Линклар

logo-print

X-variant, telefon va shpargalka abituriyentga bu yil ham ish berdi


Bu yil poytaxtdagi aksariyat oliy o‘quv yurtlarida imtihonga kirish ustidan nazorat kuchliroq bo‘lsada, ichkaridagi nazorat har yilgidek poraning kuchi bilan bemalol yumshagani aytilmoqda.

Bu yil poytaxtdagi aksariyat oliy o‘quv yurtlarida imtihonga kirish ustidan nazorat kuchliroq bo‘lsada, ichkaridagi nazorat har yilgidek poraning kuchi bilan bemalol yumshagani aytilmoqda.

2 avgust kuni O‘zbekistondagi Oliy o‘quv yurtlariga qabul imtihonlari bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahridagi ayrim oliy o‘quv yurtlari qabul hay‘atlari xodimlari va imtihon topshirib chiqqan abituriyenlarning so‘zlariga ko‘ra, bu yil imtihon olinadigan xonaga yetib borgunga qadar abituriyent kamida ikki – uch bosqichli tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Jumladan, Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika univyersitetiga kirish imtihonini topshirgan abituriyent qiz Gulchehra tekshiruv kuchaytirilgani bois imtihon aytilgan vaqtdan qariyb bir yarim soat kechikkanini aytdi.

- Imtihon 10da boshlandi, 1da tugadi. Oltitamikin eshikdan qattiq nazorat bilan kirdik, - deydi Nizomiy univyersitetiga imtihon topshirgan Gulchehra.

M.Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy univyersitetiga hujjat topshirgan yana bir abituriyent Xayrullo o‘tirgan xonada esa test savollarini yechishga soat 10 yarimda ruxsat berilgan.

- Uch martamikan, kamida ikki marta tekshiruvdan o‘tkazdi. Soat 10, 10 yarimda boshlandida imtihonlar. Tekshirish bo‘lgani uchun, guruhlar vaqtida yig‘ilmagani uchun kechikib ketdi, - deydi tez orada talaba bo‘lishiga qattiq umid bog‘lagan Xayrullo.



Ozodlikka so‘zlagan abituriyentlarga ko‘ra imtihon topshiriladigan xonalarga yetib olish uchun uch-to‘rt bora qattiq tekshiruvdan o‘tkazilganiga qaramay, bu yil ham ichkarida X-variant, telefon va shapargalka kabi yordamchi vositalardan foydalanib, imtihon topshirganlar ko‘pchilik bo‘lgan.

- Masalan, to‘rtta telefon olishib, har bir eshikda bittadan berib ketishdida, o‘ziga bitta qoldi. Shunday qilib telefonni olib kirishdi.

Ozodlik: Keyin telefonda bog‘lanib testning javoblarini olishdimi?

- Ha, lekin juda qiyin ishlatishdida. O‘qigan yaxshi ekan. Men o‘qigan edim ikkala fanimdan ham. Uchala blogimni ham yechib bo‘lganimda ular hali ham telefonda tarixni gaplashib o‘tirishgan edida.

Ozodlik: Nazoratchilar indamadimi?

- Pul berishdida nazoratchiga.

Ozodlik: Qanchadan berishdi?

- 10-20 mingdan berishdi, - deydi pedagogika univyersitetiga imtihon topshirgan Gulchehra.

Shuningdek, Toshkent Davlat Yuridik institutiga imtihon topshirgan toshkentlik abituriyentlardan biri ham u o‘tirgan xonadagi o‘z ilimiga ishonmagan yoshlar bemalol shpargalka va telefondan foydalanib, imtihon topshirganini so‘zlab berdi.

Xullas, garchi nazoratni kuchaytirishga qattiq harakat qilinganiga qaramay, bu yilgi test sinovlarining topishirilishi paytida ham tartibbuzarliklar, poraxo‘rliklar kuzatilgani aytilmoqda.

Shuningdek, aynan Toshkentdagi Yuridika instituti va Milliy univyersitetida butun boshli korrupsion tizimning birgalikdagi say‘-harakatlari bilan tashkil qilinadigan "Bunker" va ustamon, faxriy abituriyentlar ko‘magina amalga oshiriladigan "Parovoz" kabi uslublardan ham foydalanilgani aytilmoqda.

Ozodlik manblariga ko‘ra, qaysidir oliy o‘quv yurtlarida noqonuniy hatti-harakatlarga umuman imkon berilmagan holatlar ham kuzatilgan, ammo bu barmoq bilan sanarli darajada ozdir.

