Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:53

Jizzaxlik faol mirshablarning o‘zboshimchaligidan shikoyat qilmoqda


Saida Qurbonova mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan huquq himoyachilariga bo‘layotgan bosimlar u va hamkasblari uchun yangilik emasligini aytadi.
Saida Qurbonova mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan huquq himoyachilariga bo‘layotgan bosimlar u va hamkasblari uchun yangilik emasligini aytadi.
15 avgust kuni Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida yashovchi huquq faoli Saida Qurbonova bir necha soat tuman ichki ishlar bo‘limida ushlab turildi.

Bu haqda Ozodlikga huquq faolining o‘zi xabar qilar ekan, ichki ishlar bo‘limi boshliq o‘rinbosari unga nisbatan kuch ishlatganini aytadi:

- U pastdan meni sudrab, tepaga olib chiqdi. Xonaga olib kirib, “o‘tkazib qo‘yasan, kerak bo‘lsa o‘tiradi”, dedi. “Kerak bo‘lsa, tergov qilinglar olib tushib”, deyapti. Sudrab olib chiqdi. Bittasi orqamdan itarib chiqdi, biri qo‘limdan sudrab olib chiqdi, - deydi paxtakorlik huquq faoli.

54 yoshli Saida Qurbonovaga kuch ishlatib, Paxtakor tuman ichki ishlar bo‘limida bir necha soat ushlab turilishiga u tomonidan plastik kartochkalar haqida yozilgan maqola sabab bo‘lgan ekan:

- 2011 yilning boshlarida “Plastik cho‘ntakka zarar bo‘layapti” nomli maqola chiqargan edim. Foizga naqd pul qildirilayotganligini, un-yog‘ , kartoshka-piyoz ololmayotganliklari haqida yozganman. Shu masala bo‘yicha ariza yozilgan ekan. Shu ariza bo‘yicha chaqirishgan ekan, meni olib kelishdi, - deya izohlaydi Saida opa.

Ma‘lum bo‘lishicha, mazkur maqolada huquq faoli tomonidan tasvirlangan paxtakorlik ayol ichki ishlar bo‘limiga unga nisbatan tuhmat qilganligini aytib, shu yilning 4 avgust kuni ariza yozgan. Saida Qurbonova fikricha, ayol bu arizani bosim ostida yozgan.

- “Tuhmat qildi, mening oilamni tinchini buzdi”, deyapti. Men uni haqorat qilmagan bo‘lsam, shaxsiyatiga tegmagan bo‘lsam, qanday qilib uning oilasini notinch qilgan bo‘laman? - deydi huquq faoli.

Ayni paytda “Birdamlik” harakatining Jizzax viloyati bo‘limi raisi bo‘lgan Saida Qurbonova mulohazasicha, 15 avgust kuni uni bir necha soat ichki ishlar bo‘limida ushlab turishganiga boshqa sabab ham bor.

- Yaqinda “Umidjonning ko‘zlaridagi so‘nggi umidlar” degan maqola chiqargan edim. Shu maqoladagi Umidjonning onasi namoyishga chiqmoqchi edi. Bugun men shu xabarni internetdan tarqatishim kerak edi. Hozir Xolboyevaning o‘zini ham ichki ishlar bo‘limiga ertalab olib kelib, ushlab o‘tiribdi, - deydi Saida Qurbonova.

Huquq faoliga ko‘ra, Nurniso Xolboyeva o‘g‘li Umidjon bilan uysiz qolgani, tuman hokimiyatidan yordam bo‘lmagani bois namoyishga chiqmoqchi bo‘lgan.

Ozodlik Nurniso Xolboyeva bilan O‘zbekiston vaqti bilan soat 16.30 da bog‘langanida u Paxtakor tuman ichki ishlar bo‘limidan chiqarib yuborilganini, biroq bugun u yerda bir necha soat o‘tirganligini va kechga yaqin bo‘lim xodimlari uni yana chaqirishayotganini ma‘lum qildi.

Paxtakor tumani ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismi xodimi Farhod To‘laboyevga ko‘ra, 15 avgust kuni bo‘limga Saida Qurbonova, shuningdek, Nurniso Xolboyevalar olib kelingani haqida ma‘lumot yo‘q. Shu bilan birga, ichki ishlar bo‘limi xodimi ularning bo‘limida fuqarolarga kuch ishlatilmasligini ham ta‘kidlab o‘tdi:

- Unday holat bizda bo‘lgani yo‘q. Bizda fuqarolarga nisbatan kuch ishlatish qat‘iyan taqiqlanadi. Bunday holat bo‘lishi mumkin ham emas, - dedi Paxtakor tuman ichki ishlar bo‘limi xodimi Farhod To‘laboyev.

Bugun tuman ichki ishlar bo‘limida “Plastik cho‘ntakka zarar bo‘layapti” maqolasi yuzasidan tushuntirish xati yozganini aytgan Saida Qurbonova esa u yerdagi holat bo‘yicha hech kimga arz qilish niyati yo‘qligi, bu borada huquq-tartibot idoralariga ariza yozishdan biror ish chiqishiga ko‘zi yetmayotganini aytdi.
XS
SM
MD
LG