Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 02:39

Blog: Chemodan kayfiyati


Muallif: Shuhrat Bobojon

Bu suratlarni bundan 20 yil oldin 1991 yil 19 avgust kuni eski chemodan ichiga Urganchdagi ustaxonamga qamalib chizgan edim.

O‘sha kun tafsilotlari butun ikir-chikirlari bilan esimda.

1991 yil 19 avgust kuni odatga ko‘ra¸ Xudfondga (rassomlar idorasi) o‘tdim.

Xudfond oldidagi taxta o‘tirg‘ichda “xaltura” kutib o‘tirgan ikkita qari va sarxush rassom Gorbachev haqida gapirar edi.

"SSSR rahbari Gorbachev Farosdagi dachasida uy qamog‘ida", dedi rassomlardan biri.

Bu gapni eshitgach¸ bir kun burungi voqea ma‘nosini angladim.


18 avgust oqshomi mahallada o‘tayotgan to‘y bazmiga ikkita KGB xodimi kelib mahalla oqsoqoliga nimadir deyishdi. Shundan keyin oqsoqol so‘z olib Gorbachev boshboshdoqligiga nihoyat chek qo‘yilib, tartib-intizomga kelinadigan kunlar yaqin qolganini aytib, aholini hushyorlikka chorladi.

To‘ydagi mast olomon Gorbachevga la‘natlar o‘qib, “tartib” sharafiga yuztadan otishdi.

Demak, 19 avgust kuni yuz bergan davlat to‘ntarishi haqida o‘zbek mulozimlariga xabar berilgan¸ degan xulosaga keldim.

Uyga borsam¸ telefon jiringladi. Sinfdosh do‘stim, militsiya podpolkovnigi Ro‘zimboy ekan.

"Qamaladiganlarning ro‘yxatida sen ham borsan. Bir-ikki kun ko‘zdan g‘oyib bo‘lib tur", dedi u achinish bilan.

Televizorda Oqqush ko‘li uzra oqto‘sh laylaklar sayr qilar edi.

Uydan ikki kilometr narida ustaxonam bor edi. O‘sha yerga yo‘l oldim.

Bora solib birdaniga ikkita eski radioda Bi-bi-si va Ozodlikni tinglay boshladim.

Putch, Xunta, GKChP degan kalimalar lug‘atimga kirdi. Qisqa to‘lqinlar osha Yelsinning putchga qarshi mardonavor nutqini eshitdim.

Voqealar meni shu qadar hayajonga solganidan ustaxonada yotgan eski chemodan ichi va tashiga Moskvadagi voqealar suratini chizdim.

Nazarimda chemodan yopiq rejimning timsoli edi.

Ustaxonadagi telefon jiringladi. Yana Ro‘zimboy edi.

"Hali ham o‘tiribsanmi? Nimani kutyapsan? Ment bo‘lsam ham sinfdosh do‘stimni qamoqqa olish darajasidagi svoloch emasman" dedi Ro‘zimboy.

Bir pasdan keyin Mang‘itdan Bahodir degan muxolifatchi do‘stim Yangiboy eka degan jarroh bilan mashinada yetib kelishdi.

Mashinani uyga qamab, Qo‘ng‘irot-Toshkent pochta poyezdida toshbaqa yurish qilib¸ Toshkentga yo‘l oldik.

Men o‘zim bilan ichi tashiga surat chizilgan chemodanni ham olvoldim.

Navoiyga bag‘ishlangan ko‘rgazma tanlov hay‘ati 20 avgustga belgilangan edi.

Poyezd ichi Namangandagi allaqaysi ekstrasens azayimxon bibidan davo istab ketayotgan dardmandlar bilan to‘la edi.

Odamlar Gorbachev hurriyatiga ham, Pavlov islohotiga ham, Yanayev to‘ntarishiga ham befarq. Ular jin-ajinalaru Chumak, Kashpirovskiylardan madad kutishar edi.

Poyezd bir vaqtlar Shalyapin qo‘shiq kuylagan Chorjo‘y vokzaliga yetib keldi. Tushib kioskadagi gazetalarni titib ko‘rdim.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi “Postda” gazetasining 20 avgust soni butkul GKChPni sharaflashga bag‘ishlangan edi.

Gazetada Karimovning samolyotdan turib GKChPga yo‘llagan tabrik telegrammasi ham o‘rin olgan edi.

“Tarix uchun” deya gazetadan bir taxlamini sotib olib vagonga qaytdim.

Toshkentga 21 kuni saharda kirib bordik. 21 avgustga kelib xuntachilarning o‘qi o‘zmasligi ma‘lum bo‘lgan esa-da¸ o‘zbek KGBchilarining maqsadi o‘zgarmagan edi.

21 avgust oqshomida Navoiy teatri oldida Karimovga qarshi miting rejalangan edi. Teatrning oldiga borishim bilanoq meni ushlab olib ketishdi.

Mendan oldin rassom Erkin Kagarovni Sayilgoh ko‘chasidan ushlab ketishgan edi. Kagarov GKChPni hajv qilib suratlar chizgan va uni namoyishkorona ko‘chada ko‘tarib yurgan edi.

Rossiya mehmonxonasidan sal naridagi militsiya bo‘limida meni qamab qo‘yishdi.

Meni qamagan militsionerlardan biri yaqinda mashinasini o‘g‘irlatgan ekan. Menga yaqinlashib "Siz "Erk" faoli ekansiz. Shu Muhammad Solih aralashib mening mashinamni topib bera olmaydimi?" deb iltimos qildi.

Men ham unga bir iltimos bilan yuzlandim. Shu yaqin o‘rtada Sapernaya ko‘chasida Larisa Sokolova degan san‘atshunos yashar edi. Sovyet hukumatining ashaddiy dushmani bo‘lgan bir dissident edi. Men uning telefonini militsiya amakiga berdim. "Mening qamalganimni va qayerda ekanimni ayting" dedim.

Bir soatlardan keyin Larisa Sokolova yetib keldi. Eshikbonlar bilan talashib, mening oldimga keldi. O‘zi bilan ikki shisha mineral suv ham olib kelibdi.

Vaziyatni o‘rgangach, Sokolova tashqariga chiqib ketdi. Sal o‘tmay mashinkada bosilgan va Rassomlar soyuzi raisi Bahodir Jalol imzolagan qog‘oz bilan qaytib keldi.

Qog‘ozda mening Rassomlar uyushmasi taklifiga ko‘ra¸ Toshkentga kelganim va darhol hibsdan ozod qilinishim talab qilingan edi.

Gap shundaki, Sokolova Bahodir Jalol ustaxonasi joylashgan uy tepasida turar edi. Bu qog‘ozni o‘zi mashinkada bosib, Bahodir akaga qo‘l qo‘ydirib kelgan edi.

Bu qog‘oz sharofati bilan men ozod qilindim. Ichiga rasmlar chizilgan chemodanimni ham qaytib berishdi.

Keyin bu chemodanni Fransiya-Germaniya chegarasidagi Saarbrukken galereyasida namoyish qildim.

GKChP xotirasi sifatida bu chemodan ko‘rgazmadan ko‘rgazmaga ko‘chib¸ 20 yil sayohat qilib, san‘at asariga aylandi.

Bugun oradan 20 yil o‘tib bu chemodanga tikilar ekanman, shuurimga bundan 20 yil oldin yerlashgan chemodan kayfiyati meni hanuz tark qilmaganini angladim.
XS
SM
MD
LG