Линклар

O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi arafasida bu savolga berilgan javoblar 20 yillik jaraën mevasi suratini chizib berdi.

Mustaqilligining 20 yilligini joriy oy oxirida nishonlaydigan O‘zbekistonda SSSR tarqab ketganidan keyin tug‘ilgan, kommunistik mafkuraning ta‘sirini mutlaqo sezmagan yangi avlod o‘sib-ulg‘aydi.

Mana shu avlod vakillarining o‘z ota-onalaridan nimasi bilan farqlanishini bilish nafaqat qiziq, balki zarurat hamdir.

Bir emas, bir necha ilmiy tadqiqot ob‘ekti bo‘la oladigan mazkur mavzuda tayyorlangan maqolani jamiyatda kechayotgan jarayonlar to‘g‘risida o‘ylab ko‘rishga taklifnoma, deb qabul qiling.

*********************************************

Yangi avlod haqida gapirmoqchi odam birinchi bo‘lib kimdan fikr so‘raydi?

Albatta, o‘qituvchidan-da!

Biz ham shunday qildik.

59 yillik umrining uchdan ikki qismini sovyet davrida o‘tkazgan chiroqchilik o‘qituvchi Sodiq aka Jo‘rayevdan yangi gap eshitmadik.

Sovyet davridagi o‘quvchilariga hozirgilarini qiyoslar ekan, muallim zorlandi:

- U vaqtdagi farq bilan hozirgi vaqtdagi farq osmon bilan yercha.

Ozodlik: Nimalarda o‘sha farqlar?

- O‘sha paytda o‘quvchilar nihoyatda maktabni ham sevardi, kitobni ham sevardi, olamni ham sevardi, hamma narsani sevardi. Endigi ëshlar kitobni ham yaxshi ko‘rishmaydi, vatanni ham sevishmaydi, maktabni ham sevishmaydi, deydi Sodiq aka.

Chiroqchilik muallimning bu gaplarini eshitib, “boshimizga tuproq sochmoqchi” emasmiz: bugungi shogirdini kechagisidan yaxshi degan ustozni insoniyat o‘z tarixida ko‘rgan emas. Qadimiy faylasuflar kitoblarini varaqlang – ularning ham o‘z shogirdlaridan zorlanganiga guvoh bo‘lasiz.

Lekin boshqa bir suhbatdoshimiz, 60 yillik umrining uchdan ikki qismini sovyet davrida o‘tkazgan , hozirda fermerlik qilayotgan buxorolik Ismoil akaning o‘zi haqda aytganlari chiroqchilik o‘qituvchining hasratlari to‘g‘risida chuqurroq o‘ylab ko‘rishga undaydi.

Ismoil akadan so‘radik:

Ozodlik: 40 yil sovyet o‘zbegi bo‘ldingiz. 20 yil mustaqil o‘zbek bo‘ldingiz. O‘zingizda nima o‘zgarish yuz berdi keyinig 20 yilda? Nimangiz o‘zgardi?

- “Sharq yulduzi” jurnalini qo‘lma-qo‘l o‘qirdik, “Adabiët va san‘at”ni qo‘lma-qo‘l o‘qirdik, gazetalarni qo‘lma-qo‘l o‘qirdik, bir-birovga aytardik. To‘planishardik do‘stlar bilan, chaqchaqlashardik. O‘shalar yo‘q. O‘shalarni qo‘msaymiz. O‘sha “Sharq yulduzi”ni qidiramiz, topa olmaymiz. “Adabiët va san‘at”ning qiziq temalari bor edi, hozir yo‘q.

Ozodlik: Sovyet davrida asosiy uchta qadriyat nima ediyu hozir nima?

- Odamlar o‘rtasida mehr bor edi, do‘stlik bor edi, jo‘ralar bor edi.

Ozodlik: Demak, sovyet davrida birinchi qadriyat do‘stlik edi. Yanachi?

- Bir kishi imorat qilsa, kelib ërdam berardi.

Ozodlik: Hamjihatlik. Yanachi?

- Ko‘pchilikda ilmga chanqoqlik bor edi.

Ozodlik: Mustaqil sharoitda uchta asosiy qadriyat nima?

