Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:59

O‘zbekiston hukumati "SMS" inqilobidan cho‘chimoqda


O‘zbekistonda hukumatning ommaviy tarzda SMS yozishmalari hamda Internetdagi Facebook va Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qilish urinishlari kuzatilmoqda. Toshkent hukumatini Yaqin Sharqdagi inqiloblarning O‘zbekistonga ko‘chishi ehtimoli xavotirga solayotgan ko‘rinadi, deydi kuzatuvchilar.

O‘zbekistonda hukumatning ommaviy tarzda SMS yozishmalari hamda Internetdagi Facebook va Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qilish urinishlari kuzatilmoqda.

Toshkent hukumatini Yaqin Sharqdagi inqiloblarning O‘zbekistonga ko‘chishi ehtimoli xavotirga solayotgan ko‘rinadi, deydi kuzatuvchilar.

O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi mamlakatdagi uyali telefon shirkatlaridan "shubhali" ommaviy SMS yozishmalari haqda bildirib turishni so‘ragan.

Moskvada chiqadigan "RBK daily" nashri bu haqda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligidagi manbaga tayanib xabar qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi respublikadagi operatorlarni hukumatning birinchi talabi bilan uyali aloqa xizmatini o‘chirishni talab qilgani haqida yozgan "RBK daily".

Internet hizmatini amalga oshiruvchi operatorlarga esa Facebook va Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borish topshirilgan.

"RBK daily"ning yozishicha, hukumatning bu haqdagi rasmiy ko‘rsatmasi uyali telefon shirkatlariga 14 mart kuni kelib tushgan.

Hozircha O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi rasmiylari bu borada izoh bildirishmadi.

"RBK daily" jurnalisti Yelizavyeta Sergina bu haqda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligidagi ishonchli manbaadan ma‘lumot olganini aytadi.

"Lekin men bu manbaani oshkor eta olmayman. Lekin O‘zbekistondagi uyali telefon shirkatidagi hamda agentlikdagi manbaa buni tasdiqladi", - dedi "RBK daily"da bosilgan maqola muallifi Sergina.

Kuzatuvchilar fikricha, O‘zbekistonda uyali telefon va Internet tarmoqlarining nazoratga olinishi Yaqin Sharqdagi inqiloblar to‘lqini bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Tunis, Misr va Liviyada hukumatga qarshi noroziliklar aynan internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali muvofiqlashtirilgan edi.

"RBK daily" jurnalisti Yelizavyeta Sergina fikricha, O‘zbekistonda hukumat aynan SMS yozishmalarni nazoratga olishga urinayotgani bejiz emas.

"O‘zbekistonda Facebook, Twitter kabi sotsial tarmoqlardan nisbatan kam odam foydalanadi shu bois bu yerda hukumat uchun xavf yo‘qdek. Lekin, bu mamlakatda SMS orqali ommaviy jo‘natmalar yuborish imkonlari katta. Sababi O‘zbekiston aholisi orasida uyali telefon keng tarqalgan, qolavyersa telefon hizmatlari narxlari ham arzon. Meni nazarimda aynan shu bois O‘zbekiston hukumati SMS yozishmalarni nazoratiga olmoqchi", - deydi Yelizavyeta Sergina.

O‘zbekistondagi yirik uyali telefon tarmog‘i hisoblangan MTS shirkati vakili Bobur Nazarzade SMS yozishmalarni nazorat qilish haqida ko‘rsatma bo‘lganini tasdiqlamadi, inkor ham etmadi.

"Bizda bu masala bo‘yicha ma‘lumot yo‘q", - dedi MTS shirkatining O‘zbekistondagi vakili.

Bilayn nomi ostida O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi Rossiyaning ikkinchi yirik uyali telefon shirkati Vimpelkom vakili esa: "Biz bu ma‘lumotni tadiqlamaymiz. Vimpelkom shirkati bu borada rasmiy ko‘rsatma olmagan", - dedi.

"RBK daily" jurnalisti Yelizavyeta Serginaning aytishicha, O‘zbekiston hukumatidan ko‘rsatma bo‘lgan va rossiyalik uyali telefon shirkatlarining bu ko‘rsatmaga amal qilmasdan iloji yo‘q.

"O‘zbekistondagi rossiyalik operatorlar Turkmanistonda bo‘lgani kabi xolat takrorlanishi, ya‘ni litsenziyadan maxrum qilinishdan cho‘chishadi. Yaqinda Turkmaniston hukumati MTS shirkati litsenziyasini uzatirmagan va shirkat bu mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lgan edi", - deydi Yelizavyeta Sergina.

Ayni paytda Toshkentda 14 mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘zbek rasmiylari tarafidan Internetdagi axborotlarni "filtr"dan o‘tkazish takliflari ilgari surilgan.

Bu haqda xabar qilgan CA-news nashriga ko‘ra, O‘zbekiston Xalq ta‘limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirliklari vakillari mamlakat yoshlarida "mafkuraviy immunitet" hosil qilishga yordam berish maqsadida shunday chora qo‘llash zarurati haqida gapirganlar.

O‘zbekistondagi Internet foydalanuvchilar hozirda Facebook va Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlar ochiq ekani, lekin u yerdagi muayyan mavzulardagi forumlarga kirish qiyinlashganini aytishadi.

O‘zini Yulduz deb tanitgan 18 yashar o‘zbekistonlik qiz bu haqda Ozodlik radiosiga gapirdi.

"Ha to‘siq seziladi, ayrim saytlada kirish qiyin bo‘ladi. Bir hillari, masalan Odnoklasniki sayti bir hil paytlada umuman ishlamay qoladi. Lekin, Facebook da bunaqa qiyinchilik bo‘lmagan. Har doim kiramiz. Lekin, kirolmasak kirmiymiz, kutamiz ochilishini. Bir hil saytlani umuman ochib bo‘lmaydi. Yaqinlarimdan, do‘stlarimdan ochib berishni so‘rab yordam so‘rayman", - dedi Yulduz.

28 million aholiga ega O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni yetti milliondan oshadi.

"Chegara Bilmas Muxbirlar" tashkiloti ushbu xafta O‘zbekistonni "Internetning ashaddiy dushmanlari" bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiritdi.
XS
SM
MD
LG