Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 10:41

Suv muzokarasi O‘zbekiston ishtirokisiz o‘tmoqda


“Qozog‘istonga suv yetkazib berish masalasi Toshkent ishtirokisiz hal bo‘lmaydi”. Bishkeklik mutaxassislar ana shunday deyishmoqda.

Qozog‘iston delegatsiyasi 3 kundan buyon Bishkekda qirg‘iz rasmiylari bilan suv masalasini hal etishga harakat qilayapti. Biroq muzokaralarning qanday borayotgani haqida Qozog‘iston delegatsiyasi ham, Qirg‘iziston hukumati rasmiylari ham ma‘lumotlar berishdan bosh tortishmoqda.

Suv masalasidagi muzokaralarning nega sir saqlanayotgani hozircha tushunarsiz bo‘lib turibdi. Faqat ma‘lum bo‘lgani shuki, qozoq tomoni minglab gektar ekin maydonlari qurib qolayotgani sababli Qirg‘izistondan qo‘shimcha suv berilishini iltimos qilmoqda. Qirg‘iziston tomoni esa qo‘shimcha suv beriladigan bo‘lsa, Qirg‘iziston qishda elektr ta‘minotidan qiynalishini bildirayapti.

Qirg‘iziston suv xo‘jaligi va melioratsiya qo‘mitasi rahbari Ziyadin Jamaldinovning aytishicha, qirg‘iz tomoni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston ekin maydonlariga yetarli darajada suv chiqarmoqda. Biroq O‘zbekistonda suvning belgilangan me‘yordan ko‘p ishlatilayotgani tufayli Qozog‘istonga suv yetmayapti.

- Energetiklar elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytiramiz, degan qarorga kelsagina, qo‘shni davlatlarga berilayotgan suv miqdorini ko‘paytirishimiz mumkin. Biroq ortiqcha elektr energiyasini kimdir sotib olishi kerak, bunga esa xaridor yo‘q. Qozog‘iston iltimos qilayotganiday, suvni elektr energiyasi ishlab chiqarmay berish shartiga biz rozi bo‘lolmaymiz, - dedi Ziyadin Jamaldinov.

Bishkeklik tahlilchi Qayrat Mo‘ldo‘shevning aytishicha, Qozog‘iston delegatsiyasi suv borasidagi muzokaralarni ijobiy yakunlagan taqdirda ham, u O‘zbekiston va Tojikiston ishtiroksiz o‘tayotgani uchun amalda hech qanday samara bermaydi, chunki Qozog‘istonga suv yetib borishi uchun O‘zbekiston ham, Tojikiston ham zimmasiga muayyan majburiyatlarni olishlari kerak.

- To‘qto‘g‘ul GESidagi suvni ochganimiz bilan u to‘g‘ri Qozog‘istonga yetib bormaydi. Oldin suv O‘zbekistonga, undan Tojikistonga o‘tadi. Tojikistondan suv yana O‘zbekistonga qaytadi va keyin Qozog‘istonga beriladi. Shuning uchun bir davlatga suvning yetib borishi uch davlatga bog‘liq bo‘lib turibdi, - deydi Qayrat Mo‘ldo‘shev.

Tahlilchiga ko‘ra, Qozog‘istonga qo‘shimcha suv berilgan taqdirda ham uni O‘zbekiston va Tojikiston o‘zlashtirib oladi, chunki bu mamlakatlar dalalarida ham bugungi kunda suv taqchilligi kuzatilmoqda.
XS
SM
MD
LG