy kallakka ega, - deydi ekspert.

Mutaxassislar fikricha, “Shkval” torpedolari o‘tgan asrning 60-yillarida ishlab chiqilgan va shu kungacha jahondagi eng mukammal qurollardan biri hisoblanadi. Bunday mukammallikka yaqin bo‘lgan torpedoni bir necha yil avval faqat Germaniyagina ishlab chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. Shu jihatdan ham “Shkval” torpedolari o‘z armiyasiga ega bo‘lgan ko‘plab davlatlarni qiziqtirib kelgan. Biroq bu rusumdagi torpedolar faqat Sovyet Ittifoqi qurolli kuchlari uchungina ishlab chiqarilgan.

Moskvadagi Regnum axborot agentligining yozishicha, mazkur torpedo komponentlarini ishlab chiqaruvchi Bishkekdagi “Doston” zavodi 2010 yilda Eronga yashirin ravishda “Shkval” torpedolarini sotishga muvaffaq bo‘lgan.

Agentlikning yozishicha, 2010 yilda “Doston” zavodining 53 foiz aksiyasi prezident Bakiyev oilasi qo‘lida bo‘lgan.

Biroq “Doston” shirkati rahbari Boris Udot bu ma‘lumotni inkor qiladi.

- “Shkval” raketasi 1989 yilda AQSh va Sovyet Ittifoqi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, yadroviy qurol o‘laroq tan olingan va ishlab chiqarishi to‘xtatilgan. O‘shandan buyon “Shkval” torpedolari hech qachon, hech kim tomonidan ishlab chiqarilgan emas, - dedi Boris Udot.

Biroq xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert To‘qto‘g‘ul Qaqchikeyev “Doston” zavodi rahbariyatining bunday ma‘lumotini shubha ostiga qo‘yadi. Ekspertning bildirishicha, prezident Aqayev davrida Eron bir necha yillik muzokaralardan so‘ng “Shkval” torpedolarini sotib olish to‘g‘risidagi shartnomani imzolashga muvaffaq bo‘lgan.

- Eron bilan 600 million dollarlik shartnoma tuzilgan. Undan 300 million dollari Qirg‘iziston hisobiga o‘tkazilgan. Ammo bu hujjatning nusxasi noma‘lum odamlar tomonidan o‘sha paytda AQShning Qirg‘izistondagi elchisi bo‘lgan Aylin Melloy xonimga yetkazilgan. O‘sha kunning ertasiga AQSh elchisi Aqayevning qabuliga kirgan va bu shartnomani bekor qilishga muvaffaq bo‘lgan, - deydi To‘qto‘g‘ul Qaqchikeyev.

Aytib o‘tish lozimki, rus axborot agentliklaridagi Eronga “Shkval” torpedalarini yashirin sotilishi haqidagi xabar Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi tomonidan “Doston” zavodining avvalgi rahbarlariga qarshi jinoyat ishi ochilganidan so‘ng paydo bo‘ldi. Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi rasmiysi Sanjar Abjalovning aytishicha, “Doston” shirkatining asosiy hissadori Aleksey Shirshov xalqaro qidiruvga berilgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Bishkekdagi “Doston” zavodi harbiy dengiz floti uchun zamonaviy qurol-aslaha ishlab chiqaruvchi bazaga va yetuk mutaxassislarga ega. Rossiya hukumati mazkur zavodni Qirg‘iziston qarzlari evaziga o‘z ixtiyoriga o‘tkazib olish uchun harakat qilib keladi. Mutaxassislarga ko‘ra, ayni paytda Eron ham “Doston” zavodi bilan hamkorlik qilish masalasini Qirg‘iziston hukumati kun tartibiga qo‘yib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG