Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:02

O‘tunbayeva tartib posbonlarini ogohlantirdi


Qirg‘iziston prezidenti mamlakat janubida noqonuniy hibsga olishlar tendensiyasi kuchayayotganidan tashvishda.

Roza O‘tunbayevaning O‘shga safari chog‘ida bergan bayonotlari ana shundan dalolat bermoqda.

Kechadan buyon O‘sh shahrida yurgan prezident O‘tunbayevaga ko‘ra, mamlakat janubida noqonuniy qo‘lga olishlarga chek qo‘yilmayotgani 2010 yildagi qirg‘indan so‘ng izga tushib kelayotgan vaziyatni yana izdan chiqarishi mumkin.

- Bir odam Rossiyadan qaytib kelishi bilanoq uni gumonlangan shaxs qatori ushlab olib kelib, yoniga ozgina narkotik tashlab qo‘yib, uni ayblashlarga befarq qarab tursak, O‘shda vaziyat izga tushmaydi, - dedi prezident.

Roza O‘tunbayeva O‘shda mahalliy huquq-tartibot idoralari rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuvi chog‘ida noqonuniy hibsga olish va mahbuslarga nisbatan qiynoqlar qo‘llash hollari bo‘yicha mutasaddilarning har biri shaxsan javob berishini ta‘kidladi:

- Ogohlantirib qo‘ymoqchimanki, har biringiz yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarlik uchun shaxsan javob berasiz. Tilga olganimiz xato va kamchiliklarni tuzatish uchun bir oy muhlat beraman. Bir oydan so‘ng natijalar to‘g‘risida hisobot berasiz, - der ekan O‘tunbayeva bu kabi holatlarning oldini olish uchun kuch ishlatar tizim rahbarlariga bir qancha topshiriqlar berdi.

Jumladan, 18 avgust kuni Qorasuvdagi tuman militsiya bo‘limiga tashrifi chog‘ida prezident O‘tunbayeva Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Qursan Asanov oldiga viloyat ichki ishlar boshqarmalari va tuman militsiya bo‘limlarida turli millat vakillarining ishlashi va gender tengligini ta‘minlash talabini qo‘ydi.

Prezident O‘tunbayevaning O‘shga safari va mahalliy huquq-tartibot idoralarida qat‘iy tartib o‘rnatish bo‘yicha qo‘yayotgan konkret talablarini o‘shlik huquq faoli Izzatillo Rahmatullayev o‘z hamkasblarining yaqindagi murojaati bilan bog‘laydi.

- Prezident o‘zi aytdi: “Meni janubga kelishimga, birinchi navbatda, bozorqo‘rg‘onlik Usmonjon Xolmirzayevning militsionerlar tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilgani sabab bo‘lsa, ikkinchisi sizlar yozgan murojaatnoma bo‘ldi”, dedi. Uchrashuvda biz juda ko‘p muammolarni ko‘tardik. Ko‘targan birinchi muammoimiz - O‘sh shahar vaqtincha saqlash izolyatorini Adliya vazirligiga o‘tkazib berish masalasi bo‘ldi. Sababi O‘sh IVSiga tushib chiqqan odam nogiron, qiynoqlarga duchor bo‘lib chiqayapti. Bundan tashqari, biz Bosh prokuraturaga oltita banddan iborat bo‘lgan murojaatnoma bergan edik, prezident bilan ana shu olti band bo‘yicha so‘zlashuvlar bo‘ldi. Prezident uchrashuv oxirida Qirg‘iziston huquq-tartibot organlarida qattiq nazorat o‘rnatish va uni tartibga solishni va‘da berdi, - dedi 17 avgust kuni Roza O‘tunbayeva bilan uchrashuvda ishtirok etgan o‘shlik huquq faoli Izzatillo Rahmatullayev.

Asnoda Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi mas‘ullari prezident tomonidan tilga olingan noqonuniy hibsga olish va mahbuslarga nisbatan qiynoq qo‘llash holatlariga qarshi kurash kuchaytirilganini bildirmoqdalar. Qirg‘iziston Bosh prokurori Aida Salyanovaning aytishicha, bu borada O‘sh va Jalolobod prokurorlariga maxsus topshiriq berilgan.

- Bu holatlarga qarshi kurashish uchun vaqtincha saqlash hibsxonalarini tez-tez tekshirib turish bo‘yicha prokurorlarga topshiriq berdim. Ko‘p joylarni tunda ham, ishga ketayotganda ham, kechki payt ishdan qaytayotganda ham tekshiravyerish kerak. Kutilmaganda tekshirib borish qiynoqlarga qarshi kurashning yagona yo‘lidir. Bundan tashqari, huquq-tartibot organlari ham shaxsiy tarkib bilan tushuntirish ishlarini olib borishi kerak. Huquq-tartibot organlarida ishlayotgan har bir odam salbiy holatlarning odatga aylanishiga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizni tushunishimiz kerak. Bugungi bo‘layotgan ishlar urfga aylanib qolsa, huquq-tartibot organlarida ishlayotgan odamlarning yaqinlari yoki farzandlari ham besh-o‘n yildan keyin qiynoqqa solinmaydi, deb hech kim kafolat berolmaydi, - dedi Qirg‘iziston Bosh prokurori Aida Salyanova.
XS
SM
MD
LG