Линклар

Bugun Qohirada sobiq prezident Husni Muborak va uning ikki o‘g‘li ustidan fevral oyida aksilhukumat namoyishi ishtirokchilarining o‘ldirilishi bilan bog‘liq ayblovlar yuzasidan mahkama boshlanadi.

Fevral oyida prezidentlikdan chetlatilgan Muborak Qizil dengiz sohilidagi Sharm ash-Shayx oromgohidagi harbiy shifoxonada davolanayotgan edi.

Sobiq prezident bugun Sharm ash-Shayxdan Qohiraga uchib kelishi kutilayapti.

Muborak, shuningdek, o‘ttiz yil davomida noqonuniy boylik to‘plash ayblovlariga ham yuz tutmoqda.

Husni Muborakning ikki o‘g‘li Alaa va Gamal hozirda Qohiradagi Tora qamoqxonasida ushlab turilibdi.Ular ham pulni noqonuniy o‘zlashtirishda ayblanmoqda.

Mahkama Qohiradagi Politsiya akademiyasida bo‘ladi.

Muborak va boshqa ayblanuvchilar sudda temir qafas ichida hozir bo‘lishlari va mahkama majlisi mamlakat televideniyesi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib ko‘rsatilishi kutilayapti.

Fevral oyida yuz bergan g‘alayonlardan buyon Muborakning 20 dan ortiq vazirlari va unga yaqin bo‘lgan amaldorlar hibsga olingan edi.

Hozirda Husni Muborak, Misr sobiq Ichki ishlar vaziri Habib al-Adliy va yana olti nafar sobiq harbiy amaldor namoyishchilarga qarata o‘t ochish buyrug‘ini berishda ayblanmoqda.

Ushbu ayblov isbotlansa, ular o‘lim jazosiga hukm etilishi mumkin.
XS
SM
MD
LG