Линклар

logo-print

O‘shlik o‘zbek tadbirkori mulkini qaytarish uchun kurashmoqda


O‘shlik o‘zbek tadbirkorlar o‘zlariga nisbatan bosim davom etayotganini aytishadi.

O‘shlik o‘zbek tadbirkorlar o‘zlariga nisbatan bosim davom etayotganini aytishadi.

O‘sh qirg‘inidan so‘ng mol-mulki tortib olingan o‘zbek tadbirkorlari mulkni sud orqali qaytarib olishga harakat qilmoqda.

O‘sh viloyati Novqat tumanida yashovchi G‘ofurjon Dadajonov o‘n yil oldin “Quruvchi” hissadorlik jamiyatidan 380 ming so‘mga tashlandiq yerni sotib oladi.

- Shu olgan yerim tashlandiq , xaroba yer edi. Har xil toshlardan, axlatlardan tozalab, tuproq olib kirib, bog‘ qilib mehnat qilayotgan edim. 2010 yildagi ikki millat o‘rtasidagi janjaldan foydalanib, qirg‘iz millatidagi odamlar borib, shu yerni bosib olib, hozirda bu bog‘da ikki oila yashayapmiz. Shu vaqtning o‘zida huquq-tartibot idoralariga arz qilsam, oldininga o‘zbekligim uchun arzimni qabul qilmadi. Keyin qabul qilishdi, lekin amaliy yordam bo‘lmayapti, -deydi novqatlik G‘ofurjon Dadajonov.

Suhbatdoshimiz Qirg‘iziston Bosh prokuraturasiga, mamlakt prezidenti nomiga ham shikoyatlar yo‘llagan. Biroq bu arizalar yana Novqat tumaniga qaytarilgan.

O‘n yil ichida tashlandiq yerdan 3 gektarlik bog‘ qilgan G‘ofurjon aka bir yildan buyon yerining hosilini boshqalar terib olayotganini achinib gapiradi:

- Yerimda ming tupdan ortiq mevali daraxt bor. Xo‘jalikka kerak bo‘ladigan narsalarim shu yerda edi. Bu narsalarni o‘g‘irlab olib chiqib ketishdi. Mevalarni sotishib, mol-qo‘ylariga yedirishib yuribdi, - deydi u.

Ayni paytda Novqat tuman prokuraturasi qo‘lida yerning egasi ekanligini isbotlovchi hujjatlar borligini aytayotgan G‘ofurjon Dadajonovni yerga noqonuniy egalik qilayotganida ayblamoqda.

- Bizda tekshiruv bo‘lgan. Yer mojarosi sud tartibida hal qilinayapti. Chunki bu yerni G‘ofurjon Dadajonov noqonuniy sotib olgan. Bu yer hissadorlik jamiyatining a‘zolariga tegishli bo‘lgan. Hissadorlik jamiyati raisi noqonuniy yo‘l bilan sotgan. Hozir unga nisbatan ham jinoiy ish ochilgan, -dedi Novqat tuman prokurori Suyun Satvaldiyev.

Novqat prokurori yerni egallab olmoqchi bo‘lganlar ayni paytda qurilish ishlarini to‘xtatishganini va mazkur yer masalasi sud tartibida hal bo‘lishini aytib o‘tdi. Shuningdek, tuman prokurori bu holat yuzasidan millatchilik fakti aniqlanmaganini ta‘kidladi.

Yana bir o‘shlik tadbirkor G‘ulom Begaliyev ayni paytda o‘ziga tegishli mulkni qaytara olmay yurganini aytadi:

- Menda suratxona va “Guli ”kafesi bor edi. Ular alohida-alohida joyda edi, - deydi o‘shlik tadbirkor G‘ulom aka.

O‘sh voqealaridan so‘ng mulkini saqlab qolish uchun qirg‘iz do‘stiga ishonch qog‘ozi yozib beradi.

- Unga o‘tkazib qo‘yganimdan keyin, umuman mulkning yaqiniga keltirmay qo‘ydi,- deydi G‘ulom aka.

Ayni paytda o‘shlik tadbirkor ishonch qog‘ozini bekor qilganini, shunga qaramasdan kafe va suratxonaning yangi egasi rasmiylashtirishga urinayotganini aytadi.

- Vitse merni oldiga kirsam, “ikkovingizga ham yo‘q qilamiz” deyapti. Men yo‘q joydan tiklasam, mendan olgan tanishim bilan teng qilib, yo‘q qilsa. Bu reyderlik, bosib olish bo‘layapti-da,- deydi o‘shlik tadbirkor G‘ulom Begaliyev.

O‘shlik huquq faoli Ravshan Gapirovga ko‘ra, O‘shda egallanib olingan kafe va restoranlar ortida mahalliy xukumat vakillari turishibdi.

- Agar ular bosh bo‘lmasa, shaharda bo‘layotgan ishlarni qanday bilmay qolishi mumkin? O‘zbeklarning yonmagan, kuymagan restoranlarining xozirgi egalari boshqalar bo‘ldi. Hammasining nomini o‘zgartirishdi. O‘zlarining qirg‘iz odamlaridan ishlatib ko‘rdi. Bo‘lmaganidan keyin yana o‘zbeklarni taklif etishib, ishsiz yurganlar ishlab berayapti, - deydi Ravshan Gapirov.

Aytib o‘tish joizki, O‘sh voqealaridan so‘ng o‘zbeklarga tegishli bo‘lgan ko‘p inshootlar va korxonalar tortib olingani aytilib kelinadi.

“O‘shTV” telekompaniyasi egasi Halil Xudoyberdiyev bir yil oldin uning shirkati shaxsan O‘sh meri Melis Mirzaqmatov tomonidan kuch bilan tortib olinganini ma‘lum qilgan edi. O‘sh meri esa bu ma‘lumotni rad etib, "O‘sh TV" qonuniy ravishda sotib olinganini bildirgan.

Ayni paytda o‘shlik deputat, tadbirkor Dilshod Mo‘minovga tegishli bo‘lgan “Gulnoza” va “Qashqar” kafelari ham O‘sh voqealaridan so‘ng titul millat vakillari qo‘liga o‘tib ketgan.
XS
SM
MD
LG