Линклар

Li Myon Bak O‘zbekistonga davlat tashrifini boshlaydi


O‘zekiston prezidenti Islom Karimov (ch) Janubiy Koreya prezidenti Li Myon Bak (o‘) bilan so‘zlashmoqda, Seul, 2010 yilning 11 fevrali

O‘zekiston prezidenti Islom Karimov (ch) Janubiy Koreya prezidenti Li Myon Bak (o‘) bilan so‘zlashmoqda, Seul, 2010 yilning 11 fevrali

Janubiy Koreya prezidenti O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov taklifiga ko‘ra 23-24 avgust kunlari Toshkentga keladi.

Janubiy Koreya axborot agentliklarining xabariga ko‘ra, tashrif chog‘ida ikki davlat rahbarlari O‘zbekiston-Koreya o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash hamda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar bilan bog‘liq masalalarni muhokama etishlari rejalangan. Tashrif chog‘ida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga oid hujjatlar imzolanishi kutilmoqda

Janubiy Koreya prezidentining tashrif kun tartibida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya qo‘mitasi yig‘ilishida qatnashish, yig‘ilish so‘ngida esa tibbiyot va yengil sanoat sohalarida hamkorlikni kengaytirishga oid hujjat imzolash kabilar bor.

Janubiy Koreya O‘zbekiston iqtisodiga katta sarmoya yotqizgan davlatlardan biri hisoblanadi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda Janubiy Koreya O‘zbekiston iqtisodiyotiga 5 milliard AQSh dollaridan ortiq mablag‘ yotqizgan. Shu kunga qadar bu mablag‘ning 2 millard dollari o‘zlashtirilgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra¸ 2010 yilda O‘zbekiston-Koreya o‘rtasidagi savdo aylanmasi 31¸4 foizga ko‘payib, 1¸6 milliard dollarga yetgan.

Uzinform axborot portali xabariga ko‘ra, 2011 yilning yanvar-iyun oylarida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 36,6 foizga ko‘paygan va 780 million AQSh dollarini tashkil qilgan.

Buning 81 million dollarini eksport, 699 million dollarini import tashkil qilgan.

O‘zbekistonda Janubiy Koreya kapitali hisobiga 350 dan ortiq shirkat tashkil etilgan.

Navoiyda barpo etilgan erkin iqtisodiy hududdagi shirkatlarning aksari ham Janubiy Koreya sarmoyasi asosida ishlamoqda.

Ayni paytda Janubiy Koreyada ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni yil sayin ko‘paymoqda.

Janubiy Koreya prezidenti Li Myon Bak oxirgi marta O‘zbekistonga 2009 yil may oyida tashrif buyurgandi.

2010 yil fevralida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Janubiy Koreyaga davlat tashrifi bilan borgan. O‘shanda prezident Karimov hamkasbi Li Myon Bakni O‘zbekistonga taklif qilgan.

Janubiy Koreya prezidenti O‘zbekistonga 23–24 avgust kungi tashrifidan keyin Qozog‘iston va Mo‘g‘ilistonga safar qilishni rejalagan.
XS
SM
MD
LG