Линклар

Isyonchilar Tripoliga yaqin ikki shaharni ishg‘ol qildi


Tripolidan 50 kilometr narida joylashgan Zaviya shahrida ham Qaddafiy rejimi yoqlovchilari va isyonchilar o‘rtasida shiddatli janglar bormoqda.

Tripolidan 50 kilometr narida joylashgan Zaviya shahrida ham Qaddafiy rejimi yoqlovchilari va isyonchilar o‘rtasida shiddatli janglar bormoqda.

Liviyalik isyonchilar so‘nggi kunlarda mamlakat g‘arbida sezilarli yutuqqa erishib, mamlakat poytaxti tomon ilgarilamoqda.

Liviyalik isyonchilar kechagi bayonotlarida iddao qilishlaricha, ular muhim strategik shaharlarni ishg‘ol qildi va natijada mamlakat lideri polkovnik Muammar Qaddafiy poytaxt Tripolida “qopqonga tushdi”.

Isyonchilar vakili Tripolidan g‘arbda joylashgan Sorman shahrini hamda poytaxtdan 80 km janubdagi G‘aryan shaharlarini “to‘la nazorat” qilayotganlarini aytdi.

Yana bir shahar – Tripolidan g‘arbda -50 chaqirim naridagi Zaviya shahri uchun janglar ketmoqda va dam olish kunlari bu yo‘nalishda isyonchilar ancha ilgari siljidi.

Tilga olingan ikki shaharning ishg‘ol qilinishi NATO qo‘llab-quvvatlayotgan isyonchilarga qarshi olti oydan beri qonli urush qilib kelayotgan Qaddafiy rejimiga berilgan muhim ruhiy zarbadir.

14 avgust, yakshanba kuni isyonchilar Zaviya shahrining markaziy bozori yaqinida o‘z bayroqlarini tikdilar. U yerda hozir bo‘lgan ellikka yaqin isyonchi “shahar ishg‘ol qilindi” degan fikr bilan “Ollohu akbar” deb hayqirdi.

Biroq shaharda hanuz Qaddafiy kuchlari mavjud bo‘lib, buni tomlarda ko‘ringan merganlardan, isyonchilarga qarshi zambaraklardan otilgan snaryadlardan bilish mumkin edi.

Isyonchilarning so‘nggi kunlarda Tunis yaqinidagi tog‘li hududlardan O‘rta yer dengizi sohili bo‘ylab Zaviya shahri tomon ilgarilashi bir necha oydan buyon ular uchun samarasiz kechayotgan urushdagi sezilarli o‘zgarishdir.

Zaviya yo‘nalishidagi yutuqlaridan ilhomlangan isyonchilar joriy oy oxiriga borib Tripolini ishg‘ol qilajaklarini iddao qilmoqdalar.

Isyonchilar rasmiy vakili polkovnik Juma Ibrohimga ko‘ra, uning qo‘l ostidagi jangchilar Tripolidan janub va g‘arbdagi yo‘llarni to‘sib qo‘yish uchun harakat qilmoqda. Bu yo‘llar strategik jihatdan o‘ta muhimdir, chunki poytaxtga oziq-ovqat, yonilg‘i va qurol-aslaha aynan mana shu yo‘llardan tashiladi.

- Biz Qaddafiyni bo‘g‘ib qo‘yamiz, unda faqat dengiz yo‘li qoladi, - deydi polkovnik Juma Ibrohim.

Zaviya shahridan 32 chaqirim g‘arbda, dengiz sohilida joylashgan Sabrasa mintaqasidagi isyonchilar boshlig‘i Umar Obidning aytishicha, uning yigitlari Tunis tomondan Tripoliga olib boruvchi yo‘l chetidagi uylarga joylashib olgan. Bu yo‘l Zaviya shahri ustidan ham o‘tadiki, agar isyonchilar shaharni qo‘lga olsa, yo‘l ustidan nazorat ham ularga o‘tadi.

Biroq isyonchilarning faolligi ortib ketgan so‘nggi kunlarda birinchi bor chiqish qilgan Qaddafiyning so‘zlariga qaraganda, vaziyat u xavfsiraydigan darajada og‘ir emas. U yana bir bor “Liviyani sotqinlardan tozalash”ga chaqirdi.

- Liviya xalqi qolajak, inqilob qolajak (Qaddafiyni hokimiyat tepasiga olib kelgan 1969 yilgi inqilob nazarda tutilmoqda – tahr.). Olg‘a bosing, qurolingizni ko‘taring, Liviya zaminining har bir qarichini sotqinlar va NATOdan tozalash uchun olg‘a bosing. Jangga tayyor turing. Mazlumlar qoni jang maydoni uchun yonilg‘idir! - deya xitob qildi Qaddafiy.

Qaddafiyning buzuq telefon orqali yozib olinganga o‘xshagan murojaatnomasi audioyozuvi davlat TVsi orqali eshittirildi. Bu holat Qaddafiy so‘nggi kunlarda yashayotgan muhit to‘g‘risida muayyan fikrga borishga undaydi.

Ayni paytda yakshanba kuni Tunisning Jerba orolida liviyalik isyonchilar va Qaddafiy vakillari o‘zaro so‘zlashuvlar olib borayotgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi.

Lekin, 15 avgust kuni ma‘lum bo‘lishicha, Liviya isyonchilari vakillari o‘zlarining Muammar Qaddafiy rejimi bilan Tunisda bevosita muzokaralar olib borayotganliklari to‘g‘risidagi xabarlarni inkor etgan.

Asnoda BMT Bosh kotibi Ban Ki Munning maxsus vakili Abdul Iloh al-Xatib isyonchilar va Qaddafiy vakillari o‘rtasida Tunisda o‘tayotgan muzokaralarda ishtirok etish uchun yuborilgani to‘g‘risidagi xabarni tashkilot rad etdi.

BMT vakili bayonotiga ko‘ra, al-Xatib chindan ham Tunisga yetib borgan, lekin u mahalliy hukumat vakillari bilangina uchrashgan.

Isyonchilar so‘nggi kunlarda mamlakat g‘arbida sezilarli yutuqqa erishib, mamlakat poytaxti Tripoli shahri tomon ilgarilamoqda.

AQSh isyonchilar muvaffaqiyatlarini olqishladi. Oq Uy vakili Jey Karni “Qaddafiy rejimining kuni bitib qolgani”ga umid bildirdi.
XS
SM
MD
LG