Линклар

Andijonlik 12 dindor terrorchilikda ayblanmoqda


Toshkent rasmiysiga ko‘ra¸ o‘zbekistonliklar Dog‘istondagi islomiy markazlarda ta‘lim olishgan.

Toshkent rasmiysiga ko‘ra¸ o‘zbekistonliklar Dog‘istondagi islomiy markazlarda ta‘lim olishgan.

Rasmiy Toshkent Dog‘istonda maxsus hozirlikdan o‘tgan 12 nafar "Jihodchi"ning fosh etilganini da‘vo qilmoqda.

Xalqaro terrorchilik guruhlariga aloqadorlikda gumonlanib Andijon viloyatining Shahrixon tumanida yashovchi Mirzajon Qodirov qo‘lga olindi¸ deb xabar berdi O‘zbekiston huquq-tartibot idorasining o‘zini tanitmagan xodimiga tayanib REGNUM axborot agentligi.

Aytilishicha¸ tergov davomida Qodirov o‘zi va yana 11 nafar o‘zbekistonlikning Dog‘istonda maxsus diniy-ekstremistik tayyorgarlikdan o‘tib qaytganini bildirgan.

“Tergov davomida Qodirov mazkur guruh tarkibiga Andijon viloyati Shahrixon tumanida yashovchi 25 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar kirganini aytgan. Ular Dog‘istondagi Maxachqala shahri yaqinidagi tog‘li hududda joylashgan “Abdulla Sug‘oriy” madrasasida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan”, deyiladi xabarda.

Xavfsizlik xizmati xodimi iddaosiga ko‘ra, andijonliklar maxsus kanallar orqali Dog‘istonga olib kelingan va u yerda “Qur‘on, arab tili, hadislar ta‘limotini o‘rganish barobarida jismoniy tayyorgarlikdan o‘tgan, sharqona yakkakurash usullarini egallagan, portlovchi moddalar bilan ishlash, tog‘li hududlarda yo‘l topish va yashirinish usullarini obdon o‘rgangan”.

O‘zbek kuchishlatar tizimi xodimlari REGNUM muxbiriga Mirzajon Qodirovdan tashqari Shimoliy Kavkazdagi “diniy malaka oshirish markazlarida Ahror G‘ofurov, Bunyodbek Adhamov, Abror G‘ofurov, Abdurashid Shamshiyev, Lutfulla Nurmatov, Sherali Matqulov, Shokirjon Rahmonov, Abdulvohid Abdusattorov, Baxtiyorjon Mannobxonov va Iqboljon Xoliqovlar tayyorgarlikdan o‘tgan”ligini bildirgan.

Xavfsizlik idorasining o‘zini tanishtirmagan xodimi 12 kishidan iboratligi da‘vo qilinayotgan guruhdan negadir 11 kishining ismi-sharifini oshkor qilgan¸ xolos.

Mazkur xabar yuzasidan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga qilgan murojaatlarimiz har galgidek javobsiz qoldi.

Ozodlik bu guruh a‘zolari “ta‘lim va tayyorgarlik” olgani aytilayotgan “Abdulla Sug‘oriy” madrasasi haqida qo‘shimcha ma‘lumot olish maqsadida Dog‘iston Musulmonlari diniy boshqarmasiga murojaat qildi.

- Abdulla Sug‘oriy?! Abdurahmon Sug‘uriy bo‘lishi mumkin, lekin Abdulla Sug‘oriy degan odam yo‘q, bunaqa madrasa ham yo‘q bizda. U yerda xatolik borga o‘xshaydi. To‘g‘risini aytsam¸ bu provokatsiya, chunki bu yerda noqonuniy yashab kelayotgan odamlar tahsil olishi mumkin emas.

Rasmiy idoralarda esa bunday holning o‘zi bo‘lishi mumkin emas. Bu g‘irt axmoqlik va kurakda turmaydigan gapku! “Dog‘istonda xorijliklar terrorchilikka tayyorlanayapti”, degani rasman yolg‘on ekanini tasdiqlayman. Bu ayblovlarni biz o‘rganib chiqayapmiz va zarur deb topsak¸ albatta¸ rasmiy norozilik bayonoti bilan tegishli joylarga murojaat qilamiz, dedi Dog‘iston Musulmonlari diniy boshqarmasi matbuot kotibi Magomed-Rasul Umarov Ozodlik bilan bo‘lgan muloqotda.

