Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:05

Avtomarafon bekor qilindi


O‘zbekistonlik Xasanboy Burhonovning orzusi mablag‘ yetishmasligi tufayli amalga oshmadi.
O‘zbekistonlik Xasanboy Burhonovning orzusi mablag‘ yetishmasligi tufayli amalga oshmadi.
Dunyoni O‘zbekistonda chiqarilgan avtomashinada aylanmoqchi bo‘lgan avtohavaskor Xasanboy Burxonov MDHni ham keza olmaydigan bo‘ldi.

Namanganlik avtohavaskorning avtomarafoni o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Dastlab Xasanboy Burhonov bir o‘zi dunyoni O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobilda kezmoqchi edi. Yoshligidan nogiron bo‘lgan Hasanboy aka “GM Uzbekistan” avtokonsernidan sayohat uchun avtomobil so‘radi. Avtokonsern uning bu so‘rovini qondirmadi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Chevrolet Captiva avtomobilini ololmagan Xasanboy aka do‘stining “Matiz” avtomobilida MDH davlatlarini kezmoqchi bo‘ldi. Ammo bu niyati ham amalga oshmay qoldi

- O‘zbekistonda “yordam beramiz” degan ba‘zi firmalar, shaxslar mablag‘ o‘tkazib bermadi. Avvalo homiylik qilish, hayriya qilish bu ixtiyoriy. Hoxlasa beradi. Lekin “yordam beramiz” deb ishontirgan edi. Nima sababdan bergan va‘dalarini amalga oshirishmaganliklari men uchun qorong‘u. Shu loyiha bo‘yicha to‘plangan ixtiyoriy mablag‘ning miqdori 2 ming yevro va 7 million so‘mni tashkil etdi. Albatta, bu mablag‘ yetmagani uchun shu mablag‘ni o‘tkazgan homiylarga telefon qilib, ular o‘tkazgan mablag‘ni qaytarib berishimni aytdim, - deydi o‘zbekistonlik avtohavaskor.

“Teng imkoniyatlar uchun” shiori bilan O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligiga bag‘ishlab avtoturne o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan Xasanboy Burhonov bolaligida poliomelit kasalligiga chalingan. Shundan buyon bir umrga hassaga tayanib qolgan edi. U "Nogiron bo‘lganim bois, bu avtomarafonga homiylar ishonmagan ko‘rinadi", degan fikrda.

- Jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarni ko‘pchilik "omadsiz odamlar, ularning joyi uyda, yoki aravachada o‘tirib, chorrahalarda tilanchilik bilan shug‘ullanadi", deb o‘ylaydi. Yoki “bular bechoralar, yordam berish kerak” deb o‘ylashadi. Lekin bu odam muvaffaqiyatli inson bo‘lishi mumkinligini, jamiyatga yordam berishi mumkinligini, foyda keltirishligi haqida juda kam insonlar o‘ylaydi. Faqat insonparvarlik yordamini berib, qo‘ltiqtayoq, aravacha berib yordam qilmasdan, bu tashkilotlar jiddiy konstruktiv takliflarni berishi kerak,- deb o‘ylaydi Xasanboy Burhonov.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik avtohavaskor Xasanboy Burhonov may oyida dunyo bo‘ylab avtosayohatga chiqmoqchi edi. Biroq uning avtomarafoniga kerakli bo‘lgan avtomashinani olishda hamda mablag‘ to‘plashda qiyinchilik tug‘ilgani bois avtomarafon shu yilning yoz oylariga qoldirilgan edi.

Aytish joizki, O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan fuqarolar vaqti-vaqti bilan o‘zlari haqida ommaga xabar berib turadi.

O‘tgan yil yana bir namanganlik 2- guruh nogironi Mavlonxon To‘rayev nogironlik aravachasida 500 kilometrlik yo‘lni bosib, Toshkentga bordi. Uning istagi O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga atab yasatgan tojini kiydirish edi. Ammo prezident qabuliga marafonchi kira olmadi va yasatgan toji bilan Namanganga qaytgan edi.

O‘zbekistonda nogironlar “Mehr-muruvvat yilida”, ramazon oyida, hamda hayriya tadbirlari payti esga olinadi xolos.
XS
SM
MD
LG