Линклар

logo-print
AQShning Federal Tergov Byurosi (FTB) Filadelfiya shtatida yashovchi o'zbekistonlik muhojirni senator Jozef Libermanga tahdid qilganlikda ayiblamoqda. Xabarlarga ko'ra, asli o'zbekistonlik, biroq ayni damda AQSh fuqaroligi olgan Dmitriy Dyatlov o'z blogida yahudiy senator otib o'ldirilishi kerakligi haqida yozgan.

Sud hujjatlariga ko'ra, FTB agentlari Dyatlovning kvartirasiga 2 avgust kuni tashrif buyirishgan. "Fed"laring tashrifga sabab, 24 yoshli Dmitriy Dyatlovning 1 avgust kuni o'z blogida yahudiy senator Libermanga nisbatan yozgan fikrlari bo'lgan.

"Aslida kamida bitta so'zsiz otib (yuziga, bir necha bor) o'ldirilishi kerak bo'lgan yahudiy bor: Jo Liberman", deb yozgan Dyatlov o'z blogida.

Huquq-tartibot organlari yosh bloggerning bu fikrlari haqida uning sobiq hamkasbi orqali xabar topishgan. Dyatlovning LinkedIn.com saytidagi sahifasiga ko'ra, u Accenture shirkatida tahlilchi bo'lib ishlagan. Uning Facebook ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida aytilishicha, u hozir yangi ish joyi qidirmoqda.

Dmitriy Dyatlov 1987 yili O'zbekistonda tug'ilgan. AQShga u 1998 yili oilasi bilan kelgan. Ayni damda u AQSh fuqarosi.

FTB agentlari tarafidan so'roqqa tutilganda, Dyatlov blogidagi yozuvlarni o'zi yozganini tan olgan, biroq senator Libermanni shaxsan o'ldirish niyati yo'qligini aytgan. Nega senatorni yoqtirmasligi so'ralganda, Dyatlov Jozef Libermanni Senat qoshidagi Xavfsizlik qo'mitasiga a'zo bo'lmasligi kerakligini, chunki senator bu orqali ko'pchilikga yomonlik olib kelayotganini aytgan.

Blogger 50 ming AQSh dollari garov puli evaziga va shart asosida qo'yib yuborildi. Shartga ko'ra, Dyatlovning kompyuteri FTB kuzatuvi ostida bo'ladi.

Konnektikut shtati senatori Jozef Liberman ayni damda Senat qoshidagi Milliy Xavfsizlik va Hukumat Ishlari bo'yicha qo'mita raisidir.
XS
SM
MD
LG