Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:55

Rossiyada tajovuzkor mardikorlar ko‘paymoqda


Keyingi paytlarda markaziy-osiyolik muhojirlarning jinsiy tajovuz sodir etayotganiga oid xabarlar ko‘paymoqda.
Keyingi paytlarda markaziy-osiyolik muhojirlarning jinsiy tajovuz sodir etayotganiga oid xabarlar ko‘paymoqda.
Kaliningrad viloyatida ikki ayolni zo‘rlaganlikda ayblanayotgan besh nafar o‘zbekistonlik ustidan sud davom etmoqda. Mahalliy tergov idoralari Rossiyada mehnat muhojirlari tomonidan sodir etilayotgan jinsiy tajovuz holatlari ko‘payib borayotginini aytishmoqda.

Aybsizlik prezumpsiyasini esdan chiqarmang!

Keyingi paytlarda Rossiya ommaviy axborot vositalarida jinsiy tajovuzda ayblanayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari haqidagi xabarlar soni ham ko‘payib qolgan.

Kaliningrad viloyatining Svyetlogorsk tuman sudida ikki rus ayolini zo‘rlaganlikda ayblanayotgan O‘zbekistonning besh nafar fuqarosi ustidan mahkama bo‘lib o‘tmoqda.

Tergov materiallarida aytilichshia, o‘zbekistonliklar bu jinoyatlarni 2010 yilning 19 va 26 iyun kunlari Kaliningradning Pionerskiy shaharchasida sodir etgan, deydi Ozodlikka ishni tergov qilgan va sudga topshirgan Kaliningrad viloyat prokuraturasi xodimi, adliya katta maslahatchisi Oksana Ponomaryova.

- Ular Rossiya Jinoyat Kodeksining 131-moddasi 2-qismi, ya‘ni bir guruh shaxslar tomonidan jinsiy tajovuz sodir etganlikda ayblanmoqda. Tergov materiallariga ko‘ra, ular avvaliga bitta yoshi katta ayolni, bir haftadan keyin esa yana birini zo‘rlagan. Shuningdek, hibsga olinganlardan birining akasi prokuratura tergovchilariga ukasini ozod qilish uchun pora taklif qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Sud tugaganicha yo‘q, lekin ular bu jinoyat bo‘yicha 4 yildan 12 yilgacha qamoq jazosiga tortilishi mumkin,- deydi prokuror.

U shuningdek aybsizlik prezumpsiyasi mavjudligi, ya‘ni hech kim sud qarori chiqmagunga qadar jinoyatchi, deb e‘lon qilinishi mumkin emasligini esdan chiqarmasligimizni tavsiya qildi.

- Biror shaxs ayblanayotgan yoki unga hatto ayblov e‘lon qilingan bo‘lsa ham sud qarori chiqmasdan turib, uni qotil yoki zo‘ravon, deb ayblab bo‘lmaydi. Men jurnalistlar u yoqda tursin, ayrim hollarda turli viloyatlarning tergov qo‘mitasi matbuot markazlari tarqatayotgan xabarlarda bunday nomaqbul bayonotlarni uchratib qolaman. Shu sababli, ommaviy axborot vositalarida migrantlar yoki xorij fuqarolariga nisbatan ko‘tarilgan bunday dezinformatsiyaga mutlaqo qarshiman,- deya qo‘shimcha qiladi Kaliningrad viloyat prokuraturasi tergovchisi Oksana Ponomaryova.

O‘zbek tajovuzkorlari haqida xabarlar ko‘paymoqda

Lekin shunga qaramasdan, Rossiyaning turli mintaqalaridan aynan o‘zbekistonliklar tomonidan sodir etilayotgan zo‘rlash holatlari to‘g‘risida xabarlar kelishda davom etmoqda.

Smolensk viloyati Vyazma shahrida 27 yoshli O‘zbekiston fuqarosi yarim yil davomida 6 yoshli o‘gay o‘g‘lini zo‘rlaganlikda ayblanmoqda.

25 yoshli o‘zbekistonlik Voronejda 13 yashar nogiron qiz bilan jinsiy aloqa qilganlikda ayblangan va buni “O‘zbekistonda 12 yoshli qizlarga uylanish mumkinligi va mahalliy qonunlarini bilmaganligi” bilan izohlagani aytilmoqda.

8 avgust kuni Xabarovskda 18 yashar mahalliy o‘quv yurtining 1 kurs talabasini o‘rmonda zo‘rlaganlikda ayblanib, ikki nafar ishsiz O‘zbekiston fuqarosi hibsga olingani xabar qilinmoqda.

Tvyer viloyati Konakovo tumanida joriy yilning fevralida 30 yoshli O‘zbekiston fuqarosi 75 yoshli qaynonasini zo‘rlab, sud hukmi bilan 5 yilga qamaldi.

Bunday misollarni ko‘p keltirish mumkin...

Buning sababi ko‘p

Xo‘sh, Rossiyaga mehnat qilgani borgan mehnat muhojirlarining jinsiy tajovuzga qo‘l urishi holatlari ko‘payib borayotginining sababi nimada?

Moskva davlat univyersiteti professori, iqtisodchi Yelena Lukyanova “Vzglyad” gazetasiga bergan intervyusida muhojirlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar sabablarini iqtisodiy omillarda ko‘rishini aytadi.

