Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 11:05

Medvedev va Karimov yana bir-birini ogohlantirdi


Toshkentda uchrashgan ikki davlat rahbari "arab bahori" oqibatlaridan bir-birini ogohlantirdi.
Toshkentda uchrashgan ikki davlat rahbari "arab bahori" oqibatlaridan bir-birini ogohlantirdi.
Rus nashrlari “arab bahori”dan cho‘chigan Karimov Medvedevni maslahat uchun Toshkentga taklif qilgani haqida yozmoqda.

O‘zA agentligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov taklifi bilan 13 iyun kuni Toshkentga uchib kelgan Rossiya prezidenti Dimitriy Medvedev o‘rtasidagi so‘zlashuvlar aeroportdayoq boshlangan.

Agentlik bergan muxtasargina xabarga ko‘ra, ikki davlat rahbarining 14 iyunga belgilangan so‘zlashuvlarida asosiy e‘tibor savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan.

Ammo, Rossiya rasmiy matbuoti tilga olgan “arab bahori” haqidagi muzokaralar haqida o‘zbek rasmiy matbuotida bir jumla ham gap yo‘q.

Rossiyaning “1 Kanali” esa har ikki prezidentning aynan shu masalada bergan bayonotini eshittirdi.

Jumladan, prezident Dimitriy Medvedev Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq davlatlarida bo‘lgan voqealarning oqibatlari uzoq vaqt xalqaro maydondagi munosabatlarga ta‘sir ko‘rsatishini alohida ta‘kidladi.

- Biz, shubhasiz, bu voqealar bizga tushunarli va ma‘lum bo‘lgan ssenariy asosida rivojlanishidan manfaatdormiz, chunki bu davlatlar bilan bizni ko‘zga ko‘rinmas ravishda bog‘lagan ko‘plab rishta bor,- der ekan Dimitriy Medvedev arab diyoridagi voqealardan so‘ng Rossiyaning boshqa davlatlar, ayniqsa, yon qo‘shnilari bilan aloqalari murakkablashishi va hatto, destruktiv xarakterga ega bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

O‘z navbatida bunga javoban so‘zlagan prezident Karimov esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri muddaoga ko‘chdi.

O‘zbekiston rahbari “arab bahori”ning ikki davlat yetakchisi o‘rtasidagi bugungi muhokama yaqin kelajakda bu g‘alayonlar ta‘sirida yuz berishi mumkin bo‘lgan voqealar arafasidagi maslahatlashuv o‘laroq muhim ekani va bundan har ikki tomon teng manfaatdor ekani haqida gapirdi.

- Bugun Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda bo‘layotgan hamma voqealar, Afg‘onistonda shakllanayotgan bugungi vaziyat, ishonchim komilki, ham Rossiya, ham O‘zbekistonni xavotirga solmasligi mumkin bo‘lmagan masalalardir. Eng birinchi navbatda, bizning umumiy pozitsiyamizni ishlab chiqish nuqtai-nazaridan, yaqin kelajakda hal qilinishi kerak bo‘lgan masala bo‘yicha fikr almashish nuqtai-nazaridan, dedi O‘zbekiston rahbari.

Rossiya mustaqil nashlari Dimitriy Medvedevning O‘zbekistonga borishi haqidagi xabar paydo bo‘lganidan buyon prezident Karimov O‘zbekistonda ichki g‘alayonlar ehtimoli bois yordamga muhtojlik sezib, Rossiya rahbarini taklif qilgani haqida yozmoqda.

Ayrim nashrlar esa Dimitriy Medvedev Karimovdan tinch yo‘l bilan hokimiyatni tark etishini so‘rab borgani haqida yozmoqda.

Jumladan, bu haqda yozgan Rossiyadagi nufuzli nashrlardan biri Kommersantga intervyu bergan Rossiyadagi “Adolatli tashqi siyosat uchun” markazi bosh direktori Sergey Zatsepilov O‘zbekistonda siyosiy beqarorlik bo‘lishini istamayotgan Rossiya rahbariyati O‘zbekiston rahbariyatining bugungi ahvolidan unumli foydalanishi va masalani ko‘ndalang qo‘yishi haqida so‘zladi.

