Линклар

Qirg‘izistonda qiynoqlarni yo‘q qilish uchun kuch tizimlari tarkibi turli millat vakillaridan iborat bo‘lishi lozimligini prezident O‘tunbayeva ta‘kidladi.

Qirg‘izistonda huquq-tartibot tuzilmalarida qiynoqlarni yo‘q qilish yo‘llari borasida jamoatchilik turli fikrlarni bildirmoqda. Ayrimlar buning uchun kuch tizimlarida islohotlar olib borish kerakligini aytsa, ba‘zilar aybdorlarni ayovsiz jazolash kerak, degan fikrda.

Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayeva shu hafta o‘rtasida O‘shga qilgan safari chog‘ida mazkur muammoni hal qilish uchun kuch tizimida turli millat vakillari sonini ko‘paytirish tashabbusini ko‘tardi:

- Mayli rus, tatar, mayli o‘zbek bo‘lsin, o‘shalarning barchasini militsiyaga jalb qilish kerak degan, talab qo‘yamiz. Mojarodan keyin kuch organlariga boshqa millat vakillari jalb qilinsin, degan oltin qoida bo‘lishi kerak. Bizda boshqa millat vakillari huquq tuzilmalarida mojarodan avval ham oz bo‘lgan. So‘nggi yillarda ularning soni juda kamayib ketibdi. Militsiyaga ishonch bo‘lishi kerak ekan. Qiynoqlar yoki boshqa yomonliklar bo‘lmasligi uchun o‘sha yerda boshqa ko‘zlar bo‘lishi kerak ekan, - dedi Roza O‘tunbayeva.

Prezidentga ko‘ra, kuch tizimlari uchun turli millat vakillaridan iborat kadrlarni tayyorlash choralari ko‘rilishi kerak:

- Buning uchun O‘shda ham militsiya maktabini ochish yoki Bishkekdan bu yoqqa militsiya maktabini ko‘chirish kerak,- dedi Roza O‘tunbayeva.

Maxalliy huquq himoyachilariga ko‘ra, mahbuslarga nisbatan qiynoqlar mamlakat janubida ko‘p kuzatiladi. Bu illat 2010 yilgi O‘sh qirg‘inidan so‘ng avj olgan.

Qolavyersa, O‘shda kuch tizimlari xodimlarining tarkibi asosan qirg‘iz millatidan iborat bo‘lgani va qiynoqlar ko‘proq o‘zbeklarga nisbatan qo‘llanilishi ham aytiladi.


O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Marat O‘ro‘zbayevga ko‘ra, militsiyaga boshqa millat vakillarini jalb qilish ishlari prezident bayonotidan avval boshlangan. Uning aytishicha, O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimlarining 10 foizga yaqini boshqa millat vakillarini tashkil qiladi va ularning 7 foizi o‘zbeklardir.

- Bizga bundan avval boshqa millat vakillarini ham militsiyaga ishga olish haqida topshiriq berilgan. Hozir buning ustida ishlayapmiz. Aytishim kerakki, ayni paytda O‘sh militsiyasida 592 xodim bo‘lsa, ularning 7 foizini o‘zbeklar tashkil qiladi. Ellikka yaqin o‘zbek millatidagi xodimlar ishlaydi. Ularning sonini ko‘paytirish maqsadida so‘nggi paytlarda yana 3 o‘zbek xodimni ishga oldik. Rostini aytganda biz ularni ishga ko‘p taklif qilamiz, biroq militsiyada ishlashni xohlovchilar oz bo‘layapti,- dedi Marat O‘ro‘zbayev.

Ayni paytda o‘z ismini aytishimizni istamagan o‘shlik huquq himoyachilaridan biri O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi rahbarining so‘zlariga qo‘shilmaydi.

Huquq faoligi ko‘ra, O‘shda istiqomat qiluvchi turli millat yoshlari orasida ham militsiyada ishlamoqchi bo‘lgan odamlar ko‘p. Biroq...

- Militsiyaga osonlik bilan ishga kirolmaydi. U yerda o‘zining stavkalari, proraxo‘rliklari bor. O‘zbeklar ishga kirgani bormaydi ham, borgan bilan ishga ham olmaydi. Har xil bahonalar bilan chetlatavyeradi.

Ozodlik: Talab qilingan pulni bersachi?

- Bu kim orqali berilishiga bog‘liq. U yerga har kim ham ishga olib kira olmaydi. U yerga obro‘li odamlar ishga olib kirishi mumkin, tanish orqali. Masalan, militsiyadagi oddiy lavozimlarga, oddiy postdagi militsionerlikka ishga joylashish ham juda qiyin, - deydi suhbatdoshimiz.

O‘shlik jurnalist Saltanat Fayzullayevaning fikricha, qiynoqlarga qarshi kurashda militsiyada boshqa millat vakillarining ishlash yoki ishlamasligi hech narsani hal qilmaydi.

- Agar “ishlatamiz”, desa, militsiya, sud, prokuroturada ham o‘zbeklar ishlashni xohlaydi. Lekin bu yerda gap militsiyada o‘zbeklarning ishlash-ishlamasligida emas. Militsiyada qirg‘iz ishlaydimi, boshqa millat vaikli ishlaydimi, bundan qat‘iy nazar, barcha odamlarga bir hilda teng munosabat bo‘lsa, “o‘zbek yo‘qligi uchun o‘zbek, boshqa millat yo‘qligi uchun boshqa millat qiynalyapti”, degan gap bo‘lmaydi, -dedi Saltanat Fayzullayeva.
XS
SM
MD
LG