Линклар

Tojikistonning Xo‘jand shahrida 16 avgust kuni jurnalist O‘rinboy Usmonov ishi yuzasidan mahkama boshlandi.

So‘g‘d viloyat mahkamasi Bi-bi-si muxbiri bilan birga hizbchilikda ayblanayotgan yana to‘rt nafar tojikistonlik fuqaro ishini ko‘rib chiqayapti.

59 yoshli O‘rinboy Usmonov va “Hizbut-Tahrir” tashkiloti a‘zolari sifatida ko‘rilayotgan Abdunabi Abduqodirov, Yahyoxon Rahimxo‘jayev, Tal‘at Mavlonov va Ibrohimbek Mahmudov ustidan mahkama 16 avgust kuni ertalab belgilangan vaqtdan bir soat kechiktirilib, Adliya vazirligining Xo‘janddagi vaqtincha saqlash izolyatorida boshlandi. Avvalroq mahkama So‘g‘d viloyat sudi binosida o‘tkazilishi aytilgan edi.

O‘rinboy Usmonovning himoyachilari Fayziniso Vohidova va Abduqayum Yusupov mahkamaning bu qarorini “jurnalistlarning sud jarayonini kuzatishlariga xalaqit berishga urinish”, deya izohladi.

Ayni paytda O‘rinboy Usmonov va yana to‘rt nafar tojikistonlik fuqaro ustidan boshlangan mahkama ochiq o‘tmoqda.

So‘g‘d viloyat sudyasi Nazarov O‘rinboy Usmonovning Tojikiston Jinoyat kodeksi ikkita moddasi - jamiyatda faoliyati ta‘qiqlangan “Hizbut-Tahrir” tashkilotiga aloqadorlik va mazkur tashkilot a‘zolari haqida davlat tegishli idoralariga xabar bermaganlikda ayblanib, sudga tortilganini ma‘lum qildi.

Nazarov tergov xulosasida O‘rinboy Usmonovga Bi-bi-si radiosi orqali ana shu diniy-ekstremistik tashkilot g‘oyalarini targ‘ib qilganlik aybi qo‘yilganini qayd etdi.

Biroq O‘rinboy Usmonov o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni qat‘iyan rad etadi.

- “Hizbut-Tahrir” faoliyatini men 11 yil davomida yoritib kelganman. Faqatgina haqiqatni yozganman, - deydi O‘rinboy Usmonov.

Asnoda Bi-bi-si jamoasi ham O‘rinboy Usmonov faqat jurnalistik faoliyati bois “Hizbut-Tahrir” tashkiloti a‘zolari bilan aloqada bo‘lganini ta‘kidlab keladi.

Bi-bi-si radiosining So‘g‘d viloyati bo‘yicha muxbiri O‘rinboy Usmonov shu yilning 13 iyun kuni Xo‘jand shahrida xavfsizlik xodimlari tomonidan ushlab ketilgan edi.

Dastlab Bi-bi-si muxbiri “Hizbut-tahrir” tashkilotiga a‘zolikda gumonlangan edi, biroq tergov jarayonida bu ayblovlar o‘z isbotini topmadi.

O‘rinboy Usmonovning hibsga olinishi va dastlabki tergov jarayonida unga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabat xalqaro tashkilotlar va jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi.

Bir oylik qamoqdan so‘ng O‘rinboy Usmonov prezident Imomali Rahmon buyrug‘i bilan ozodlikka chiqarildi.

Tojikiston Bosh prokuraturasi mas‘ullari O‘rinboy Usmonovni hibsda tutib turish tartibi o‘zgartirilganini, ammo unga nisbatan ochilgan jinoyat ishi esa davom etib, mahkamada ko‘rib chiqilishini bildirgan edi.

- Himoyamdagi O‘rinboy Usmonov hizbchilar faoliyatiga qandaydir yo‘llar bilan yordam berganlik va ularning yashirin faoliyati haqida davlat tegishli idoralariga xabar bermaganlikda ayblanmoqda. Tergovchilar iddaosiga ko‘ra, agar Usmonov bu jinoyatchilar haqida huquq-tartibot idoralariga vaqtida xabar berganida, balki ular bir yoki bir yarim yil oldinroq qo‘lga olingan bo‘lar edi. Tergov guruhi xulosasida go‘yo Usmonov bu jinoyatchilarga viloyatda o‘z doirasini kengaytirishga yordam bergani aytiladi, - der ekan Usmonovning oqlovchisi Fayziniso Vohidova bu ayblovlar qanchalik haqiqat ekanini yana bir hafta davom etadigan mahkama natijasi ko‘rsatishini qo‘shimcha qildi.

Ayni paytda Xo‘jand shahrida Bi-bi-si muxbiri O‘rinboy Usmonov ustidan boshlangan mahkama jarayonini bu mamlakatdagi mahalliy va xorijiy axborot vositalari vakillari bilan bir qatorda AQSh va Buyuk Britaniyaning Dushanbedagi elchixonalari, YeXHTning Tojikistondagi vakolatxonasi hamda bu mamlakatdagi inson huquqlari bo‘yicha tashkilotlar vakillari kuzatib bormoqda.
XS
SM
MD
LG