Линклар

logo-print
Turkmaniston prezidenti Qurbong‘uli Berdimuhammedov Ashxoboddagi turar-joylar tomlari va old tomonlariga o‘rnatilgan sun‘iy yo‘ldosh antennalarini yo‘q qilishni buyurdi.

Bu haqda xabar qilgan Regnum axborot agentligiga ko‘ra, kuni kecha o‘tkazilgan hukumat majlisida Berdimuhammedov poytaxt uylarining tomlaridagi ko‘plagan bu antenna-likopchalar Ashxobodning me‘moriy ko‘rinishida salbiy aks etayotganini aytgan.

Ayni paytda Turkmaniston prezidenti ashxobodliklarni “axborot ochligi”dan saqlash maqsadida ko‘p qavatli uylarni kabel televideniyesi tarmog‘iga ulashni taklif qildi.

Bu vazifani mamlakat bosh vazirining o‘rinbosari Nazarg‘uli Shag‘uliyevga topshirgan prezident kabel televideniyesi tarmog‘i o‘tkazilganidan keyin zarurat qolmaydigan sun‘iy yo‘ldosh antennalarini yo‘q qilishni ham buyurdi.

Kuzatuvchilar prezidentning bu topshirig‘iga estetik mulohazalargina emas, siyosiy va ijtimoiy mulohazalar ham sabab bo‘lgan, degan fikrdalar. Xususan, Berdimuhammedovning bu qarorini ashxobodliklarni “nomaqbul axborot maydoni ta‘siridan himoya qilish” istagi bilan izohlash mumkin. Kabel televideniyesida esa, kuzatuvchilarga ko‘ra, xohlagan paytda xorijiy telekanallardagi “keraksiz va zararli” ko‘rsatuvlarni efirga bermay qo‘yish va ularni zahiradagi boshqa ko‘rsatuvlar bilan almashtirish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu ishni do‘ndirib amalga oshiradigan xayrixoh kimsalar boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi Turkmanistonda ham istagancha topiladi.

Asnoda Turkmanistonda mamlakat ichiga “odamlar ongini zaharlaydigan axborot” kirishiga to‘siq qo‘yish bilan birga yurt ichidagi “xorijga chiqmasligi kerak bo‘lgan ma‘lumotlar”ning tashqariga chiqib ketishining oldini olish bo‘yicha ham chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Telegraph.co.uk nashrining yozishicha, turkmanistonlik tartib posbonlari Obodonda sodir bo‘lgan portlash haqida fotosurat va videoroliklarni Internetga joylashtirgan mahalliy bloggerlarni qo‘lga olish va so‘roq qilish bilan shug‘ullanmoqdalar.

Huquq faollariga ko‘ra, mustaqil matbuot bo‘lmagan Turkmanistonda nafaqat jurnalistlar va fuqarolik jamiyati faollari, balki erkin fikr aytishga jur‘at qilgan har qanday odamni qo‘lga olish va so‘roqqa tutish odatiy hol bo‘lib hisoblanadi.
XS
SM
MD
LG