Bu yil O‘zbekistondagi Oliy o‘quv yurtlariga qabul imtihonlari har yilgidan farqli ravishda 1 avgustda emas, balki 2 avgustda bo‘lib o‘tdi va bu Vazirlar mahkamasining qarori bilan e‘lon qilindi.

Toshkent shahridagi Oliy o‘quv yurtlari qabul hay‘atlari va rektoratlaridagi xodimlaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, bu yil abituriyentlar soni o‘tgan yilgidan sezilarli ravishda ko‘p bo‘lgan.

- Ko‘p bo‘lganining hisobiga bir kunga surildiku.

Ozodlik: Bir kunga surilgani abituriyentlar ko‘pligi bilan bog‘liqmidi ëki boshqa sababi bormidi?

- Yo‘q, yo‘q, abituriyentlarning ko‘pligi, sifatliroq, yaxshi tashkillashtirish masalasida, - deydi jumladan Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika univyersitetining rektoratdagi mas‘ul xodimlaridan biri.

Ayni paytda Respublika Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi ham bu yilgi qabulda respublika bo‘ylab 418 ming 724 nafar abituriyent hujjati qabul qilingani va buning o‘tgan yilgidan 33 ming nafarga ko‘p ekanini e‘lon qilgan edi.

Shu bois o‘tgan yili mamlakatdagi barcha oliy o‘quv yurtlari bo‘ylab bir o‘ringa o‘rtacha 6 kishidan to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu yil o‘rtacha 7 kishidan to‘g‘ri keldi.

Misol uchun, Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika univyersitetining qabul hay‘atida ishlayotgan xodimga ko‘ra, bu yil bu dargohga 17 ming 357 nafar abituriyent hujjati qabul qilingan

Bu xodimning so‘zlariga ko‘ra, bu yil hujjatlarning qabul qilish chog‘ida tekshiruv ham qattiq bo‘lgan. Ammo, bu qabul chog‘ida aytilgani kabi viloyatdan kelgan abituriyentlarni qaytarish evaziga bo‘lmagan.

- Hujjatlarni qattiqroq tekshirdi. O‘tgan yillari medspravkalarga umuman qaramas edi. Bu yil medspravkalarni propiskasi bor joyda olib kelishni so‘rashdi. Biroz e‘tirozlar bo‘ldi. Viloyatdan kelgani uchun deb hech kimni qaytargani yo‘q, - dedi Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika univyersitetining qabul hay‘atida ishlayotgan xodim.

Lekin univyersitet va institut qabul hay‘atlari xodimlari og‘zidan olingan bu ma‘lumotlarga zid keluvchi ayrim norasmiy ma‘lumotlar ham bor.

Misol uchun, bu yil rostdan ham viloyatdan poytaxtga kelayotgan abituriyentlar oqimini kamaytirish maqsadida qabul jarayonining kechiktirilgani, lekin bu oqimni kamaytirishga muvaffaq bo‘linmagach, oxir-oqibatda, turnaqator yoshlarning hujjatlarini qabul qilish kechikib, bu jarayonning imtihon kunini kechiktirishga sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Shuningdek, Toshkentdagi Oliy o‘quv yurtlarida qabul imtihonlarida bir necha yil nazoratchilik manbaning so‘zlariga ko‘ra, bu yil davlat test markazidagi test savollariga javoblar qaysidir manbalar orqali sotuvga chiqib ketgan va shu sabab oxirgi kunlarda test sinovi tizimiga o‘zgartish kiritishga to‘g‘ri kelgan.

Ammo, bular hozircha norasmiy ma‘lumotlar va Davlat test markazi mutasaddilaridan bu ma‘lumotlarga oydinlik kiritishning imkoni bo‘lmadi.

Markazning telefon go‘shagini olgan xodim hamma test sinovi bilan bandligi va o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, to test sinovi natijalari e‘lon qilinmagunga qadar markaz xodimlari bilan bog‘lanish imkonsizligini aytdi.

Eslatish kerak, ushbu markaz yillar davomida aynan qabul imtihonlari jarayonidagi noqouniy harakatlar, korrupsiya uchun tanqid qilib kelinadi. Bundan bir necha yil muqaddam Davlat test markazi rahbari hamda Vazirlar mahkamasining qo‘shimcha talabalik o‘rni berilishiga mas‘ul xodimi aynan korrupsiyada ayblanib ishdan olingan edi.
XS
SM
MD
LG