Линклар

logo-print
Jahon qozoqlari 1992 yildan beri har 5 yilda bir marta qurultoy o‘tkazib turadi.

Bu yilgisi - Jahon qozoqlari IV qurultoyi kecha Ostonada ochildi.

Har 5 yilda bir marta qozoqlarga havas qilaman.

Bunday havasni tojiklar, turkmanlar, qirg‘izlar ham uyg‘otib turadi.

Qozoqlar qurultoyi ochilishi arafasida – 22 may kuni Jahon turkmanlari gumanitar assotsiatsiyasi (JTGA) ning 20 yilligi Ashxobodda bayram qilindi.

Yubiley munosabati o‘tkazilgan majlis ishtirokchilarini Berdimuhammedov qutladi.

Jahon qozoqlari IV qurultoyini Nazarboyev ochib berdi.

Aqayev ham, Bakiyev ham jahondagi qirg‘izlarga befarq emasdi. Ular ham o‘z davrida milliy qurultoylar o‘tkazgan. O‘tunboyeva bu yil ulgurmasa kerag-ov – ishi boshidan oshib yotibdi. Lekin keyingisi o‘tkazishi aniq.

Rahmon ham jahon tojiklaridan xabar olib turadi. Milliy anjumanlar o‘tkazib turadi.

Negadir mintaqada faqat o‘zbeklar o‘tkazmaydi milliy anjuman...
...dedimu 1992 yili Toshkentda o‘tkazilgan tadbir esimga tushib ketdi.

O‘sha tadbir rasman qanday atalgani yodimda yo‘q. Lekin formatiga ko‘ra Jahon o‘zbeklari qurultoyi edi. Qirg‘izistonlik o‘zbeklar delegatsiyasi safida men ham qatnashganman o‘sha anjumanda.

Islom Karimovning sobiq qudasi, amerikalik tadbirkor Abdurauf Maqsudiyning tashabbusi bilan uyushtirilgan Jahon o‘zbeklari qurultoyida Karimovning o‘zi ham qatnashgan.

Qurultoyni aynan Maqsudiy uyushtirganini aniq bilaman – chunki o‘sha olashovut 90-yillar boshida o‘shlik shoir Shavkat Rahmon Maqsudiy boshqargan xalqaro “El” tashkilotida bir muddat idoriy direktor bo‘lib ishlagan va u yugurib-yelib qurultoyning tashkiliy ishlarini qilganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman.

Bo‘ldi. O‘sha birinchi qurultoy oxirgi qurultoy bo‘ldi.

Nega?

Har holda Karimovlar oilasining Maqsudiylar oilasi bilan po‘m chiqib qolgani sabab bo‘lmasa kerak. O‘la-a-ar – butun boshli bir millat masalasi ikkita oilaning qovoq-tumshug‘iga qarab qolmas...

Negaligini, balki, bilarman ham. Taxminlarim ham yo‘q emas. Faqat o‘sha taxminlarga asos bo‘la oladigan faktlar yetarli emasligi uchun indamay qo‘ya qolay.

To‘g‘risi, qozoqlarning bu yilgi qurultoyi avvalgilariday menda kuchli havas uyg‘otmadi. Chunki O‘sh voqealaridan keyin “millat” degan so‘z menda allergiya qo‘zg‘atadigan bo‘lib qolgan.

Biroq, baribir, qozoqlarning qurultoyi o‘ylashga majbur qilayapti.

Butun jahon o‘zbeklarini qo‘yib turaylik. Hatto Afg‘oniston o‘zbeklariniyam. Hech yo‘q Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Trukmanistonda yashayotgan o‘zbeklar vakillarining qandaydir bir shaklda yig‘ilishini o‘tkazish kerak.

Tilga olingan mamlakatlarda yashayotgan o‘zbeklar muammolarini muntazam aytib kelamiz. Mana, Turkmanistonda o‘zbek maktablarini yopib tashladilar.

Qirg‘izistonda... (aytib o‘tirishim shartmi?!)

Tojikistonda ham rasmiy Toshkentga bo‘lgan munosabat mahalliy o‘zbeklarga munosabatda aks etayapti, deyishadi.

Xullas, Toshkent qo‘shni o‘zbeklar vakillarini yig‘ib, ularga quloq solib qo‘ymasa bo‘lmaydi.

O‘zbeklar o‘zlari yashab turgan mamlakatlar hukumatlari xohlagan taqdirda ham to‘la yechib berolmaydigan, faqatgina Toshkent, ham o‘z qo‘li bilan, ham qo‘shni poytaxtlar bilan gaplashib hal qiladigan muammolar bor.

Toshkent qo‘shni o‘zbeklarning siyosiy muammolariga aralashmasin, mayli. Yechilmay yotgan gumanitar muammolarini so‘rab qo‘ysin ularning. Hech yo‘q SO‘RAB QO‘YSIN!

Toshkent shu ishni 20 yildan beri qilib kelganida O‘sh fojeasi ham yuz bermagan bo‘lardi. Men buni ishonch bilan aytayapman.

Cho‘zvordim.

Alam qiladigani shuki, ushbu matnni 5 marta kattaroq yozsam ham ikki pullik foydasi bo‘lmasligini aniq bilaman.

Istayotganim ishni O‘zbekiston rahbariyati shu paytgacha qilmagan, bundan keyin ham qilmaydi. Har holda hozirgi prezident davrida.

Unda nega vaqt sarfladim yozishga?

Unda nega vaqt sarfladingiz o‘qishga?

Bilmayman.
XS
SM
MD
LG