Линклар

O‘zbek qizi Zilola qirg‘iz yigit Arstan bilan turmush qurgani to‘g‘risida kuni kecha xabar qilgan edik. O‘sh viloyati, Qorasuv tumanidagi Saroy qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan to‘y to‘g‘risida radiomizning qirg‘iz xizmati ham o‘z tinglovchilariga hikoya qildi.

Bugun hamkasblarning saytiga kirsam, Zilola bilan Arstanning to‘yi to‘g‘risidagi maqola eng ko‘p o‘qilgan maqolalar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallab turibdi.

Avval maqolani, keyin mushtariylar qoldirgan sharhlarni o‘qidim.

Sharh qoldirganlar orasida O‘shda yashaydigan Sabira eja ham bor ekan.

Ejaning sharhini bizning mushtariylar ham o‘qishini istadim.

Nega?

Negaligini bilmayman.

Balki bilarman ham.

Lekin "bilaman", deb tan olib qo‘ysam, aytishimga to‘g‘ri keladi – bilaman, dedim – tutildim, bilmayman, dedim – qutuldim.

Shuning uchun bilmayman nima uchun Sabira ejaning sharhini Sizga ilinayotganimni.

Orangizda qirg‘izcha o‘qiyolmaydiganlar ko‘pligi uchun sharhni tilimizga o‘girdim.

O‘shliklar tili bilan aytganda, "omalekin" halol tarjima qildim. Ejaning so‘zlarigina emas, usuliniyam saqlab qolishga urindim.

Mana endi, o‘qingu o‘zingiz xulosa qilavyering.

Demak, Sabira eja yozadi:

"Baxtli bo‘linglar. Albatta, sevgi millat tanlamaydi-da. Har-xil yolg‘on-yashiq, qirg‘iz-o‘zbekni yomonlagan qora niyat odamlar oilaga darz yetkazib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun unday gaplarga e‘tibor bermay baxtli bo‘linglar.

Endi bularning bolalari qirg‘iz, deb yoziladi. Shunday qilinsa, keyin muammo ham bo‘lmaydi. O‘zbek qizlar qirg‘iz yigitlarga o‘ylanmay turmushga chiqsayam bo‘lavyeradi.

Masalan, mening kuyov bolam o‘zbek yigit. Judayam imonli, mehribon yigit. Qizimni gulday boqadi. Og‘ir ishlarga yo‘latmaydi. Bolalarim, deb emachagi uziladi. Uylarini, hovlilarini top-toza ushlaydi, gullatib qo‘ygan. Qizim erkalab uy ichidagi ishlarnigina qilib yashaydi. Ko‘z tegmasin. Qaraaab o‘tirib, doim rozi bo‘laman.

O‘z bolalarimdan ham o‘sha o‘zbek kuyov bolamning muomalasi yaxshi. Qanday ishimiz bo‘lmasin, birinchi bo‘lib kelib, bitirib berib, hammamizni hurmat qilib turadi. Ish chiqib qolsa, bolalarimizga aytishdan oldin kuyov bolamizga aytib bitiramiz. Chunki hech qachon yo‘q demay, qovog‘ini solmay, kechasi bilan bo‘lsa ham bitirib, ertalab ishiga ketadi.

Shu kungacha qizimga bir marta bo‘lsin qo‘l ko‘targan emas. Topganini uyiga tashiydi, uylarini obdon yasatib qo‘ygan. Qizim uchun hamma sharoitni yaratib bergan. Og‘ir ish qildirmaydi, ketmon ushlatmaydi qizimga. Hovlidagi ish meniki, uy ichidagi seniki, deb qizimni avaylab turadi.

Qizim bo‘lsa, aksincha, ozgina narsagayam dimoq-firoq qiladi, hunar ko‘rsatadi. O‘shandayam kuyov bolam kulib, hazil-huzul bilan qizimning ko‘nglini olishga urinadi. Bunaqa yigit mingtadan bitta bo‘lsa kerak.

Qizim biron martayam urishdik, deb uyimga kirib kelganmas. Uyiga qachon bormay, kuyov bolam o‘ynab-kulib kutib oladi, o‘z qo‘li bilan osh damlab, kaboblarni pishirib beradi.

Unga qaraganda, katta qizim turmushga chiqqanidan beri qosh-ko‘zi ko‘karib, bolalarini yetaklab, urdi, deb uyga ko‘p yig‘lab kelgan. Bu nima qilganing, deb uyiga borsam, choy qo‘yish u yoqda tursin, ayb qizingizda deb keriladi. Ha, attanga, deyman. Oila bo‘lganidan keyin mushtumzo‘rlik qilmay inoq-ahil yashashsa bo‘lmaydimi, deb koyiymiz.

Kichik qizim yigitim o‘zbek deb aytganida avvaliga judayam qarshi bo‘lgan edik. Endi eslasam uyalaman, kuyov bolamning oldida gunohkorday his qilaman o‘zimni. O‘zimcha, hozir qizim aynib, qirg‘izga tegaman deb qolsa, Xudo yetkazgan shunday kuyovning qadriga yetmagan senmi, deb turib o‘zim boshini yorib tashlayman, deb o‘ylayman.

Ularning 3 o‘g‘li bor. Lekin to‘polondan keyin qizim bolalarimning millatini qirg‘iz deb yozdirmasam keyin hech qayerga ishga olmay qo‘yishadi, kelajagi tor bo‘lib qoladi, degan xavotirda. Shundaykuya, lekin kuyov bolamning dili og‘rib qolsa nima bo‘ladi, deb qizimni to‘xtatib turibman.

Qirg‘iz, deb yozdirmasam maktabni bitirtirib chet elga jo‘natishga to‘g‘ri keladi, Qirg‘izistonda ularning kelajagi yo‘q, deb bezillaydi. Kuyov bolam bu haqda nima fikrdaykin, bilmayman. Shuning uchun pasport berganda millatini yozmay, boshqa mamlakatlarga o‘xshab Qirg‘izistonlik deb qo‘yishsa bo‘lmaydimi. Bu masala bir ko‘tarildiyu to‘xtab qoldi. Qanday hal qilinadigan bo‘ldiykin-a?"

Sabira ejaning maktubi shu yerda tugadi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG