Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:09

AQSh terrorizmga oid hisobot e‘lon qildi


O‘tgan yili terrrorchilik harakatlari oqibatida 13 ming 200 kishi halok bo‘lgan.
O‘tgan yili terrrorchilik harakatlari oqibatida 13 ming 200 kishi halok bo‘lgan.
AQSh Davlat departamentining dunyo davlatlarida terrorizmga oid e‘lon qilgan yangi hisobotida terrorizm tendensiyalariga baho berilgan.

Hisobotga ko‘ra, 2010 yilda dunyoning 72 ta davlatida 11.500 dan ortiq terror hujumlari amalga oshirilgani oqibatida 13.200 kishi nobud bo‘lgan. Hujjatda o‘tgan yil terror hujumlari 2009 yildagiga nisbatan besh foizga ko‘payganiga qaramay, qurbonlar soni 12 foizga kamaygani bildirilgan.

AQSh Davlat departamenti e‘lon qilgan Dunyo davlatlarida terrorizmga oid hisobotining O‘zbekistonga oid qismida qo‘shni davlatlarda beqaror vaziyat hukm surayotgani va bu davlatlarda o‘zbeklar ishtirokida terror hujumlari amalga oshirilganiga qaramay, O‘zbekistonda hech qanday terror hujumi sodir etilmagani bildirilgan.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati mamlakatda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni qattiq nazorat qilayapti va bir qancha odam terrorizm ayblovi bilan javobgarlikka tortilgan. Avvalgi yillardagi kabi ishonchli ma‘lumotlar bo‘lmagani bois O‘zbekistondagi terror tahdidini tahlil qilish mualliflar uchun qiyin ekanni qayd etilgan.

Davlat departamenti hisobotida O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari matbuot yoki xalqaro hamjamiyat diqqatini jalb qilmagan holda terror hujumlarining oldini olgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan.

Hisobotda O‘zbekiston huquq-tartibot organlari rasmiylari bir qancha odamni ekstremizm bilan bog‘liq ayblovlar bilan hibsga olib, javobgarlikka tortishni davom ettirayotgani bildirilgan.

Mustaqil axborot vositalari ma‘lumotiga asoslanib Davlat departamenti hisobotida bildirilishicha, 2010 yil fevral va mart oylarida o‘tkazilgan yopiq sudlarda konstitutsiyaviy tuzumga qarshi faoliyat olib borganlik, ekstremistik guruhlarga a‘zolik va boshqa ayblovlar bilan 83 kishi ozodlikdan mahrum etilgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, bu sudlar 2009 yilda amalga oshirilgan terror hujumlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi podpolkovnigi Hasan Asadov, “Ko‘kaldosh” madrasasi mudiri o‘rinbosari Abror Abrorov, Toshkent shahar imom xatibi Anvar qori Tursunovga qarshi suiqasd va 2009 yil avgustida Toshkentda bo‘lgan otishma bilan bog‘liq bo‘lgan.

O‘zbekiston hukumati Qozog‘istondagi 30 nafar boshpana izlovchi o‘zbek terrorchi tashkilotlar a‘zosi ekanini iddao qilib, ularni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishini Qozog‘istondan talab qilgan. Qozog‘iston hukumatiga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni buni tasdiqlovchi ishonchli dalillar taqdim qilgan. Yil oxiriga kelib BMT qo‘lga olingan o‘zbeklarga berilgan qochqinlik maqomini bekor qilgan. Qo‘lga olinganlardan biri O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan, boshqasi qo‘yib yuborilgan.

AQSh Davlat departamenti hisobotida pullarni yuvish va terrorizmning moliyaviy ildizini qirqish bo‘yicha tuzilgan Yevroosiyo guruhiga a‘zo bo‘lgan O‘zbekiston 2009 yilda pullarni yuvishga qarshi qonun qabul qilganidan beri boshqa yangi hujjat qabul qilinmagani va 2010 yilda bu sohada yangi choralar ko‘rilmagani qayt etilgan.

Hisobotda umumiy xavfsizlik masalalari, jumladan, chegara nazorati bo‘yicha O‘zbekiston hukumati qator xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama hamkorlik qilgani bildirilgan.
XS
SM
MD
LG