Линклар

logo-print

Qozog‘iston O‘zbekistonga bergan ikki qochqin ishi sudga oshdi


Qozog‘iston 29 qochqinni bir yil hibsda saqlab, O‘zbekiston ixtiyoriga topshirdi.

Qozog‘iston 29 qochqinni bir yil hibsda saqlab, O‘zbekiston ixtiyoriga topshirdi.

Har ikki tutqunga O‘zbekiston JKning 159 va 244-moddalariga binoan, “Jihodchilar” guruhiga a‘zolik aybi qo‘yilgani aytilmoqda.

Qozog‘istondan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan qochqinlardan biri 43 yoshli Ahmad Boltayevning otasi Olim Boltayev Ozodlikka o‘g‘lining ishi sudga oshirilganini ma‘lum qildi.

- Advokat o‘g‘lingizni ishi tergovdan sudga oshdi deb xabar qildi, telefon qildi,- deydi Surxondaryo viloyati, Oltinsoy tumani, Alpomish mahallasida istiqomat qiluvchi Olim Boltayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘liga O‘zbekiston jinoyat kodeksining 159, 244-moddaning har ikkala bandiga binoan ayb qo‘yilgan.

Keksa yoshli Olim Boltayev bu moddalarda qanday ayblov nazarda tutilgan va o‘g‘li bu aylovlarga yarasha jinoyat qilganmi-yo‘qmi, buni aniq bilolmayotganini aytmoqda. Unga ko‘ra, tergov xulosasi A. Boltayevning yaqinlariga ma‘lum qilinmagan.

A. Boltayevni himoya qilayotgan advokat Ozodlik bilan suhbatlashishga rozi bo‘lmadi.

Ma‘lum bo‘lishicha, A. Boltayevga “Jihodchilar” guruhiga a‘zolik bilan bog‘liq ayb qo‘yilgan va Boltayev bu ayblovlarni tan olgan.

1968 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Ahmad Boltayev ilk bor 2000 yilning 3 aprelida Toshkent shahrida hibsga olingan va shu yili Toshkent viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining bir yo‘la 6 ta moddasi — 155, 156, 159, 161, 242, 276-moddalariga binoan aybdor topilib, 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi tarqatgan xabarga ko‘ra, Ahmad Boltayevga qo‘yilgan ayblovlar sudda o‘z tasdig‘ini topmagan.

Shunga qaramay, qamoqqa jo‘natilgan A. Boltayev, otasi Olim Boltayevning so‘zlariga ko‘ra, 2003 yilda prezident farmoni bilan amnistiya akti qo‘llanib ozodlikka chiqarilgan. U o‘tgan yili Qozog‘istonda ishlab yurgan paytida O‘zbekiston so‘roviga binoan qo‘lga olingan edi.

9 iyunda O‘zbekistonga berilgan yana bir qochqin, Toshkent viloyati Qibray tumanida istiqomat qilgan Qobil Qurbonovning yaqinlari ham unga nisbatan tergov yakunlanib, uning ishi ham sudga oshgani va tez orada mahkama jarayoni boshlanishi kutilayotganini aytdilar.

Ammo, har ikki tutqun oila-azolariga ular bilan uchrashuv imkoni berilmagan.

Xususan, Olim Boltayev o‘z o‘g‘lini ko‘rsatishlarini so‘rab, bir necha bor Surxondrayo viloyati MXX boshqarmasiga borganini aytdi.

- O‘g‘limizni ko‘rsatgani yo‘q. “Telefon qilaman. Ko‘rsatamiz” deganicha hali telefon qilgani yo‘q,- deydi Olim Boltayev.

Unga ko‘ra, o‘g‘li bilan ko‘rishgan advokat hech qanday qiynoq qo‘llanilmagani va A. Boltayevning ahvoli yaxshi ekanini aytgan.

- O‘g‘limning ahvolini yaxshi dedi. Milliy xavfsizlik uyga kelib “Taëq yegani yo‘q. Yaxshi, hozir ahvoli durust” deb aytdi menga,- deydi Olim Boltayev.

Shuningdek, Qobil Qurbonovning yaqinlari ham advokatdan uning hibsda yaxshi saqlanayotgani va qiynoqqa tutilmaganinini eshitishganini aytmoqda.

Huquq himoyachilari qiynoqlardan xavotirda

Ammo, o‘zbekistonlik inson huquqlari himoyachilari bunday ma‘lumotlarga katta shubha bilan qaramoqda.

O‘zbekistonga Qozog‘istondan ekstraditsiya qilingan va asosan, diniy motivlarda ayblanayotgan bu qochqinlar ishini kuzatib kelayotgan huquq faoli Sur‘at Ikromovga ko‘ra, qochqinlar qo‘yilgan ayblovlarni tan olayotgani va ularning hanuzgacha o‘z yaqinlariga ko‘rsatilmayotganining o‘ziyoq qiynoqlar borligidan dalolatdir.

Yaqinda Rossiyadagi “Memorial” tashkiloti ham o‘z manbalariga tayanib, Qozog‘iston O‘zbekistonga berib yuborgan e‘tiqod tutqunlari qiynoqqa solinayotgani haqida bayonot bergan edi.

Bu tashkilot xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z manbalarini oshkor qilmadi.

Eslatamiz, shu yil 9 iyun kuni bir yarim yildan ortiq Qozog‘istonning Olmaota shahridagi ikki hibsxonada saqlangan 29 qochqin O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan edi.

O‘zbekistonga keltirilganidan buyon bu qochqinlardan yaqinlari O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhiga murojaat qilgan faqat 5 nafari taqdirini bilvosita kuzatish imkoni bo‘lmoqda.

Qolgan qochqinlar taqdiri esa mutlaqo noma‘lum qolmoqda.

O‘zbekistondagi huquq faollari ularning O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati hamda shu ikki kuch ishlatar tuzilmalarning turli viloyatlardagi bo‘limlarida saqlanayotganini aytmoqdalar.

29 qochqin Olmaotadagi hibsxonada saqlanayotgan kezda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan ularning ekstraditsiyasi so‘ralib, yuborilgan so‘rovnomada bu qochqinlarning ayrimlari 1999 yildagi portlashlar, ayrimlari 2008 yilda Anvar qori Tursunovga suiqasd va Ichki ishlar vazirligi mulozimi Hasan Asadov o‘limiga aloqadorlik, yana ayrimlari esa “Jihodchilar”, “Vahhobiylar” kabi diniy oqimlariga aloqadorlikda ayblangani haqida norasmiy manbalar ma‘lum qilgan edi.

Ammo, bu ma‘lumotlarga oydinlik kiritish uchun Ozodlik radiosi muxbirining O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridan ma‘lumot olishga qilgan urinishlari natija bergani yo‘q.

Xuddi shunday o‘zbekistonlik huquq faollarining yozma murojaatlari ham hanuz javobsiz qolmoqda.
XS
SM
MD
LG