Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:32

O‘zbekistonda Internet xavfsizligini Ekspert komissiyasi kuzatadi


O‘zbek rasmiylari axborot va kommunikatsiya sohasida ekspert komissiyasini tuzishga qaror qildi.

O‘zbekiston hukumatining 5 avgust kuni qabul qilgan “Ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ekspert komissiyasi tarkibiga 13 nafar mansabdor kiritilgan.

Ekspert komissiyaning asosiy vazifalari o‘laroq uning nizomida quyidagilar ko‘rsatilgan:

- Milliy axborot makoni va ommaviy kommunikatsiya vositalari faoliyati, shu jumladan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, yo‘ldosh tizimlar, Internetning global tarmog‘i, axborotni uzatish va tarqatishning boshqa elektron vositalari, shuningdek, bosma mahsulotlar monitoringi natijalarini ko‘rib chiqish.

- O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Ommaviy
kommunikatsiyalar sohasida monitoring markazi tomonidan taqdim etiladigan
monitoring materiallarini ommaviy kommunikatsiya vositalarida tarqatiladigan axborot materiallarining axborot sohasida shaxs, jamiyat va davlatning manfaatlarini himoya qilishni ta‘minlashga, fuqarolarning ijtimoiy ongiga buzg‘unchi salbiy axborot-ruhiy ta‘sirning oldini olishga, milliy-madaniy an‘analar va merosni saqlab qolish va ularning uzviyligini ta‘minlashga yo‘naltirilgan respublika qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazish;

- ommaviy kommunikatsiyalar sohasida xizmatlar ko‘rsatuvchi sub‘ektlar faoliyatida qonunchilik talablarining aniqlangan buzilishlari bo‘yicha xulosalarni tayyorlash va tegishli davlat organlariga taqdim etish;

- milliy ommaviy kommunikatsiya vositalarining samarali faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qiluvchi muammolarni aniqlash.

Undan tashqari, ushbu komissiya milliy axborot makonida aniqlangan konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishga, O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligi va suvyerenitetini buzishga, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni avj oldirishga, davlat tuzumiga qarshi qaratilgan boshqa tajovuzlarni sodir etishga ommaviy da‘vat qilgan materiallarni, shuningdek, urush, zo‘ravonlik, pornografiya va shafqatsizlikni, terrorizm va diniy ekstremizm g‘oyalarini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan axborotlarni tahlil qiladi va ular bo‘yicha xulosalar tayyorlaydi.

Ayni paytda Ozodlik bilan suhbatlashgan soha mutaxassislari va tahlilchilar bu qaror yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirdilar.

Daniil Kislov, “Farg‘ona.ru” saytining bosh muharriri:

- Bosh vazir imzolagan qaror mohiyatan amaldorlarning fuqarolar ongiga qaysi maqolalar “destruktiv” va “salbiy” ta‘sir ko‘rsatishini aniqlash huquqini qonuniylashtirib berdi. Umida Ahmedova, Abdumalik Boboyev va Vladimir Berezovskiy ishlari bo‘yicha barchaga ma‘lum jarayonlar chog‘ida sud qaror chiqarishda tayangan qandaydir komissiyalar bor edi. Biroq bu komissiyalarning faoliyati o‘sha paytda chetdan tanqid qilingandi. Endilikda esa bu kabi ekspertlar faoliyati qonuniylashadi: ekspertlik kengashini yuqori lavozimli amaldorlar guruhi tanlab oladi. Yana takrorlayman: davlat ommaviy axborot vositalari ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qonunchilik bazasini barpo qilmoqda. Ishonchim komilki, bu komissiyaning barcha xulosalari jamiyat foydasini ko‘zlab emas, balki davlat tepasidagi bir guruh shaxslar manfaatini ko‘zlagan holda chiqariladi.

Abdurahmon Tashanov, mustaqil jurnalist, O‘zbekiston “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati faoli:

- Buning mustaqil jurnalistlarga ta‘siri bo‘lishi mumkin. Internet materiallarni tahlil qilib, internet saytlarni bo‘g‘ish yoki jurnalistlarga nisbatan ekspertiza xulosasi berib, ularni javobgarlikka tortishgacha borishi mumkin. Bundan oldin ham matbuotni bo‘g‘ib turishga qaratilgan bir qancha qarorlar chiqarilgan va jamoatchilik komissiyalari tashkil etilgan. Masalan, 2000 yillarda bosh muharrirlar kengashi tuzilgan edi. Bosh muharrirlar gazeta, televideniyeda chiqayotgan maqolalarni ko‘rib, tahlil qilib, qonunga, siyosatga mos kelishini ko‘rib berishar edi.

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos va sotsiolog olim:

- Qo‘yilgan vazifa asosan internet. Agar siz Google tarmog‘ini ochib, u yerga “O‘zbekiston” so‘zini o‘zbek tilida yozsangiz, sizga bir nechta ishorat taklif qiladi. Birinchi va eng ko‘p taklif qilayotgan varianti “O‘zbekiston xalq harakati” degan taklif bo‘ladi. O‘zbekiston hukumati ehtimoliy o‘zgarishlardan qattiq qo‘rqayapti. O‘zbekiston jamiyatiga bo‘lishi mumkin bo‘lgan tahdidlar ham bor. Bu yerda ular shunchaki nomiga sanab o‘tilgan. Lekin asosiy yadro - O‘zbekiston xukumatini bezovta qilayotganlar, ya‘ni inqiloblar, xalqning junbushga kelishi, “arab bahori” kabi voqealar bo‘lishidan qattiq xavotir olganligi uchunligi ko‘rinadi. Bundan oldin ham 2000-yillarda ham, 1990-yillarda ham bunga o‘xshagan komissiyalar tuzilgan. Lekin komissiyalarda har safar xavotirlar qirralari bir-biridan farq qilgan. Bu safar aynan internetni hukumat havfsizligi nuqtai nazaridan reviziya qilish vazifasi qo‘yilayapti.
XS
SM
MD
LG