Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:35

"Saransklik qotil"ning o‘zbekistonlik ekani aytilmoqda


Saranskda uch kishini o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan Rahimboy Hasanov.
Saranskda uch kishini o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan Rahimboy Hasanov.
Rossiyaning Mordoviya Respublikasi poytaxti Saranskda 19 fevral kuni 3 kishi o‘ldirib ketildi. Voqeadan ko‘p o‘tmay Mordoviya va qo‘shni viloyatlarda bu qotilliklarni sodir etganlikda gumonlanayotgan o‘zbekistonlik Rahimboy Hasanov qidiruvga berildi. Ayrim xabarlarga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin.

19 fevral kuni butun Mordoviya va uning poytaxti Saransk shahrida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan qotillik oqibatida 3 nafar saranskliklar nobud bo‘ldi. Kechki soat yettilarda 25 yashar Lyubov Tenkina o‘z kvartirasida pichoqlab o‘ldirilgani to‘g‘risida militsiya bo‘limiga xabar keldi.

3 soat o‘tar-o‘tmas shaharning Zelenaya Roshcha mavzesidagi uylardan birida bolta bilan chopib o‘ldirilgan 54 yoshli Lyubov Karaseva va 77 yoshli nafaqaxo‘r Aleksandr Gusarovlarning murdalari topildi.

Bu qotilliklarning barchasini 1978 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Hasanov Rahimboy sodir etgani haqidagi ma‘lumot Lyubov Tenkina o‘ldirilayotgan paytda vanna xonasida yashirinib olgan Yana Karasevadan olindi, deydi dastlabki tergovni olib borgan va o‘z ismini oshkor etishni istamagan Saransk jinoyat qidiruv bo‘limining operativ xodimlaridan biri.

- Hozircha unga 3 kishi – ikki ayol va bir erkakni o‘ldirganlik aybi qo‘yilmoqda. U aslida mahalliy emas, u Podmoskovening Mojaysk shahrida yashab kelgan. Hasanov birovga og‘ir jarohat yetkazganlikda ayblanib qamoqda ham o‘tirib chiqqan. Yana Karaseva bilan esa ularning qandaydir munosabatlari bo‘lgan. U turmadan chiqqan kuniyoq “Men ozodlikka chiqdim”, deb Yanaga qo‘ng‘iroq qilgan va Saransk shahriga kelgan,- deydi ichki ishlar xodimi.

Hodisaning davomini Ozodlikka Mordoviya Respublikasi Prokuraturasi tergov qo‘mitasi xodimi, adliya kapitani Natalya Afanaseva gapirib berdi. Ma‘lum bo‘lishicha, Hasanov Rahimboy 2010 yilning oktabrida ozodlikka chiqqan va Saransk shahriga 19 fevral kuni yetib kelgan.

- Ular xat orqali bir-birlari bilan tanishib olishgan. U qamoqda muddat o‘tayotgan bo‘lgan, qizimiz esa Saransk shahrida istiqomat qilib kelgan. Ular Yana Karasevaning turmada o‘tirgan otasi yordamida tanishib qolishgan. Ular bir necha bor uchrashishgan. Yana hatto uni ko‘rgani turmaga borgan. Xat orqali qizg‘in yozishma bo‘lganligi aniqlandi,- deydi prokuratura xodimi Natalya Afanaseva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 19 fevral kuni kechki payt Yana Karaseva o‘z dugonasi Lyubov Tenkinanikiga mehmonga keladi. Shu uyda yashovchilarga ko‘ra, biroz o‘tib Tenkina yashayotgan uy yonida Hasanov paydo bo‘ladi va uy atrofida uzoq vaqt kimnidir poylaydi.

Kechki soat yetti yarimlarda u qizlar o‘tirgan uyga bostirib kiradi va yo‘lida uchragan Lyubaning yuragiga ikki marta pichoq sanchiydi. Yana Karaseva vannaxonaga yashirinadi. Dod-voyni eshitib kvartira eshigini taqillatishni boshlagan qo‘shnilar Yananing ham chavaqlanishidan qutqarib qoladi. Hasanov ikkinchi qavatning derazasidan sakrab chiqib ketadi, deya davom etadi prokuror Natalya Afanaseva.

- U kelganidan keyin ular orasida qandaydir mojaro yuzaga kelganga o‘shaydi. Nima uchun u bunday mudhish qotillikka qo‘l urganini hozircha sizga ayta olmayman, chunki tergov davom etyapti. Taxminimizga ko‘ra, Yana Rahimboyga boshqa yigit bilan uchrashayotgani aytgan. Tenkina kvartirasiga kelishdan oldin esa u Yana Karasevaning onasi Lyubov Karaseva va o‘gay otasi 77 yoshli Aleksandr Gusarovlar uyiga borib, ularni bolta bilan chopib ketgan,- deydi Mordoviya Respublikasi Prokuraturasi tergov qo‘mitasi xodimasi, adliya kapitani Natalya Afanaseva Ozodlik Radiosiga.

Mordoviya prokuraturasi tarqatgan xabarga ko‘ra, 32 yoshli Rahimboy Xo‘janazarovich Hasanov O‘zbekiston Respublikasining Urganch shahrida tug‘ilgan va ko‘p yillardan buyon Moskva viloyatida ishlab yurgan va shu yerda sodir etilgan jinoyati uchun Mordoviyada qamoq jazosini o‘tagan.

Maqola efirga tayyorlanayotgan paytda o‘z ismini aytishni istamagan jinoyat qidiruv bo‘limi xodimidan yana bir muhim xabar olindi. Ma‘lum bo‘lishicha, 22 fevral kuni Saransk atrofidagi qishloqlardan birida Hasanov Rahimboyning murdasi topilgan.

- Ha, uning qayerda ekanligini aniqlandi. Faqat u Krivozere degan tatarlar qishlog‘ida o‘lik holatda topildi: o‘zini osib o‘ldirgan, chamasi. Chunki sodir etilgan qotilliklar va uning kuni kecha qamoqdan chiqqanini hisobga oladigan bo‘lsak, umrbod qamoq jazosi berilishi aniq ekanligini o‘zi ham tushungan bo‘lishi kerak,- deya xabar berdi militsiya xodimi.

Mordoviyaning Lyambir tumani Krivozere qishlog‘i ma‘muriyati xodimasi Roza Beyshutova Ozodlikka ularning qishloqlaridagi tashlandiq uylardan birida haqiqatan o‘lik topilganini ma‘lum qildi.

- Aslida u qishlog‘imizda yashamaydi. Biz uni tanimaymiz ham. Bunday odam yashamasligi aniq. Shunchaki qishlog‘imiz temir yo‘l yoqasida joylashgan: poyezdlar, elektrichkalar, hatto yuk vagonlari to‘xtab o‘tadi. U shu poyezdlarning biridan Krivozereda tushib qolgan, menimcha,- dedi “saransklik qotil” nomini olgan Rahimboy Hasanov murdasi topilgani aytilayotgan qishloq ma‘muriyati rasmiysi Roza Beyshutova.
XS
SM
MD
LG