Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:00

Toshkent mustaqillik arafasida avtobuslarni qabul qilmaydi


Har yil kuzatiladigan bu holat bayram oldidan o‘zbekistonliklarning arzon transport vositasidan foydalanish imkoniyatini chegaralab qo‘yadi.

Samarqandlik huquq faoli Komiljon Ashurovga ko‘ra, Samarqand-Toshkent yo‘nalishida qatnovchi avtobuslar bir necha kundan buyon yo‘lga chiqmayapti.

- Samarqand-Toshkent yo‘nalishida qatnayotgan davlat avtobuslari emas, xususiy avtobuslarni qo‘ymayapti degan gap bor. Bilmasam, xavfsizlik masalasi sababli qo‘ymayotgan bo‘lishi mumkin. Yoki mustaqillikning 20 yilligi bo‘lishi mumkin. Buxoro va Qoraqalpog‘istondan qatnayotgan xususiy avtobuslarni qo‘ymayotgani haqida ham gaplar bor, - dedi samarqandlik Komiljon Ashurov.

O‘zbekiston yangiliklarini yorituvchi “Olam.uz” saytiga ko‘ra, 18 avgust kuni, “Toshkent” avtovokzalidan Samarqandga qatnovchi barcha avtobuslar reysdan olingan. Bu harakatini avtovokzal xodimlari texnik sabablar bilan izohlab, Samarqanddan Toshkentga avtobuslarning qaytishiga iloj yo‘qligini aytishgan.

Ayni paytda Samarqand-Toshkent yo‘nalishida qatnovchi avtobuslarning to‘xtaganini o‘zbekistonliklar forumlarda aynan O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi bilan bog‘lamoqda.

Yana birlari esa Samarqand yo‘nalishida Ispaniyadan olib kelingan ikkita “Talgo” rusumidagi poyezdlar qo‘yilayotgani bilan bog‘lamoqda. Ammo bu taxminni Komiljon Ashurov inkor etadi:

- Samarqand-Toshkent poyezdi hali uncha ommalashmagan. Shuning uchun hususiy avtobuslar bilan tadbirkorlar Toshkentga borib mollarni olib kelib ishlaydilar. Avtobuslar odam ko‘p tashimaydi, asosan mol tashiydi, - deya izohladi Komiljon aka.

20 avgust kuni Ozodlik “Toshkent” avtovokzali bilan bog‘langanida o‘zini tanishtirmagan avtovokzal xodimi Samarqandga davlat avtobuslari qatnayotganini bildirdi:

- Ha, yurayapti, -dedi “Toshkent” avtovokzali xodimi. Unga ko‘ra, Toshkentdan Samarqandgacha yo‘lkira haqi 11 ming so‘m.

Ma‘lum bo‘lishicha, Toshkentga O‘zbekistonning viloyatlaridan qatnayotgan avtobuslarda uzilishlar bo‘lgan.

“Buxoro” avtovokzalining navbatchi xodimiga ko‘ra, mustaqillik oldidan Toshkentga avtobuslar qatnovi to‘xtatiladi:

- Yurmayotgan edi, kecha yo‘lni ochdi. Obedgacha yuradi, obeddan keyin respublikada umuman yurmaydi. Bir hafta yuradi, keyin yana yo‘lni bir haftaga yopib qo‘yadi. Hozir borsangiz, kelavyerasiz. 27 chislogacha yo‘llar yopilmaydi. Kelish bo‘ladi, borish bo‘lmaydi. Bayram uchun bir haftaga yopiladi, - dedi “Buxoro” avtovokzalining navbatchi xodimi.

Suhbatdoshga ko‘ra, Buxoro avtobuslari har yil mustaqillik bayrami oldidan Toshkentga qatnashi bir necha kunga to‘xtatiladi.

Avtobuslar O‘zbekiston viloyatlaridan poytaxtga kelishning eng arzon usuli bo‘lib qolmoqda.

Ozodlik avvalroq mustaqillik tantanalari arafasida Toshkentga Farg‘ona vodiysidan kelayotgan avtomobillar kirishi qiyinlashgani haqida ham xabar bergan edi.
XS
SM
MD
LG