“Medvyedevning bu safardan ko‘zlagan eng asosiy maqsadi – O‘zbekistonni o‘ziga bog‘lash va ShHTda Xitoy ishtirokidagi Osiyo mintaqasi xavfsizligiga oid yangi sistema tuzilishi oldidan O‘zbekiston bilan bu borada kelishib olish bo‘ladi. O‘zbekistonda ichki g‘alayonlar sodir bo‘lishi ehtimoli bor. Hukumatning eng yuqori esheloni o‘zgarishi ham kutilmoqda. Shu bois, hokimiyat almashinuvi silliq, tinch o‘tishi va ShHTning xavfsizlik bo‘yicha tegishli vakolatlarni zimmasiga olishi, O‘zbekiston tomoni esa bu masalada yaqin hamkorlik qilishini ta‘minlash juda muhimdir”, deya ta‘kidlaydi Kommersant nashriga so‘zlagan Sergey Zatsepilov.

Ayni nashrga so‘zlagan Moskva Davlat univyersiteti qoshidagi Sobiq Sovyet davlatlari bo‘yicha tadqiqotlar markazi direktori Aleksey Vlasov esa siyosiy beqarorlik paydo bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston Rossiyadan ko‘mak so‘raydi, deb hisoblaydi.

“Aftidan o‘zbek establishmenti arab diyorida sodir bo‘lgan so‘nggi voqealardan va buning O‘zbekistonda, xususan, bu yerdagi radikal islomiy tashkilotlar faoliyatida aks etishidan qo‘rquvga tushganga o‘xshaydi. U holda Vashingtondan yordam kelishi dargumon, albatta. Biroq, istagan taqdirda O‘zbekiston Rossiyadan jiddiygina yordam olishi mumkin. Hozir O‘zbekiston o‘z siyosatini dam Xitoy, dam Rossiya, dam G‘arbga moslab kelmoqda. Ammo, hozir aftidan shunday fursat tug‘ildiki, O‘zbekistonda yana Moskvaga yuz burish imkoni paydo bo‘ldi”, deydi Aleksey Vlasov.

Shu o‘rinda eslatish kerak, Rossiya matbuotida O‘zbekistonda xalq g‘alayonlari yuzaga chiqishi mumkinligi va Rossiya o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, bunday hodisalarga tayyor turishi kerakligi haqida xabarlar anchadan buyon kuzatilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistondan quvilgan muxolifat guruhlarining ayrimlari “O‘zbekiston xalq harakati” nomi ostida birlashib, siyosiy tadbirlarni uyushtirayotgani va ayrim muxolif guruhlarning O‘zbekistonda sms-inqilobini amalga oshirish haqidagi da‘volari rus ekspertlari taxminini qaysidir darajada quvvatlayotgandek ko‘rinmoqda.

O‘zbekistonda esa hukumat nafaqat bu jarayonlar, hatto, arab diyoridagi g‘alayonlarga oid xabarlar oqimini mutlaqo bo‘g‘ib qo‘yganiga qaramay hukumatning ehtimoliy isyon potensiali ko‘rilayotgan guruhlar, ayniqsa, dindorlar ustidan nazoratni kuchaytirgani aytilmoqda.

14 iyun kuni Rossiya prezidenti Dimitriy Medvedev bilan O‘zbekistonda ehtimoliy siyosiy beqarorlik bobida maslahatlashib olgan prezident Karimov shu kuniyoq ShHTning navbatdagi yig‘ilishi uchun Ostona shahriga jo‘nab ketdi va rossiyalik tahlilchilar fikricha, Ostona yig‘ilishida ham Toshkent uchrashuvlarida tilga olingan “arab bahori”ning ShHT davlatlari hududiga ta‘siri muhokamasi kun tartibida bo‘ladi.
XS
SM
MD
LG