- Hozir bular juda kam. Qarindosh-urug‘chilik bo‘shab ketdi. Aka ukaniyam kamroq taniydi. Qarindoshnikiga borib-kelish yo‘q.

Ozodlik: Asosiy qadriyatlar nimalar hozir?

- Qorin to‘yg‘azish.

Ozodlik: Yana.

- Yana qorin to‘yg‘azish.

Ozodlik: Yana.

- Yana qorin to‘yg‘azish, deydi buxorolik Ismoil aka.

Aftidan, buxorolik Ismoil aka bilan u kishining ta‘bi tirriqroq paytda gaplashganga o‘xshaymiz. Qolavyersa, odam yoshi bir joyga borib qolganda ko‘p narsadan ko‘ngli qoladi, ko‘proq xotiralari bilan yashaydi. Kechagi kunining bugungisidan jozibaliroq ko‘rinishi shundandir?

Chiroqchilik o‘qituvchiyu buxorolik fermerning aytganlarini qabul qilish yoki aksincha, inkor etish uchun olimlarga murojaat qildik.

Toshkentlik tahlilchi Malik Abdurazzoqov o‘zbek zehniyatida keyingi 20 yil ichida yuz bergan o‘zgarishlarni sanar ekan,

- Shaxsning pulga berilib ketgani ham fakt. Haddan tashqari jamiyatning monolitligi yo‘qolib, odam o‘zining kuchiga o‘zi ishonib, bir-biridan uzoqlashtirgan faktor ham bor. Bu o‘zbek jamiyatida balki 20 yil oldin bo‘lmagandir, lekin hozir bor, dedi.

Demak, tahlilchi fikricha, mustaqil o‘zbek davlatdan bir narsa kutmay qo‘ydi va o‘zi hamda oilasi farovonligini ta‘minlash uchun faqat o‘z kuchiga tayana boshladi – 20 yil oldin o‘zbek o‘zini sotsium vakili hisoblagan bo‘lsa, endilikda uning inviduum ekanligi kuchaymoqda.

(Axir buxorolik Ismoil aka odmi so‘zlar bilan shu fikrni aytmadimi?)

Tahlilchi Malik Abdurazzoqovning fikricha, mustaqil o‘zbekning mobil bo‘lib qolgani uning sovyet o‘zbegidan yana bir farqidir: mustaqil o‘zbek qishloqdan shaharga, shahardan poytaxtga, poytaxtdan chet elga intilmoqda. Bunga esa, ijtimoiy-iqtisodiy sabablar majbur qilmoqda.

- Ikkinchisi bu siësiy-mafkuraviy g‘oyalarga ishonch yo‘qolgani, deydi Malik Abdurazzoqov.

Mustaqil o‘zbekning sovyet o‘zbegidan yana bir farqi uning siyosiy-mafkuraviy nigilizmidir. Bundan 20 yil oldin, deydi tahlilchi, o‘zbeklar mustaqillikka umid qilgan, o‘sha davrda o‘rtaga tashlangan shiorlarga ishongan edi. Bugunga kelib hech qanday ishonch qolmagan.

Jamiyat hayotidagi jarayonlarni professional o‘rganib kelayotgan sotsiolog olim Kamoliddin Rabbimovning aytganlari Malik Abdurazzoqovning aytganlaridan keskin farq qilmadi. Shuning uchun Rabbimov bilan o‘tkazganimiz suhbatning yakuniy qisminigina eshittirmoqchimiz.

Mustaqil o‘zbekning qadriyatlari nimalaru sovyet o‘zbegining qadriyatlari nimalar edi, deb so‘radik Rabbimovdan.

- Mening nazarimda¸ hozirgi O‘zbekiston jamiyati uchun asosiy qadriyatlar tizimi quyidagicha: birinchisi pul boylik, ikkinchisi individualizm, uchinchisi erkinlik. Sovyet kishisi uchun esa ko‘proq karerasi, ikkinchisi kollektivizm, uchinchisi nazarimda pul va boylik. Nazarimda pul va boylik bu yerda uchinchi o‘rinda turgan edi, deydi Kamoliddin Rabbimov.

(Axir buxorolik Ismoil aka odmi so‘zlar bilan shu fikrni aytmadimi?)
XS
SM
MD
LG