Линклар

logo-print
Dubayda tadbirkorlarning 5,8 million dollarini o‘g‘irlab ketgan ikki rossiyalik va bir o‘zbekistonlik mahkamaga tortildi.

Bu haqda Markaziy Osiyo yangiliklar xizmati Gulfnews.com nashriga tayangan holda xabar tarqatdi.

Hollandiyalik ikki tadbirkorning 5,8 million dollarini o‘marib, so‘ngra o‘g‘irlangan Jaguar avtomobilida voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan shaxslarga o‘zbekistonlik bir ayol ham yordam bergani aytilmoqda.

Mahalliy prokuratura ma‘lumotlariga ko‘ra, pichoq bilan qurollangan to‘rt nafar gumonlanuvchi hollandiyalik tadbirkorlarga avtomobil to‘xtash joyida hujum qilgan va ularning qo‘llaridagi to‘rt qopchiq pulni tortib olgan.

Birinchi instansiya sudida ayblarini tan olgan bu shaxslar tadbirkorlarga hujum chog‘ida qo‘llarida qurol bo‘lganini mutlaqo rad etganlar.

Hujumchilardan rossiyalik ikki kishiga avstraliyalik shaxsga tegishli Jaguar avtomobilini o‘g‘irlaganlik va undan talonchilik qilish uchun foydalanganlik aybi qo‘yilgan. O‘zbekistonlik esa avtomobil o‘g‘rilariga sheriklik qilganlikda ayblanayapti.

Gulfnewsning yozishicha, O‘zbekiston fuqarosi Jaguar o‘g‘irlanishidagi ishtirokini e‘tirof etgan, biroq boshqa ayblanuvchilar o‘zlarining aybini tan olmaganlar.

Dubay huquq-tartibot idoralari vakillari iddaosiga ko‘ra, ayblanuvchilar jabrlanuvchi hollandiyaliklar yashaydigan uy yaqinidagi avtomobil to‘xtash joyiga kelganlar. Hollandiyalik tadbirkorlar uylaridan chiqishlari bilan hujumchilar ularga pichoq bilan daf qilishib, qo‘llaridagi to‘rt qopchiqni tortib olganlar. Bu qopchiqlarda 5,8 million AQSh dollaridan tashqari tadbirkorlar pasporti va noutbuki ham bo‘lgan.

Shifokorlar jabrlanuvchilarning hujum paytida tan jarohati olganlarini tasdiqlaganlar.

Hujumchilarga sheriklikda ayblanayotgan ayol ham o‘zbekistonlik bo‘lib, hollandiyaliklardan tortib olingan pullar aynan u yashayotgan uyning osma shiftidan chiqqani aytilmoqda.

Ayni paytda mazkur ish bo‘yicha mahkama jarayoni davom etmoqda.
XS
SM
MD
LG