Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 03:59

“Oraliq uy buzilsa, tovon puli beriladi”


O‘sh shahrida qayta tiklanayotgan uylar, agar shahar bosh planiga muvofiq kelmay qolgan taqdirda, yana buzilishi mumkinligi aytilmoqda.
O‘sh shahrida qayta tiklanayotgan uylar, agar shahar bosh planiga muvofiq kelmay qolgan taqdirda, yana buzilishi mumkinligi aytilmoqda.
O‘sh shahar arxitekturasi o‘tgan yilgi voqealarda yondirilgan va hozirda qayta qurilayotgan xususiy uylarni shahar bosh plani amalga oshirilganida buzilishidan ogohlantirmoqda.

Bu borada Ozodlikka 2010 yilda uylari yondirib yuborilgan o‘shliklar ma‘lum qildilar.

Ismi oshkor qilinishini istamagan o‘shliklardan birining aytishicha, O‘sh shahar arxitekturasi unga 2010 yilda yondirib yuborilgan uyining o‘rniga yangisini qurish uchun qurilish loyihasini tasdiqlab bergan. Biroq loyihada u O‘sh shahri Bosh plani amalga oshirilgan taqdirda yangi qurilajak uylar buzilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan:

- “O‘sh shahrining Bosh plani bo‘yicha mazkur uchastkada ko‘p qavatli uylarning qurilishi mo‘ljallangan. Shu sababli ushbu qurilish O‘sh shahri Bosh plani amalga oshirilgunicha vaqtinchalik hisoblanadi”, deb yozib qo‘yilgan. Bu degani qurayotgan uylarimiz vaqtincha degani-da, biz hozir uylarni qurib olsak, vaqtincha yashayotgan bo‘lib qolayapmiz-ku.

Ozodlik: Sizlarga ana shu plan berilayotganida so‘ramadinglarmi “Nimaga bunday? Keyin biz qayerda yashaymiz?” deb?

- Hozir odamlarning hammasi shokda. Qurilishning ikkinchi bosqichini juda kechiktirishdi. Mana may, iyun, iyul o‘tib ketdi, biz uy qurishda uch oy vaqtni yutqazdik-da. Avgustda ham qurilish to‘la boshlanmadi. Shuning uchun odamlar sabrsiz bo‘lib qolgan. “Ruxsat bersa, qurilishni tezroq boshlab, qishgacha bitkazib olaylik”, degan o‘yda hamma. Shuning uchun ko‘p odamlar bunga e‘tibor bermagan, - deydi o‘shlik suhbatdoshimiz.

Uning aytishicha, hozir o‘shliklar orasida “Uylar buzilsa, uylarning o‘rniga tovon puli to‘lanmaydi” qabilida xavotir paydo bo‘lgan:

- Shahar markazidagi yer bilan shahar chekkasidagi yerning farqi bor-da ot bilan tuyadek. Shahar markazidagi yer 10 ming dollar tursa, shahar chekkasidagi yer 2 ming dollar turadi. Bir inson shahar markazida yashagan bo‘lsa, shunga o‘rgangan-da. Boshqa yerga ko‘chib borgandan keyin ham uy qilish uchun yana 5-6 yil vaqt ketadi. U yerga yana suv, gaz, svyet olib borish, ekin qilish, obod qilish kerak. Men 42 ga kirdim. Umrimiz uy qurish bilan o‘tib ketadimi? Shu uylarni qurayotganda, bir umrimiz ketdi. Mana hozir yonib ketganidan keyin yana umrimiz o‘tayapti, ikkinchi yil bo‘ldi. Yana 3-4 yildan keyin uyimizni buzishsa, yana 3-4 yil uy quramizmi? “Biz yashaymizmi yo uy quramizmi?” degan o‘ydamizda, - deydi o‘shlik suhbatdoshimiz.

O‘sh shahar arxitekturasi xususiy uy qurilish bo‘limi boshlig‘i Qodirjon Maqsutov Ozodlikka yangi qurilayotgan uylarning loyihalariga uylar buzilishi to‘g‘risida ogohlantirish yozilayotganini tasdiqladi.

“O‘sh shahri rekonstruksiya bo‘ladi, bosh planda shunday, yangi qurilayotgan uylarga hozir ogohlantirish yozib qo‘ymasak, ertaga “men bilmagandim” degan gaplar bo‘lishi mumkin”, der ekan Qodirjon Maqsutov Bosh plan amalga oshirilayotganda buzilajak uylarga tovon puli to‘lanishini aytadi:

- Albatta tovon puli to‘lanadi, busiz bo‘lmaydi. O‘zboshimchalik bilan bino qurib olganlardan tashqari, boshqa har qanday qonuniy qurilishlarga tovon puli to‘lanadi.

Ozodlik: Odamlar orasida: “uylarimiz buzilsa, bizga tovon puli bermay qo‘yishi mumkin” degan qo‘rquv bor. Nima uchun loyihalarga yozilgan ogohlantirishda tovon puli to‘lanishi to‘g‘risida yozilmagan?

- Tovon puli O‘sh shahri Bosh plani amalga oshirilganida beriladi. Har bir odamga konkret tarzda yozib bersak, odamlar boshqacha tushunib qolishlari mumkin. Ko‘p odamlar ruxsatsiz uy qurib olishgan, o‘shalar odamlarni chalg‘itmoqda, - dedi O‘sh shahar arxitekturasi xususiy uy qurilish bo‘limi boshlig‘i Qodirjon Maqsutov.

Asnoda iyun qirg‘inidan avval bir xonadonda bir necha oila istiqomat qilgan uylarning egalari O‘sh va Jalolobod viloyatlarini qayta tiklash davlat direksiyasi tomonidan qurib berilayotgan 100 kvadrat metr uy ular uchun torlik qilishini aytib, o‘z hisobidan qo‘shimcha xonalar qurishmoqchi. Biroq, suhbatdoshlarimizga ko‘ra, O‘sh va Jalolobod viloyatlarini qayta tiklash davlat direksiyasi o‘shliklarga o‘z hisobidan qo‘shimcha xonalar qurishga ham ruxsat bermayapti.

O‘sh va Jalolobod viloyatlarini qayta tiklash davlat direksiyasi matbuot kotibi Melis Erjigitov buning sabablarini Ozodlikka mana bunday izohladi:

- Biz donorlar bilan hamkorlikda 100 kvadrat metrgacha bo‘lgan uylarni qurib bitkazamiz. Uy egalari uyini qancha kengaytirmoqchi bo‘lsa, faqat biz qurilishni yakunlaganidan so‘ng kengaytirish huquqiga ega. Biz qurilishni tugatmagunimizcha ular parallel ravishda qurilish qilish huquqiga ega emaslar, chunki ular bizning qurilishga xalaqit berishadi, - dedi Melis Erjigitov.

O‘sh va Jalolobod viloyatlarida 2010 yilda yondirilgan uylar o‘rniga yangilarini qurishning ikkinchi bosqichi shu yil iyun oyidan boshlangan. Biroq O‘sh shahrida qurilish ishlarining boshlanishiga turli sabablarga ko‘ra ruxsat berilmay kelinayotgandi.

Asnoda avgust oyidan boshlab O‘sh va Jalolobodni qayta tiklash ishlarini moliyalashtirayotgan xalqaro donorlar talabi bilan O‘sh shahrida ham qurilishning ikkinchi bosqichini boshlashga ruxsat berilgan.
XS
SM
MD
LG