“Gastarbayterlar Rossiyada, xususan Moskvada deyarli qullar holatidadir. Ularda pul, yashashga joylari yo‘q, maishiy holatlari achinarli ahvolda”, deydi professor Yelena Lukyanova.

Kaliningrad viloyat prokuraturasi xodimi Oksana Ponomaryova esa Ozodlik bilan suhbatda muhojirlar orasida jinsiy tajovuzga qo‘l urayotganlar ko‘pligini ularning o‘z oilalaridan uzoqda yashab ishlayotgani bilan izohlaydi va bu jinoyatlar asosan uylanmagan yoshlar tomonidan sodir etilayotganiga e‘tibor qaratadi. “Qolavyersa, har yuzta oddiy muhojir orasida bitta-yarimta noshud chiqishi aniq-ku”, deya qo‘shimcha qiladi prokuror.

Moskva shahar Tergov qo‘mitasi rahbari Vadim Yakovyenko o‘z chiqishlaridan birida poytaxt hududida zo‘rlashlarning deyarli yarmi migrantlar tomonidan sodir etilayotganini “mahalliy huquq-tartibot idoralarining samarasiz faoliyat yuritayotgani” bilan bog‘ladi.

8 yildan beri Moskvada mehnat muhojirlarini ishga joylashtirish bilan shug‘ullanadigan asli andijonlik 40 yoshli Ma‘murjonning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi jinoyatlar faqat bekorchilar yoki “dordan” qochgan haqiqiy jinoyatchilar sodir etadi.

- Yo‘q deganda, 60 foiz ishsiz-da bu yerda yurganlar. Yotoq joyi bo‘lishi kerak, uzini boqa olishi kerak. Shuning uchun ilojsiz vaziyatga tushib qolganlar shu kabi kriminalga kirib qolyapti. Haqiqatan, bu ishlar bo‘lyapti. Lekin tuhmat ham bo‘lyapti. Masalan, birorta qizi bilan gaplashib qo‘ysa ham, u borib "iznasilovat qildi", deb zayavleniye yozyapti. Solishtiradigan bo‘lsak, 2000 yillarga nisbatan hozir bunday vaziyatlar juda ko‘p-da. Men 2003 yildan beri shu yerdaman. Kelganimizda juda ozchilik edik. Hozir esa har qadamda o‘zbek, tojik, qirg‘iz. Buncha odam orasida albatta jinoyatlar soni ham ko‘p bo‘ladi. Lekin ko‘pchilik bu yerga qiynalgan, pul topaman deb kelgan. Yana bir tomoni, O‘zbekistondan, Qirg‘izistondan mana shunday jinoyatlarni sodir etib qochib kelganlar ham ko‘proq. Ishlagani kelgan odamlar o‘zini bunchalik pastga urmasa kerak,- deydi Ma‘murjon.

Ozodlik bilan suhbatda Mamurjon masalaning yana bir tomoniga e‘tiborimizni qaratdi. U jinsiy tajovuz, zo‘rlash yoki boshqa nohush holatlarining ko‘payishini tegishli mamlakat elchixonalari va konsulliklari befarqligi bilan ham bog‘ladi.

“O‘zbek muhojirlari Rossiyada huquqiy tomondan mutlaqo himoyalanmagan qatlamga aylanib qoldi”, deya davom etadi Ma‘murjon.

- Rossiya elchixonasi qayerga bormang o‘zlarining odamlarini nazorat qilib turadi, kim qayerda, turist bo‘ladimi, nima ish qilayotganini bilishadi. Bizda esa shu narsalar yo‘q. “Rossiyada qancha o‘zbekistonlik bor?”, deb O‘zbekiston yoki boshqa elchixonadan so‘rasangiz bilishmaydi. Hech qanaqa statistika yo‘q bizda! Rossiyaliklar esa biror joyda jinoyat qilib qo‘yadigan bo‘lsa ham, posolstvasidan odam borib xabar oladi. Mardikorlarimiz shuncha narsa qilayotgan bo‘lsa ham, bizning elchixonadan biror advokat yoki yurist borib: “E, mana shunaqa qilib qo‘yibdi”, deganini eshitmadim-da.

Bu yerda o‘zi odamlar napryajyonniy yuribdi. Ertaga bitta sabab bo‘ladigan bo‘lsa, bombaga o‘xshab portlab ketadi! Buni keyin Rossiyani ichida to‘xtatish qiyin bo‘ladi,- deydi Moskva shahrida brigadirlik qiladigan Ma‘murjon.

Moskva shahar Tergov qo‘mitasining Ozodlikka bergan ma‘lumotiga ko‘ra, 2011 yilning birinchi yarmida birgina Moskvada zo‘rlash holatlarining deyarli yarmisi horij fuqarolari tomonidan sodir etilgan.

2009 yilga nisbatan 2010 yilda xorijliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning umumiy soni Moskva viloyatida 4,1 foizga ko‘paygani aytilmoqda. Jumladan, birgina o‘tgan yil davomida Moskva viloyatida xorijlik migrantlar tomonidan 61 zo‘rlash holati qayd etilgan.
XS
SM
MD
LG