Линклар

Joriy yilning olti oyida Rossiyadan Tojikistonga taqriban 400 ta tobut keldi.
Bu haqda Ozodlikka Tojikiston Ichki ishlar vazirligi mas‘uli Humayro Mirova ma‘lum qildi.


- Yil boshidan buyon 400 ga yaqin fuqaromizning jasadi joylangan tobutni Rossiya tomonidan qabul qilib oldik. Ularning ko‘pi baxtsiz hodisalar, kasallik, shuningdek, qotillik qurboni bo‘lgan, - der ekan Mirova xonim Rossiyadan o‘ligi kelgan mehnat muhojirlarining 80 foizini yoshlar tashkil qilishini qo‘shimcha qildi.

Rossiya, Qozog‘iston va shu kabi xorijiy davlatlarga ish axtarib ketayotgan tojikistonliklarga huquqiy yordam ko‘rsatish markaz xodimasi Gulbahor Murodovaning aytishicha, tojikistonlik fuqarolarning Rossiyada hayot bilan vidolashish holati ayniqsa so‘nggi uch yil ichida ko‘p qaydga olinmoqda.

Gulbahor Tojikistondagi ijtimoiy hayot tobora yomonlashayotgani hali suyagi qotmagan yosh bolalarni ham Rossiyaga borishga, pul topib, oilasini boqishga majbur qilayotganini aytadi.

- Iloji yo‘q boshqa, bu yerda ish topolmagandan keyin majbur ketadi. Qanday ish berishsa, o‘shanga borishadi. Bir necha o‘n metr balandlikdagi qurilishda ishlaydi. Qurilishlarda ana shunday hodisalar ko‘p bo‘ladi. Chunki bular mutaxassis emas. Mana shunday hodisalarga ko‘pincha muhojirlarning o‘zlari aybdor bo‘lib qolayapti. Masalan, mening yon qo‘shnim, jigari kasal bo‘lishiga qaramay, mana shu yil poyezdda Rossiyaga jo‘nadi. Moskvaga yetib borgan joyida jon berdi, - deydi huquqiy yordam ko‘rsatish markazi xodimasi Gulbahor Murodova.

Suhbatdoshimishga ko‘ra, tojikistonliklarning nafaqat skinxedlar, balki o‘z yurtdoshlari tomonidan o‘ldirilgani haqida ham ma‘lumotlar bor.

- Bu yerdan borganlarning hammasi ham ish topolmaydi. Ular pul topayotgan boshqa muhojirlar haqida kerakli ma‘lumotlarni oladi. Bileti bor uyiga qaytib ketayapti, katta pul bilan. Ana o‘shalarni o‘ldirib, pulini olishadi. Ana shunday hodisalar ham bor, - deydi Murodova xonim.

7,5 million ko‘proq aholiga ega Tojikistonda Sovyet tuzumi tugagandan odamlarni doimiy ish bilan ta‘minlagan zavod va fabrikalarning asosiy qismi faoliyatdan to‘xtadi.

Bugungi mustaqil Tojikistonda otasi, farzandi yoki ayoli Rossiyada ishlamayotgan oilani topish qiyin.

Rasmiy ma‘lumotlarda tojikistonliklarning qariyb 800 mingi mehnat muhojirligida ekani aytiladi. Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra esa, bir milliondan ortiq tojikistonlik hozirda Rossiyada ishlab oila boqayotibdi.

Ayni paytda Samara shahrida yashayotgan tojikistonlik Malikaxon keyingi paytlarda Rossiyada ham ishlash oson bo‘lmay qolganini aytadi.

- Turmush o‘rtog‘im Moskvadan Samaraga yuk tashiydi. Yo‘lda yo‘lto‘sarlar ko‘p, urib, pullarini, yuklarini olib qo‘yadi, qiynaydi. Nechtasini o‘ldirganini ham ko‘rganmiz, eshitganmiz. Xo‘jayinimning jiyani taksi qilar edi shu yerda. Mashinasiga bezorilar o‘tirib qolibdi. U bola yo‘lkira so‘rasa, “mana senga pul” deb, travmatik pistolet bilan boshiga otishgan. Ikki oy hushsiz edi, hozir reanimatsiyada, shifokorlar tuzalishiga kafolat bermayapti, - deydi Malika.

O‘n yildan ortiq Rossiyada yashayotgan bu ayolning gapiga ishonadigan bo‘lsak, u yoqdagi mehnat muhojirlarining huquqlari har qadamda oddiylar tomonidan ham, rasmiylar tomonidan ham toptaladi.

Asnoda tojik rasmiylari Rossiya bilan mehnat muhojirlari huquqlarining himoyalashga oid kelishuvlar borligini aytadi.

O‘z navbatida, rasmiy Moskva ham mintaqa davlatlari, jumladan, Tojikiston fuqarolarining Rossiya hududida mehnat qilishlariga qarshi emasliklarini, chunki ular mamlakat iqtisodiyotiga ulush qo‘shayotganini aytib keladi. Biroq, Rossiya rasmiylari talabiga muvofiq, mehnat muhojirlari albatta rus tilini bilishi va Rossiya tarixidan xabardor bo‘lishi shart.

Har ikkala davlat rasmiylari iddaolariga qaramay, Tojikistonga kelayotgan tobutlar oqimi kamaymayapti. Xususan, 2009 yilda Rossiyadan Tojikistonga 600 ta, 2010 yilda esa 800 ta tobut keltirilgandi.
XS
SM
MD
LG