Линклар

O‘tgan haftada Qirg‘izistonning Issiqko‘lida mahalliy yoshlar tomonidan kaltaklangan qozog‘istonlik Yerlan Balmaxayev 14 avgust kuni Bishkekdagi Milliy gospitalda vafot etdi.

30 yoshli Yerlan Balmaxayev 13 avgust kuni kechqurun maxsus tibbiy samolyotda Cho‘lponota shahridan Bishkekka olib kelinib, operatsiya qilingan edi.

- Bishkekka olib kelinganida ham uning axvoli og‘ir edi. Shunday bo‘lsa-da, shifokorlar xulosasi bilan operatsiya qilingan. Biroq qancha harakat qilmaylik, uni saqlab qololmadik. Jon taslim qilganida uning yonida yaqinlari bor edi. Uni o‘shalar olib ketishdi, - dedi Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati vakili Shabdan Risqulov.

Qozog‘istondan Issiqko‘lga dam olish uchun kelgan Yerlan Balmaxayev o‘tgan hafta boshida noma‘lum yoshlar tomonidan avval to‘nalgan va so‘ngra kaltaklangan, uning kaltak zarbidan lat yegan miyasi avval Cho‘lponota shahar kasalxonasida operatsiya qilingan edi.

Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayeva Ichki ishlar vaziri Zarilbek Risaliyevga Qozog‘iston fuqarosining kaltaklanishi yuzasidan tergovni o‘z nazoratiga olishni topshirgan.

Mazkur holat bo‘yicha jinoiy ish ochilgan, biroq hech kim qo‘lga olinmagan. Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rasmiysi Rahmatillo Axmedovga ko‘ra, tergov ishlari hozir ham davom etmoqda:

- Bugungi kunda tergov bir qancha ma‘lumotlarga ega. Biroq bu ma‘lumotlarni tekshirish kerak. Yaqinda bu ish oxiriga yetish mumkin, - dedi Rahmatillo Axmedov.

Qozoq matbuotining Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Asqar Abdraxmanovga tayanib xabar qilishicha esa ayni paytda Yerlan Balmaxayevning kaltaklanishi yuzasidan ikki qirg‘izistonlik gumonlanayapti va hozirda ular qidiruvga berilgan.

Asnoda Balmaxayevning o‘limi qozoq matbuoti, internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinayapti. Olmotalik jamiyatshunos Gadilbek Akimov fikricha, Issiqko‘lda dam olish istagini bildirayotgan qozog‘istonliklar ko‘paygan hozirgi paytda bu voqea qirg‘izlar uchun “betga chiqqan chipqon” bo‘lishi mumkin:

- Internetni kuzatib kelayapman, bu yil Issiqko‘lga borishni maslahat berayotganlar ko‘p. “Prezidentning o‘g‘li Atay Sadibaqasov o‘zi yo‘lda kutib oladi, bu juda zo‘r”, deb ko‘p tanishlarim yozgandi. Biroq qilingan bu ishlarni o‘lguncha kaltaklash yuvib ketdi, - der ekan Gadilbek Akimov Yerlan Balmaxayevning o‘limini har doim ham uchrayvyermaydigan baxtsiz hodisa sifatida baholovchilar ham bor ekanini qo‘shimcha qiladi.

Ayrim kuzatuvchilar esa Qozog‘iston fuqarosining Qirg‘izistonda kaltaklanishi va o‘lishi ikki davlat o‘rtasiga sovuqlik solishi mumkinligini aytayaptilar. Qirg‘izistonning Qozog‘istondagi sobiq elchisi Tilektesh Ishemqulov nima bo‘lganda ham voqea aybdorlarini topib, jazolash kerak, degan fikrda.

- “O‘lganga qiyin”, deb qo‘yishadi. Biroq bu voqea qozoq jamiyatining ilg‘or vakillari, ziyolilari, o‘sib kelayotgan yosh avlodi ongida salbiy aks etadi, - dedi Tilektesh Ishemkulov.

Ayni paytda Qirg‘izistondagi turistik shirkatlar vakillari ham Yerlan Balmaxayevning o‘limi Issiqko‘lga kelayotgan sayyohlar oqimini qisqartirishi mumkinligidan xavotir bildirmoqdalar.

“Qirg‘iz-tur-servis” turistik kompaniyasi xodimi Maqsat Damir o‘g‘li fikricha, Issiqko‘lga kelayotgan sayyohlar oqiminining ozayish-ozaymasligi mazkur voqeaning matbuotda qanday yoritilishiga ham bog‘liq:

- Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarga bu borada qanday xabar ketsa, shunga yarasha bo‘ladi. Berilayotgan xabarlar o‘ta salbiy yo‘sinda bo‘lsa, sayyohlar kelmay qo‘yishi mumkin, - dedi Maqsat Damir o‘g‘li.

Qirg‘iziston hukumati 2010 yilda inqirozga yuz tutgan turizm sohasi joriy yilda yana qad rostlashini umid qilgan edi. Bundan avval Issiqko‘lga har yili 3 millionga yaqin sayyoh kelgan bo‘lsa, 2010 yilda ularning soni 500 mingga ham yetmagan.

Joriy yilda Qirg‘iziston hukumati Issiqko‘lga kamida 2 million turistni jalb qilishga umid qilayotgan edi.
XS
SM
MD
LG