Shimoliy Kavkaz hududlari azaldan Rossiyadagi islomiy ta‘limot markazlaridan sanaladi.

"Kaxabrosolik Mahmud" jamg‘armasi prezidenti Magomed Gasanov Ozodlikka Maxachqala masjidlariga kelayotgan markaziy osiyoliklarning aksari oddiy mehnat muhojirlaridir, deydi.

Jamg‘arma raisi Dog‘istonda diniy va madaniy-ma‘rifiy ta‘limot masalalari bilan ko‘p yillardan beri shug‘ullanib kelishini aytadi. “Dog‘istonda madrasa va masjidlar ko‘p qurilmoqda, lekin bu yerda terrorchilar tayyorlanayotganini eshitmagan ekanman”,- deya davom etadi Magomed Gasanov.

- Abdurahmon Xo‘ja Sug‘uriy degan tog‘li qishlog‘imiz bor. U Maxachqaladan juda uzoqda joylashgan. O‘sha yerda biror kichik madrasa bo‘lishi mumkin. Sug‘uriy 18 asr oxirlari¸ 19 asr boshlarida Dog‘istonda yashagan olimdir. O‘zbekistonlik qo‘poruvchilarni Dog‘istonda tayyorgarlik o‘tish masalasiga kelsak... Bu yerdagi masjid-madrasalarda o‘zbeklar juda ko‘p, deb aytolmayman. Odatda ekstremistlar Markaziy Osiyoda tayyorgarlik ko‘rib Dog‘istonga kelar edi. Bu iddao meni juda ajablantirdi, deydi jamg‘arma prezidenti.

Magomed Gasanov mahalliy madrasalarda o‘zbekistonliklarga ko‘zi tushmagan bo‘lsa-da, masjidlar oldida o‘tirgan tilanchilarning hammasi o‘zbek-tojik ekanini alohida ta‘qidlab o‘tdi.

Yana bir dog‘istonlik suhbatdoshimiz “Dog‘iston yoshlari” gazetasining bosh muharriri Zokir Magomedov. Muhokama qilinayotgan xabarga munosabat bildira turib Zokir¸ Maxachqala atrofida terrorchilar lagerini tuzish mumkin emas¸ deya ishonch bilan gapirdi.

- Maxachqala yonida bunday lager tashkil etishlariga ishonmayman. Lekin ularning biror masjid qoshida joylashgan Qur‘on va arab tilini o‘rganish markazlaridan birida tahsil olgan bo‘lishi mumkinligini inkor etmayman. O‘zim guvohman, ayrim markazlarda jismoniy tayyorgarlik, xususan karatedan mashqlar o‘tkaziladi. Lekin bu qonun bilan ta‘qiqlanmagan-ku! Bunday markaz va madrasalar Maxachqalada juda ko‘p. O‘zbek yigitlari Maxachqala atrofida maxsus tayyorgarlikdan o‘tishi yoki portlatishni o‘rganishiga ishonish qiyin. Chunki Maxachqalada bugungi kunda to‘plangan maxsus aksil-terror kuchlari o‘sha zahotiyoq ularni aniqlagan bo‘lardi. Shu sababli o‘zbek huquq-tartibot idoralarining lofni biroz oshirib yuborgani ko‘rinib turibdi. Ular ham bizning harbiylarga o‘xshab terrorchilarni fosh etgani haqida rahbariyati oldida tezroq hisobot berishga shoshilayotgan ko‘rinadi, deydi jurnalist Zokir Magomedov.

Dog‘istonlik jurnalist har bir insonning aybsizlik prezumpsiyasiga haqli ekanini eslata turib¸ hali sud hukmi chiqmay turib insonlarni terrorchilikda ayblash noqonuniy ekanini ta‘kidlaydi.
XS
SM
MD
LG