Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:50

Shimoliy Osetiyada o‘zbekistonliklar ozod qilindi


O‘z yurtdoshlarini qul qilganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosi Jumanazar Yusupov.
O‘z yurtdoshlarini qul qilganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosi Jumanazar Yusupov.
Rossiyaning Shimoliy Osetiya Respublikasida huquq-tartibot idoralari qullikda ushlab turilgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosini ozod qildi. Ma‘lum bo‘lishicha, o‘zbek muhojirlari katta va‘dalar evaziga o‘z yurtdoshlari tomonidan bu yerga olib kelingan va bepul ishlatilgan.

Rossiyaning Shimoliy Osetiya – Alaniya Respublikasida mahalliy Federal Xavfsizlik Xizmati (FSB), Migratsiya xizmati va Politsiya boshqarmalari xodimlarining hamkorlikdagi amaliyoti natijasida bir guruh o‘zbekistonlik mehnat muhojiri ozod qilindi.

“Alaniya” davlat televidenisi xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik Jumanazar Yusupov shu yilning aprel oyida Shimoliy Osetiyaning Iraf tumaniga 8 nafar hamyurtlarini olib kelgan. U o‘zbek mardikorlariga katta maosh va yaxshi shart-sharoitlarni yaratib berishni va‘da qilgan. Lekin Osetiyaga kelishi bilanoq Yusupov ularning pasportlarini majburan olib qo‘ygan.

Televideniyeda bu haqda berilgan lavhada o‘zbek muhojirlarini Shimoliy Osetiyaga noqonuniy olib kelganlik va noqonuniy tarzda tutqunlikda ushlab turganlikda ayblanayotgan Jumanazar Yusupov o‘z hatti-harakatlarini bunday izohlaydi.

- Hujjatlar menda emas, pasport stoli yoki FSBda. Biz uch oyga qaydga turgan edik, lekin ish topa olmaganimiz uchun muddati o‘tib ketdi, yangidan qaydga tura olmadik. Shu sababli biz bu yerda noqonuniy yashab kelatyogan edik,- deydi Jumanazar Yusupov xavfsizlik xizmati xodimlari savoliga javoban.

Ammo FSB xabarnomasidan ma‘lum bo‘lishicha, u o‘zbekistonliklarning pasportlarinigina emas, balki maoshlarini ham o‘zlashtirib kelgan, “registratsiyaga”, deb har oy ulardan yana 1 ming rubldan pul olib turgan.

Bu ma‘lumotni tasdiqlash maqsadida Shimoliy Osetiya Tergov qo‘mitasiga qilgan murojaatimizga kutilmagan javob oldik. Shimoliy Osetiya Tergov qo‘mitasining axborot markazi rahbari Eduard Gusov respublika hududida bunday hodisa umuman sodir bo‘lmaganini bildirdi.

- Respublikamiz hududida biror xorijliklarning noqonuniy ushlab turilishi holatlari bo‘lmagan. U yerda mamlakat hududida noqonuniy tarzda yashab kelish holati kuzatilgan va unga migratsiya xizmati tomonidan chora qo‘llanilgan, xolos,- dedi Ozodlikka mahalliy televideniye orqali berilgan ma‘lumotni inkor qilgan Eduard Gusov.

Ayni paytda Shimoliy Osetiya bo‘yicha FSB boshqarmasi ommaviy axborot vositalari orqali tarqatgan xabarnomasida esa biroz boshqacharoq ma‘lumotlar keltirilganini ko‘rish mumkin.

Jumanazar Yusupov o‘z yurtdoshlarini kuniga 12 soatlab ishlatgan, so‘nggi ikki oy davomida esa ularga umuman oylik bermay kelgan. Norozi mardikorlar O‘zbekistonga qaytish uchun o‘z pasportlarini talab qila boshlaganda esa ularni kaltaklashga o‘tgan.

FSB xabarnomasiga ko‘ra, “Brigadir” tomonidan qattiq kaltaklanganlardan biri Sirojiddin Imomovdir.

O‘zbek mardikorlarini ozod qilishda ishtirok etgan Shimoliy Osetiya Federal migratsiya xizmatining o‘z ismini oshkor qilmagan xodimi voqea tafsilotlarini Ozodlikka gapirib berdi.

- Bu voqea shu yilning 20 iyulida sodir bo‘ldi. O‘shanda 8 kishi qo‘lga olindi. Ulardan biri noqonuniy migratsiya tashkil etganlikdagi ayblov asosida Rossiya Jinoyat Kodeksining 322-moddasi 1-qismi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu o‘sha Jumanazar Yusupov.

Qolganlarga faqat jarima solingan va hozircha ozod qilingan. Ular hozirda Iraf tumanidagi Lesken qishlog‘ida, vaqtincha tergov tugaguniga qadar yashashmoqda,- deya ma‘lum qildi Migratsiya xizmati xodimi.

Uning aytishicha, Rossiya migratsiya qonunchiligini buzgani uchun ilgari ham ma‘muriy javobgarlikka tortilgan o‘zbekistonlik Yusupov hozirda Iraf tumani Ichki ishlar boshqarmasida saqlanmoqda, qolgan mehnat muhojirlari esa yaqin kunlarda O‘zbekistonga jo‘nab ketishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

O‘zbekistonliklar Jumanazar Yusupovning hatti-harakatlari yuzasidan ariza yozish haqida politsiyachilarning taklifini rad etan. Federal migratsiya xizmatidan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiya migratsiya qonunchiligini ikkinchi marotaba buzayotgan o‘zbekistonliklar keyingi 5 yil davomida Rossiyaga kiritilmaydi.
XS
SM
MD
LG