Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:06

Prezidentlikka nomzodlar soni ellik to'rt nafarga yetdi


Oq uydagi prezidentlik kursisini egallashga ishtiyoqmand nomzodlar soni Qirg‘izistonda kundan-kunga ko‘paymoqda
Oq uydagi prezidentlik kursisini egallashga ishtiyoqmand nomzodlar soni Qirg‘izistonda kundan-kunga ko‘paymoqda
Qirg‘izistonda oktabr oyida o‘tadigan prezidentlik saylov arafasida prezidentlikka nomzodlarni ko‘rsatish jarayoni qizg‘in bormoqda.

12 avgust kuni Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi 30 oktabrda o‘tadigan prezidentlik saylovida ishtrok etish uchun ko‘rsatilgan nomzodlar soni 54 nafarga yetganini bildirdi. Ulardan 9 tasi siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan, qolgan 45 tasi esa mustaqil nomzodlardir.

Tahlilchilar fikricha, saylov kuni yaqinlashgach, mazkur nomzodlarning ko‘pchiligi siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlar atrofiga birika boshlaydi. Ular muayyan bir nomzod foydasiga o‘z o‘rinlarini bo‘shatib berishadi yoki saylovning birinchi bosqichidan so‘ng o‘ziga ovoz bergan saylovchilarni saylovning ikiknchi bosqichida boshqa bir nomzod foydasiga ovoz berishga chaqiradilar. Tahlilchilar bu holatni “Siyosiy chayqov jarayoni” sifatida baholaydilar.

- Albatta, lavozimlar va‘da qilinadi. Kuchli nomzod ikkinchi nomzodga: “Agar men prezidentlikka saylansam, senga mana bu lavozimni beraman”, deb va‘da qiladi. Hozirgacha prezidentlikka nomzodlar Adaxan Madumarov va O‘murbek Suvanaliyevlar bu borada so‘zlashuvlar olib borgani, Marat Sultanov ham ularga qo‘shilish harakatida ekani aytiladi. Ayni paytda Bosh vazir Almazbek Atambayev Temir Sariyev bilan mana shunday so‘zlashuvlar o‘tkazayotgani haqida gap bor, - dedi siyosatshunos Tabildi Akerov.

Ammo prezidentlikka siyosiy partiyalardan nomzodlari ko‘rsatilgan taniqli siyosatchilar bu kabi iddaolarni rad etishadi. Masalan, “Ata Meken” partiyasidan prezidentlikka nomzod O‘murbek Tekebayev bunday “siyosiy chayqovchilikka yo‘l qo‘yish saylovchilarga nisbatan hurmatsizlik” ekanini aytadi.

- O‘z-o‘zidan siyosatchilar orasida murosa kerak. Lekin saylovga kirganingdan keyin har qanday murosai madora ortga suriladi. Saylovda hamma narsani saylovchi hal qiladi, - dedi O‘murbek Tekebayev.

Biroq qirg‘iz matbuoti va siyosatshunoslari siyosatchilarning bunday bildiruvlarini shubha ostiga oladi. Gazetalarda deyarli har kuni qaysi siyosatchi yoki partiya qaysi nomzod bilan yashirin so‘zlashuvlar olib borayotgani to‘g‘risida ma‘lumotlar ochiqlanadi.

Qirg‘iz matbuotiga ko‘ra, yashirin so‘zlashuvlarda nomzodlarning moliyaviy imkoniyatlari, qaysi viloyat yoki hududga ta‘sir o‘tkaza olishi va xalqaro miqyosdagi aloqalari hisobga olinadi. O‘z-o‘zidan bu kabi imkoniyatlari keng, real nomzodlar atrofiga ko‘proq ikkinchi darajali nomzodlar birlashishga intiladi.

- Janubiy viloyatlarga ta‘sir o‘tkaza olmaydigan nomzod mazkur hududda nufuzli bo‘lgan nomzod bilan muzokara o‘tkazadi va shimoliy hududda ta‘sir kuchiga ega bo‘lmagan nomzod bu hududda ta‘sir doirasiga ega bo‘lgan nomzod bilan tandem tuzishga harakat qiladi, - deydi tahlilchi Idiris Qubatbekov.

Qirg‘izistonda prezidentlikka nomzod ko‘rsatish jarayoni shu yilning 16 avgust kuni nihoyasiga yetadi.
XS
SM
MD
LG